Rahbar va yoshlar uchrashuvi natijalarga boy bo‘ldi
Yoshlar kuni munosabati bilan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning Toshkent davlat yuridik universiteti bitiruvchi talabalari bilan ochiq muloqoti o‘tkazildi.
Unda tuman va shahar hokimi o‘rinbosarlari, tegishli soha rahbarlari, huquq-tartibot idoralari mas’ullari, bank-moliya muassasalari vakillari hamda viloyatdan kelib tahsil olayotgan bitiruvchi talabalar ishtirok etdi. Ma’lum qilinishicha, joriy yilda Toshkent viloyatidan 125 nafar talaba mazkur oliygohni tamomlamoqda. Ularning bandlik holati tahlil qilinganda, 21 nafari davlat va xususiy sektorda rasman ish bilan ta’minlangani, 13 nafari o‘zini-o‘zi band qilgani, 91 nafari esa hozircha ish bilan ta’minlanmagani aniqlangan.


Uchrashuvda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash masalasi asosiy e’tibor markazida bo‘ldi. Qayd etilganidek, hududdagi tuman va shaharlarda Davlat xizmatlari markazlari, FHDYO va adliya bo‘limlari uchun zamonaviy binolar barpo etilgan. Shuningdek, hududda 469 ta xususiy advokatura tuzilmalari hamda 86 ta xususiy notarial idoralar faoliyat yuritmoqda.


Hozir viloyatda yuridik soha va huquq-tartibot tizimida jami 197 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud. Jumladan, Adliya tizimida 5 ta, Prokuratura tizimida 1 ta, Majburiy ijro byurosida 55 ta, Ichki ishlar organlarida 78 ta (24 ta tergovchi, 42 ta profilaktika inspektori va 12 ta probatsiya inspektori) vakant o‘rinlar mavjud. Bundan tashqari, ARGOS elektron platformasida korxona va tashkilotlarda 52 ta yurist lavozimi ochiq.


Bitiruvchilar bandligini ta’minlash maqsadida tuman va shahar hokimliklari tomonidan talabalar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularning 28 nafariga ishga joylashish bo‘yicha kafolatlangan sertifikatlar topshirildi. Uchrashuv davomida yosh mutaxassislarning kelgusidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularni bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish hamda hududlarda malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish yuzasidan muhim vazifalar belgilab olindi.


Muloqot yakunida universitet bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
A.Musayev, O‘zA