Quyoshliq istasang, kasbi kamol et
Namangan muhandislik-texnologiya institutida o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandasi, ulug‘ mutafakkir alloma, she’riyat mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy tavallidiga 581 yil to‘lishi munosabati bilan viloyat namunali “Maqom” ansanbli, viloyat musiqali dramma va komedia teatri, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, Usmon Nosir nomidagi nashriyot hamda Davlatobot tumani madaniyat bo‘limi hamkorligida “Hazrat Navoiyni yod aylab...” mavzuida nazm va navo kechasi tashkil etildi.
Tadbirda Navoiy hazratlarining boy ijodiy merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib qilish har birimizning muhim vazifamiz ekanligi ta’kidlandi.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy o‘z davrida yoshlarga murojaat qilib, “Quyoshliq istasang, kasbi kamol et”, deb yozganlar. Chindan ham, odamlarga quyoshdek beminnat nur taratishni, yaxshilik qilishni istaydigan inson, kamolotga intilib, turli ilm va kasb-hunarlarni o‘zlashtirishi lozim.

O‘sib kelayotgan yoshlar Imom Buxoriy, Muhammad Muso Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu nasr Forobiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalarga munosib vorislar sifatida o‘zlikni anglashi lozim. Binobarin, katta hayotga qadam qo‘yish arafasidagi yoshlar o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, bunga yetishish uchun “oltin”ga teng vaqtlarini telefon yo internetga emas, ilmu ma’rifatga, kitob o‘qishga sarflashi zarur.
Aetyorlar tomonidan Navoiy siymosi gavdalantirilib, g‘azallardan parchalar o‘qildi. “Maqom” ansanbli xonandalari va sozandalaridan iborat ijodiy guruh Navoiy g‘azallariga bastalangan mumtoz qo‘shiqlarni ijro etdi.
Iqtidorli talaba-yoshlar o‘z sahna ko‘rinishlari orqali mazkur kechaga yanada fayz kiritdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari va Usmon Nosir nashriyoti vakillari oliy ta’lim muassasasi bilan bu boradagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘lami kengaytirilayotgani tufayli samarali natijalar ko‘rinayotgani, yoshlarni badiiy adabiyotga qiziqishi ortib borayotganini e’tirof etdi.

Ulug‘ alloma tavalludiga bag‘ishlangan bunday tadbir va uchrashuvlar, nazm-navo kechalari Namangan viloyatining boshqa ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari, mahallalarda ham davom etmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA