Markaziy Osiyo – “beshlik”dan “oltilik”ka: mintaqaviy hamkorlik qaysi bosqichga chiqmoqda?
Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari so‘nggi sakkiz yilda mintaqaning o‘z muammolarini tashqi vositachilarsiz muhokama qiladigan asosiy siyosiy maydoniga aylandi. 2018-yil Ostonada boshlangan jarayon 2025-yil noyabr oyida Toshkentda o‘tkazilgan yettinchi uchrashuvda yangi bosqichga chiqdi – Ozarbayjon formatda to‘laqonli ishtirok etuvchiga aylandi. Shu tariqa avvalgi “beshlik” geografik jihatdan kengayib, Kaspiy orqali Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan bog‘langan yangi makonni shakllantira boshladi.
Bugun mintaqaning ichki savdosi o‘smoqda, chegara masalalarida muhim kelishuvlarga erishildi, transport va energetika loyihalari ko‘paymoqda. Format oldida hal qilinishi kerak bo‘lgan jiddiy masalalar ham bor: institutsional mexanizmlarning zaifligi, qarorlar ijrosi bilan deklaratsiyalar o‘rtasidagi tafovut, suv-energetika masalalari, tashqi kuchlar raqobati va ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi “kooperativ raqobat”.
Shu jarayonlarning Markaziy Osiyo kelajagi uchun ahamiyati, O‘zbekistonning mintaqadagi roli va Turkmaniston sammiti istiqboli haqida siyosiy fanlar doktori, professor Sayfiddin Jo‘rayev bilan suhbatlashdik.
– Sayfiddin aka, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari sakkiz yil ichida katta yo‘lni bosib o‘tdi. Bugun bu formatni mintaqaviy hamkorlikning qanday mexanizmi sifatida baholash mumkin?
– Bugungi natijalar shuni ko‘rsatadiki, Maslahat uchrashuvlari Markaziy Osiyoda ichki siyosiy muloqotni qayta tiklash va muntazam mexanizmga aylantirish vazifasini bajardi. 2018-2025-yillar davomida yetti uchrashuv o‘tkazildi. Eng muhimi, pandemiya, Rossiya va Ukraina urushi, Afg‘onistondagi vaziyat o‘zgarishi kabi tashqi talvasalarga qaramay, format to‘xtab qolmadi.
Dastlabki bosqichda asosiy maqsad ishonchni tiklash edi. Keyinchalik huquqiy kelishuvlar, sektorlararo hamkorlik, transport, suv-energetika va “yashil” kun tartibiga o‘tildi. 2025-yil Toshkentda o‘tkazilgan uchrashuvda Ozarbayjon to‘laqonli ishtirokchiga aylanishi esa formatning geografik va iqtisodiy imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
Menimcha, eng katta natija – mintaqaning tashqi kuchlar ishtirokidagi formatlarda faqat alohida davlatlar sifatida emas, tobora ko‘proq yaxlit mintaqaviy sub’ekt sifatida namoyon bo‘layotganidir. Bugun Markaziy Osiyo AQSH, Xitoy, Rossiya, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Hindiston, Janubiy Koreya va Fors ko‘rfazi davlatlari bilan “Markaziy Osiyo+” formatlarida muloqot yo‘lga qo‘yilgan.
– Format kuchayishiga qaramay, institutsional imkoniyati cheklanganmi?

– Ha, bu jiddiy muammo. Hozirgi formatning doimiy kotibiyati, alohida byudjeti va qabul qilingan qarorlarni majburiy ijro ettirish mexanizmi yo‘q. Hujjatlar asosan konsensusga tayanadi, ijroni milliy koordinatorlar kuzatadi. Shu bois deklaratsiya bilan amaliy natija o‘rtasida tafovut paydo bo‘ladi.
Bu ayniqsa savdo, tranzit va texnik to‘siqlarda seziladi. Davlatlar o‘zaro savdoni rivojlantirish, transport tariflarini uyg‘unlashtirish va chegaradan o‘tishni soddalashtirish bo‘yicha maqsadlarni belgilayotgan bo‘lsa-da, sanitariya va fitosanitariya nazorati, chegaralardagi navbatlar, texnik reglamentlar o‘rtasida farq kabi masalalar hali biznes uchun to‘siq bo‘lib qolmoqda.
Shuning uchun formatni kuchaytirish deganda darhol ustnatsional tuzilma yaratishni nazarda tutish shart emas. Aksincha, bosqichma-bosqich institutsionallashuv maqbul. Masalan, avval raislik qilayotgan davlat huzurida rotatsiya asosida ishlaydigan muvofiqlashtiruvchi markaz va yagona monitoring tizimini joriy etish, keyin esa doimiy kotibiyat masalasini ko‘rib chiqish mumkin.
– Ozarbayjon formatga qo‘shilishi qanday o‘zgarishga olib keladi? Endi “Markaziy Osiyo beshligi” atamasi mazmunan eskirdimi?
– Ozarbayjon to‘laqonli ishtirokchiga aylanishi format geografiyasini sezilarli o‘zgartirdi. Ilgarigi beshlik asosan Markaziy Osiyo doirasidagi hamkorlikka tayangan bo‘lsa, endi Kaspiy orqali Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish imkoniyati paydo bo‘ldi. Shu ma’noda “Transkaspiy oltiligi” modeli ehtimoliy ssenariy sifatida ko‘riladi.
Bu avvalo transport va energetikada keng imkoniyat ochadi. O‘rta yo‘lak, Kaspiy – Qora dengiz – Yevropa “yashil” energetika koridori, Ozarbayjon – Qozog‘iston – O‘zbekistonning “yashil” energetika bo‘yicha hamkorligi kabi loyihalar olti davlat iqtisodiy manfaatini bir nuqtada tutashtiradi.
– O‘zbekistonning mintaqadagi siyosati dokladda “strategik moslashuvchanlik” sifatida baholangan. Bu yondashuv mamlakatga nima beradi va muayyan chegara qayerda?
– 2016-yildan keyin O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan munosabatda kelishuvga tayyorligi sezilarli darajada kuchaydi. Chegaralarni belgilash, suv-energetika masalalari, transport aloqalarini tiklash va iqtisodiy hamkorlikda Toshkent ko‘p hollarda birinchi qadamni tashladi. Buni “yon berish” emas, strategik moslashuvchanlik, deya baholash to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, bunday siyosat barqarorlik, bozorlarga chiqish va uzoq muddatli manfaatga xizmat qiladi.
Bu siyosat qo‘shnilar tomonidan asosan ijobiy qabul qilinmoqda. Qozog‘iston O‘zbekistonning moslashuvchanligini ittifoqchilik munosabati asosi sifatida ko‘rmoqda. Qirg‘iziston bilan chegara masalalaridagi kelishuv, Tojikiston bilan munosabat yaxshilanishi va Turkmaniston bilan Amudaryo hamda tranzit masalalaridagi hamkorlik ham shunday yondashuv natijasidir.
– Turkmaniston sammitidan nima kutish mumkin? Bu uchrashuv oldingi sammitlardan nimasi bilan farq qiladi?
– Turkmanistondagi sakkizinchi Maslahat uchrashuvi birinchi marta Ozarbayjon to‘laqonli ishtirokchi sifatida qatnashgan sammit. Shuning uchun asosiy ahamiyat – “beshlik”dan “oltilik”ka o‘tish jarayonini amaliy mazmun bilan to‘ldirish. Kun tartibida energetika, transport, Kaspiy, suv va Orol masalalari bor. Turkmaniston gaz yo‘nalishi, TAPI, Transkaspiy gaz quvuri va Kaspiy infratuzilmasiga urg‘u beradi. O‘zbekiston uchun esa transport yo‘laklari, suv-energetika muvozanati va Afg‘oniston bilan bog‘liq masalalar alohida ahamiyatga ega.
Fikrimcha, asosiysi – qo‘shma bayonot, transport va energetika bo‘yicha sohaviy hujjatlar hamda amaldagi yo‘l xaritalarini bajarish choralari ma’qullanishi. Turkmanistonning betaraflik siyosati va ustnatsional majburiyatga ehtiyotkor munosabati tufayli sammitda keskin institutsional burilish ehtimoli yuqori emas. Eng real natija – “oltilik” modelini mustahkamlash va Kaspiy atrofidagi amaliy loyihalarni ilgari surish.
Musulmon Ziyo suhbatlashdi. O‘zA