Rag‘bat – muvaffaqiyatga kafolat
Qadimdan milliy hunarmandlik san’atining yirik markazlaridan bo‘lib kelgan Farg‘ona viloyatida ushbu soha mustaqillik yillarida yanada rivojlanib, hunarmandlar safi tobora kengayib bormoqda.
Qadimdan milliy hunarmandlik san’atining yirik markazlaridan bo‘lib kelgan Farg‘ona viloyatida ushbu soha mustaqillik yillarida yanada rivojlanib, hunarmandlar safi tobora kengayib bormoqda.Prezidentimizning 2010-yil 30-martdagi “Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’atini rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.
Rishton tumani Jaloyir qishlog‘ida istiqomat qiluvchi kulol-musavvir Tohir Haydarov mohir ustalardan. U nozik va betakror naqshlari bilan dovrug‘ qozongan Rishton kulolchilik maktabini yangi, noyob asarlari bilan yanada boyitdi.
– Har bir hunarmandlik buyumi mehr mahsulidir, – deydi usta. – Ba’zan birgina asar yaratish oylab vaqt talab etadi. Har bir asar o‘zining nafisligi, qahramon tabiatiga uyg‘unligi, voqeaband xarakteri bilan ajralib turishi kerak. Hunarning murakkabligi ham shunda. Mamlakatimizda milliy hunarmandchilik an’analarini rivojlantirish, yoshlarga o‘rgatish uchun keng sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Ish boshlayman, desangiz, bank krediti naqd, xaridor tayin. Davlatimiz tomonidan berilgan imtiyozlardan foydalanib, Beshkapa shaharchasida yangi muzey va ustaxona barpo etmoqdamiz. Kulolchilik maktabini tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Usta ijodiga mansub sopol buyumlarning igna bilan chizilgan betakror naqshu suratlari har qanday kishini hayratga soladi. Tohir aka o‘z asarlaridan iborat uy muzeyi tashkil etgan. Bu yerdagi Alisher Navoiy va Bobur Mirzo asarlariga nozik chizgilar bilan ishlangan miniatyuralar, murakkab va nafis naqshlar, tabiat manzaralari aks etgan turli hajm va ko‘rinishdagi serjilo idishlar kishi qalbiga zavq bag‘ishlaydi.
“Ustoz-shogird” an’analarini munosib davom ettirib kelayotgan usta 30 ga yaqin shogirdiga ushbu hunar sirlarini o‘rgatmoqda. Ayni paytda u mamlakat va xalqaro miqyosdagi turli ko‘rgazma va ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan hunarmand o‘z mahsulotini eksport qilish orqali milliy merosimizni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish ishiga ham munosib hissa qo‘shmoqda. Usta-kulol boy tariximiz, milliy madaniy qadriyatlarimizdan bo‘lgan kulolchilikni yanada rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun 2011-yilda Prezidentimiz farmoniga muvofiq, “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Muxtasar aytganda, mamlakatimizda yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlar bobomeros bo‘lib kelayotgan ko‘hna hunar sirlarini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.