“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi amaliy yechimlarga maydon bo‘ldi
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida bitiruvchi talabalar bandligini ta’minlashga bag‘ishlangan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Unda barcha tuman va shahar hokimlari, viloyat boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, bank-moliya muassasalari mas’ullari hamda universitet rahbariyati ishtirok etdi. Ochiq va samimiy muloqot ruhida kechgan uchrashuvda viloyat hokimi bitiruvchi yoshlarni samimiy tabriklab, ularning kelgusi faoliyatida ulkan zafarlar tiladi.


Shu bilan birga, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning bilim va salohiyatidan samarali foydalanish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida ta’kidlandi. Ayni vaqtda Milliy universitetda Toshkent viloyatidan 1 ming 289 nafar bitiruvchi tahsil olmoqda. Shundan 1 ming 200 nafari bakalavriat, 89 nafari magistratura bosqichida. Toshkent davlat texnika universitetida esa 1 ming 195 nafar bitiruvchi viloyatimiz talabalari sanaladi. Shundan, 1 ming 71 nafari bakalavr, 124 nafari magistratura mutaxassisligida ta’lim olmoqda.


Uchrashuv davomida talabalar bandlik, tadbirkorlikni rivojlantirish, imtiyozli kreditlar, yangi ish o‘rinlari yaratish kabi masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Mas’ullar tomonidan har bir murojaatga aniq va amaliy javoblar berildi. Ayrim bitiruvchilar esa shu joyning o‘zida tegishli rahbarlarga biriktirilib, ularni ishga joylashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.


Ma’lumki, joriy yil mart oyida davlat muassasalari va yirik korxonalar ishtirokida “Mehnat yarmarka”lari tashkil etilgan edi. Buning natijasida 149 nafar bitiruvchining rasmiy bandligi ta’minlangan. Shuningdek, bugungi kunga qadar tuman va shahar hokimlari tomonidan talabalar bilan individual suhbatlar o‘tkazilib, 118 nafar bitiruvchining oliy ta’lim muassasasini tamomlashi bilan ishga joylashishi kafolatlangan.


Uchrashuv yakunida o‘z soha mutaxassisligi bo‘yicha viloyat tashkilot rahbarlari, tuman va shahar hokimlari tomonidan ishga qabul qilish yuzasidan kafolatlangan sertifikatlar o‘z egalariga topshirildi. Shuningdek, Toshkent viloyati hokimligi hamda oliygoh rahbariyati o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Memorandum imzolandi. Mazkur uchrashuvlar nafaqat muloqot, balki aniq natijalarga yo‘naltirilgan amaliy qadamlar maydoniga aylandi.
A.Musayev,O‘zA.