«Rahbar ayollar maktabi»ning yangi mavsumi o‘quv kursi boshlandi
Davlatimiz rahbarining «Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga binoan Milliy kadrlar zaxirasidan rahbarlik lavozimlariga nomzodlarni tavsiya etishda xotin-qizlarning ulushini inobatga olish tizimi joriy etildi.
Farmon bilan «Rahbar ayollar maktabi» o‘quv dasturi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Dastur doirasida 100 nafar yosh rahbar ayollar o‘qitildi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmatidan xabar berishlaricha, o‘quvning joriy yilgi mavsumi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, vazirlik va idoralar hamda hududiy hokimliklar hamkorligida tashkil etildi.

Dastlab 293 nafar davlat va jamiyatning turli sohalarida faol bo‘lgan xotin-qizlar ro‘yxati shakllantirildi. Ularning ijtimoiy-siyosiy bilim darajasi hamda shaxsiy va kasbiy fazilatlarini aniqlashga yo‘naltirilgan test sinovi hamda suhbat tashkil etildi. Natijada 50 nafar nomzod yangi mavsum o‘quvlari uchun tavsiya etildi.
Tadbirda sohada xotin-qizlar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning salmog‘ini oshirish, mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va faoliyatini rag‘batlantirish kabi masalalarga urg‘u berildi.
Yangi mavsum «Rahbar ayollar maktabi» o‘quv kursi rejasi 12 haftaga mo‘ljallangan bo‘lib, auditoriya mashg‘ulotlari, mahorat darslari, masofaviy ta’lim (onlayn), mahalliy stajirovka (dublyorlik), attestatsiya (Esse yoki test shaklida), loyiha ishini tayyorlash va uni himoya qilish bosqichlarini o‘z ichiga oladi.
Dastur yakuni bo‘yicha o‘quvlarni muvaffaqiyatli tamomlagan xotin-qizlarni xorijiy davlatlarning nufuzli universitetlari, ilmiy markazlari va kompaniyalarida malaka oshirishini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tinglovchilar Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi va davlat fuqarolik xizmatidagi yuqori turuvchi lavozimlarga tavsiya etib boriladi.
N.Abduraimova, O‘zA