Quyosh panellari sinovi uchun zamonaviy laboratoriya tashkil etiladi
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida Koreya Respublikasining Energetika texnologiyalarini baholash va rejalashtirish instituti (KETEP) hamda Koreya sinov laboratoriyasi (KCL) vakillari ishtirokida quyosh fotoelektr panellarini sinovdan o‘tkazish laboratoriyasini tashkil etish loyihasi muhokama qilindi.
Mazkur tashabbus Koreya Respublikasi Hukumati granti asosida 2026–2029-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya sohasining texnik infratuzilmasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Yangi laboratoriyaning tashkil etilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlanayotgan hamda mamlakatga import qilinayotgan quyosh panellarini xalqaro talablar asosida sinovdan o‘tkazish va baholash imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.
Loyiha doirasida quyosh fotoelektr panellarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha IEC xalqaro стандартларини joriy etish, zamonaviy sinov metodikalarini o‘zlashtirish, yuqori aniqlikdagi laboratoriya uskunalari bilan ta’minlash hamda milliy mutaxassislarning malakasini oshirish ishlari amalga oshiriladi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, ushbu laboratoriyaning tashkil etilishi mamlakatda texnik jihatdan tartibga solish tizimini xalqaro amaliyotlarga muvofiqlashtirish, qayta tiklanuvchi energiya sohasida mahsulotlar sifati va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, milliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyati va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu tariqa, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi mazkur hamkorlik loyihasi «yashil» energetika sohasida zamonaviy sinov infratuzilmasini shakllantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va xalqaro standartlarga mos mahsulotlar ishlab chiqarish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA