Quyosh energetikasi imkoniyatlari
Poytaxtimizda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan O‘zbekistonda quyosh energetikasini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda mas’ul vazirlik hamda idoralar, biznes subyektlari vakillari, olimlar ishtirok etdi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan O‘zbekistonda quyosh energetikasini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda mas’ul vazirlik hamda idoralar, biznes subyektlari vakillari, olimlar ishtirok etdi.O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov va boshqalar energiya resurslaridan samarali va tejamkor foydalanish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror o‘sishi hamda aholi farovonligini ta’minlashning muhim omili ekanini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2015-yil 5-maydagi «2015-2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sig‘imini qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Unda ishlab chiqariladigan mahsulotning energiya sarfini pasaytirish, muqobil energiya manbalarini tezkor rivojlantirish, zamonaviy energiya tejaydigan uskunalar, moslamalar va materiallar turlari ishlab chiqarilishini kengaytirish, yangi binolarni qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilishda energiya samaradorligini ta’minlash ushbu yo‘nalishdagi ishlarning asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan.
O‘zbekiston geografik joylashuvi va iqlim sharoitlari bo‘yicha quyosh energiyasini rivojlantirish uchun o‘ziga xos qulay imkoniyatlarga ega. Yurtimiz yil davomida kuzatiladigan quyoshli kunlar soni bo‘yicha jahondagi ko‘plab mintaqalardan yuqorida turadi. Bundan tashqari, mamlakatimiz salmoqli ilmiy-texnik baza, quyosh energiyasini loyihalashtirish va qo‘llash bo‘yicha katta hajmdagi konstruktorlik va texnologik ishlanmalar, shuningdek, tajriba o‘tkazishga doir yuqori malakali kadrlarga ega.
Mamlakatimizda jismonan va ma’nan eskirgan ishlab chiqarish quvvatlarini zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarga almashtirish, yangi loyihalarni amalga oshirishda muqobil energiya manbalaridan foydalanishni keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shamol, quyosh, gidroenergetika singari muqobil energiya manbalarini rivojlantirish, integratsiyalashgan quyosh-issiqlik elektr stansiyalarini joriy etishni yanada kengaytirish ustida ish olib borilmoqda.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan mazkur yo‘nalishda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda qator anjumanlar, o‘quv-seminarlar tashkil etilib, muqobil energiya manbalari va boshqalarni joriy etish, energiya tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash sohasida ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davra suhbatida muqobil energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish, ilm-fan va biznes vakillari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi.