Raisiy: Tehron MAGATE tekshiruvini rad etmaydi
Eron MAGATE tekshiruvini inkor etmaydi, biroq ayrim inspektorlar faoliyatini Tehron ishonchini suiiste’mol qilishga qaratsa, u holda ular mamlakatdan chiqarib yuboriladi, dedi Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy.
– Eron MAGATE tekshiruvini butunlay rad etayotgani yo‘q, – dedi Raisiy. – Biz bu tashkilot bilan yaxshi hamkorlik qilyapmiz. Bildirilgan ishonchni suiiste’mol qilgan xodimlarga nisbatan esa alohida chora ko‘ramiz. Ayrim inpektorlar ishonchimizni oqlamasa, mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Shubha tug‘dirmagan mutaxassislar esa faoliyatini davom ettiraveradi.
Avvalroq MAGATE Erondagi atom ob’ektlarida tekshiruv olib borayotgan agentlikning bir necha xodimiga berilgan akkreditatsiya qaytarib olinganini ma’lum qilgan edi. Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Nosir Qonuniy bayonot berishicha, Tehron Yadro qurolini tarqatmaslik shartnomasi kafolati haqidagi bitimning 9-bandiga asoslanib, MAGATE inspektorlariga berilgan akkreditatsiyani qaytarib olish huquqiga ega.