Quyosh panellarini o‘rnatish masalasi muhokama qilindi
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida kam ta’minlangan aholi xonadonlariga davlat subsidiyasi asosida quyosh panellarini o‘rnatishni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Shu munosabat bilan partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidagi asosiy masala — Mahallalarda kam ta’minlangan aholi xonadonlariga davlat subsidiyasi asosida quyosh panellari o‘rnatilishi muhokama qilindi. Mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi mutaxassisi Dauletnazar Qurbanazarov ma’ruza qilib, subsidiya dasturining amalga oshirilishi, xonadonlarni tanlash mezonlari hamda bugungi kunda olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda aholini arzon va barqaror energiya bilan ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish hamda kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Ayniqsa, mahallalarda kam ta’minlangan aholi xonadonlariga davlat subsidiyasi asosida quyosh panellarini o‘rnatish ishlarining holatini deputatlik nazorati tartibida o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu orqali mazkur dastur ijrosini xolis baholash, ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanilayotganini tahlil qilish, subsidiyalarning haqiqatan ehtiyojmand oilalarga yetib borishi hamda o‘rnatilayotgan quyosh panellarining sifati va samaradorligini nazorat qilish imkoniyati yaratiladi.
Yig‘ilishda “Hududiy elektr tarmoqlari” Energosavdo filiali Qoraqalpog‘iston bo‘linmasi qayta tiklanuvchi energiya manbalarining hisobini yuritish bo‘limi boshlig‘i Madiyar Smaylov o‘rnatilayotgan quyosh panellari bo‘yicha fuqarolar va hududiy elektr korxonalari o‘rtasida shartnomalar tuzish tartibi, elektr tarmoqlariga ulanish jarayonlari hamda amaldagi mexanizmlar yuzasidan axborot berdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha loyiha ofisidan mas’ul Aziz Medegenov respublikada energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish hamda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’ruza qildi.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar asosida dastur ijrosini yanada takomillashtirish, davlat subsidiyalarining manzilliligi va shaffofligini ta’minlash hamda deputatlik nazoratini kuchaytirish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Partiya fraksiyasi tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlar ustidan tizimli deputatlik nazorati bundan buyon ham izchil davom etadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri