Quyosh energetikasi: bugungi imkoniyatlar va ertangi mas’uliyat
Quyosh panellari haqida gap ketganda, avvalo, uning qancha elektr energiyasi ishlab chiqarishi, qancha tabiiy gazni tejashi yoki atmosferaga chiqariladigan zararli gazlarni qanchalik kamaytirishi haqida o‘ylaymiz. Ammo bugun o‘rnatilayotgan har bir quyosh paneli bilan birga kelajak uchun yana bir savol ham paydo bo‘lmoqda: 25-30 yildan keyin bu panellar bilan nima qilamiz?
Bir qarashda bu uzoq kelajak masalasidek tuyuladi. Aslida esa uning javobi bugundan shakllanmoqda. Quyosh energetikasining jadal rivojlanishi nafaqat yangi elektr quvvatlarini, balki kelajakda foydalanishdan chiqadigan katta hajmdagi materiallar oqimini ham vujudga keltirmoqda. Bugun elektr energiyasi ishlab chiqarayotgan panel bir necha o‘n yildan so‘ng iqtisodiyotga qaytarilishi mumkin bo‘lgan shisha, alyuminiy, kremniy, mis va kumush manbaiga aylanadi.
Shu nuqtai nazardan, masalani faqat “eski panellarni qayerga tashlaymiz?” degan savol bilan cheklash to‘g‘ri emas. Asosiy savol boshqacha: bugun yaratilayotgan quyosh energetikasi infratuzilmasini ertaga chiqindiga aylantirmasdan, uning tarkibidagi materiallarni qayta iqtisodiy aylanmaga kirita olamizmi? Bu – resurslardan oqilona foydalanish, kelajak xomashyo ta’minoti va quyosh energetikasining haqiqiy barqarorligi masalasidir.
Dunyo mamlakatlari bu savol bilan allaqachon yuzma-yuz kelmoqda. 2024-yil oxiriga kelib jahonda o‘rnatilgan fotoelektrik quvvatlar 2260 GVtdan oshdi, ularning qariyb yarmi so‘nggi uch yil ichida ishga tushirilgan. IRENA va IEA-PVPSning dastlabki global baholashlarida 2050-yilga borib foydalanishdan chiqqan quyosh panellari hajmi 60–78 mln tonnaga yetishi mumkinligi hisoblangan. Keyingi yillarda quyosh energetikasi yanada tez rivojlanayotgani masalaning ko‘lami ortib borishini ko‘rsatmoqda.
Avvalo, bir tushunchaga aniqlik kiritish zarur. Quyosh paneli 25 yil ishlagan kuniyoq chiqindiga aylanmaydi. Ko‘p tilga olinadigan 25–30 yillik muddat odatda, panelning kafolatlangan ish ko‘rsatkichlari yoki loyihaning hisobiy xizmat davri bilan bog‘liq. Modullar vaqt o‘tishi bilan asta-sekin quvvat yo‘qotadi, ammo texnik holati yaxshi bo‘lsa, belgilangan muddatdan keyin ham elektr energiyasi ishlab chiqarishda davom etishi mumkin. Demak, “xizmat muddati tugadi” va “foydalanish uchun yaroqsiz” bir xil tushuncha emas.
Foydalanishdan chiqqan panelning o‘zi ham oddiy chiqindi emas. Zamonaviy kristall kremniyli fotoelektrik modul massasining taxminan 77 foizini shisha, qariyb 10 foizini alyuminiy, 3 foizga yaqinini kremniy tashkil etadi, mis, kumush va qalay kabi metallar ulushi esa bir foizdan ham kam. Ammo materialning massasi bilan uning iqtisodiy qiymati bir narsa emas: ayrim metallar juda oz miqdorda bo‘lsa-da, ularni qayta ajratib olish resurs nuqtai nazaridan muhim.
O‘zbekiston uchun bu masala ayniqsa dolzarb. 2026-yil iyul oyi holatiga mamlakatdagi 15 ta yirik quyosh elektr stansiyasining umumiy quvvati 3930 MVtga yetgan. Ammo mamlakat quyosh energetikasi faqat yirik stansiyalardan iborat emas: Joriy yil aprel oyida aholi, tadbirkorlik sub’ektlari va ijtimoiy ob’ektlarda o‘rnatilgan kichik quvvatli quyosh qurilmalarining umumiy quvvati 2114 MVtni tashkil etgan. Demak, kelajakdagi fotoelektrik modullar oqimini baholashda yirik stansiyalar bilan bir qatorda tarqoq holda o‘rnatilgan kichik tizimlarni ham hisobga olish zarur.
Bugun o‘rnatilayotgan panellarning katta qismi yaqin yillarda chiqindiga aylanmaydi. Ammo hozirgi o‘sish saqlanib qolsa, kelgusi o‘n yilliklarda foydalanishdan chiqadigan modullar oqimi ham ortib boradi. Shuning uchun o‘lkamiz uchun asosiy savol kelajakda qancha panel chiqindiga aylanishida emas, balki ular ommaviy ravishda xizmatdan chiqa boshlamasidan oldin qanday tizim yaratishimizda.
Quyosh panelining hayot sikli oxiriga yetganda uning oldida faqat qayta ishlash yo‘li turmaydi. Texnik holati saqlangan modul qayta foydalanilishi, ta’mirlanishi yoki boshqa sharoitda “ikkinchi hayot” olishi mumkin. Faqat keyingi foydalanish texnik yoki iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘lmagan modullar qayta ishlash bosqichiga o‘tishi kerak. Aylanma iqtisodiyotning maqsadi ham mahsulot va uning tarkibidagi materiallarni iqtisodiy aylanmada imkon qadar uzoq saqlab qolishdan iborat.
Biroq panel tarkibida qimmatli materiallar borligi uni qayta ishlash avtomatik ravishda iqtisodiy foydali bo‘ladi, degani emas. Asosiy massani nisbatan arzon shisha va alyuminiy tashkil etadi, qimmatliroq kremniy, mis va kumush esa kam miqdorda uchraydi. Ularni yuqori tozalikda ajratib olish yig‘ish va qismlarga ajratish murakkab texnologik jarayonlarni talab etadi. Shu bois, bugun sohadagi asosiy muammolardan biri qayta ishlashning iqtisodiy samaradorligidir.
Jahon tajribasi bu yo‘nalishda texnologiyaning qanday tez o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. Fransiyada fotoelektrik panellarni qayta ishlashga ixtisoslashgan dastlabki sanoat liniyalaridan birida materiallarning qariyb 95 foizini ajratib olishga erishilgan: shisha yana shisha sanoatiga, alyuminiy metallurgiyaga, mis esa qayta ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan. Bugun Fransiyaning ROSI korxonasi yana bir bosqichga o‘tib, panellardan yuqori tozalikdagi kremniy, kumush va misni ajratib olish texnologiyalarini sanoat miqyosida qo‘llamoqda. AQSHning First Solar kompaniyasi esa o‘z modullari uchun yopiq aylanmaga yaqin modelni yo‘lga qo‘ygan: qayta ishlash jarayonida modul materiallarining 90 foizdan ortig‘i qayta foydalanish uchun qaytariladi, yarimo‘tkazgich materialning katta qismi esa yangi panellar ishlab chiqarish zanjiriga qayta kiritiladi. Demak, kelajakda raqobat faqat qancha chiqindi qayta ishlangani emas, materialning qiymati qay darajada saqlab qolingani bilan ham belgilanadi.
Shu nuqtai nazardan, foydalanishdan chiqqan modullar kelajakda ikki xil maqomga ega bo‘lishi mumkin: boshqarilishi kerak bo‘lgan chiqindi yoki sanoatga qaytariladigan ikkilamchi xomashyo manbai. Materiallarni shunchaki ajratib olish emas, balki ularni yuqori qiymatli ishlab chiqarish zanjirlariga qayta kiritish muhim. Qaysi yo‘l ustun kelishi texnologiya, infratuzilma va iqtisodiy mexanizmlarga bog‘liq.
O‘zbekiston nimadan boshlashi kerak? Bugunning o‘zida yirik qayta ishlash zavodlarini qurish masalaning yagona yechimi emas. Bunday korxonaning samaradorligi barqaror xomashyo oqimi, logistika xarajatlari, panellarning tarkibi va ajratib olingan materiallarga bo‘lgan talabga bog‘liq. Shuning uchun birinchi qadam zavoddan emas, ma’lumotdan boshlanishi kerak.
Mamlakatda o‘rnatilayotgan fotoelektrik modullarning quvvati va soni bilan birga ularning turi, ishga tushirilgan yili, joylashuvi va kutilayotgan xizmat davri haqidagi ma’lumotlarni tizimli shakllantirish zarur. Bu kelajakda qancha modul, qaysi hududda va qachon foydalanishdan chiqishini baholash, yig‘ish punktlari, logistika yo‘nalishlari va qayta ishlash quvvatlarini ilmiy asosda rejalashtirish imkonini beradi.
Bunda kelajak oqimini o‘rnatilgan quvvatni shunchaki 25 yilga siljitish orqali hisoblab bo‘lmaydi. Panellarning bir qismi uzoqroq ishlaydi, ayrimlari esa shikastlanish, texnik nosozlik, tabiiy ta’sirlar yoki iqtisodiy sabablarga ko‘ra ertaroq almashtirilishi mumkin. Shu bois, prognozlarda degradatsiya, ishdan chiqish ehtimoli, iqlim sharoiti va texnologiyalarning yangilanish sur’ati ham hisobga olinishi zarur.
Mas’uliyat masalasida esa O‘zbekistonni “noldan boshlayapti”, deb bo‘lmaydi. Yirik quyosh elektr stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik va investitsiya loyihalari asosida amalga oshirishda uskunalarni ekspluatatsiyadan chiqarish va utilizatsiya qilish bilan bog‘liq majburiyatlar, asosan, investor yoki loyiha kompaniyasi zimmasiga yuklanadi. Muammoning yangi qismi boshqa joyda: aholi, tadbirkorlar va kichik ob’ektlarda tarqoq holda o‘rnatilayotgan yuz minglab panellar kelajakda kim tomonidan yig‘iladi, texnik holati qanday baholanadi va qayta foydalanish yoki qayta ishlashga qanday yo‘naltiriladi? Demak, asosiy vazifa yirik loyihalar uchun mavjud mexanizmlarni takrorlash emas, balki kichik quyosh qurilmalarini ham qamrab oladigan yagona hisob, yig‘ish va keyingi boshqaruv tizimini shakllantirishdir.
Kelajakdagi muammoni faqat xizmatdan chiqqan panellar bilan ishlash orqali hal etib bo‘lmaydi, albatta. Agar modul konstruksiyasi qismlarga oson ajratiladigan va qimmatli komponentlarni yuqori sifatda qaytarib olish imkonini beradigan tarzda loyihalansa, uning hayot sikli oxiridagi xarajat va ekologik ta’sir kamayadi. Binobarin, kelajak paneli faqat samarali, arzon va uzoq xizmat qiladigan emas, balki keyingi taqdiri ham loyihalash bosqichida hisobga olingan mahsulot bo‘lishi kerak.
Quyosh elektr stansiyasi ishlayotgan vaqtda yoqilg‘i yoqmaydi. Ammo texnologiyaning ekologik barqarorligini faqat shu bosqich bilan baholash yetarli emas. Xomashyo qazib olish, materiallarni qayta ishlash, modul ishlab chiqarish va tashishdan tortib, xizmat muddati tugagandan keyingi jarayonlargacha bo‘lgan butun hayot sikli hisobga olinishi kerak. O‘zbekistonda energetik o‘tishning keyingi bosqichi ham aynan shunday yondashuvni talab etadi.
Shu bois, 25 yil kutish shart emas. Foydalanishdan chiqqan panellar oqimi hali katta hajmga yetmagan bugungi davrda hisob va prognoz tizimini shakllantirish, qayta foydalanish va qayta ishlash mezonlarini belgilash, iqtisodiy maqbul texnologiyalar hamda mas’uliyat mexanizmlarini ishlab chiqish imkoniyati bor. Bu jarayon energetika, sanoat, ekologiya va ilm-fanning alohida vazifalari emas, yagona tizimning tarkibiy qismlari sifatida qaralishi lozim.
Bunda milliy ilmiy salohiyatning o‘rni alohida. Respublikasiz sharoitida panellarning haqiqiy xizmat davri, yuqori harorat, changlanish va boshqa iqlim omillarining degradatsiyaga ta’siri, turli texnologiyalarning ishdan chiqish xususiyatlari, kelajakdagi materiallar oqimi va qayta ishlashning iqtisodiy samaradorligi bo‘yicha o‘z ma’lumotlarimizga tayangan tadqiqotlar zarur. Boshqa davlatlarda olingan natijalarni milliy sharoitni hisobga olmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash har doim ham to‘g‘ri xulosa bermaydi.
Quyosh energetikasining haqiqiy barqarorligi faqat qancha “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarilgani bilan o‘lchanmaydi. Bu yerda yana bir muhim mezon mavjud – texnologiya o‘z vazifasini bajarib bo‘lgandan keyin bizga qanday meros qoldiradi? Aytaylik, yigirma besh yildan keyin bugungi quyosh panellarining bir qismi hali elektr energiyasi ishlab chiqarayotgan, boshqa qismi “ikkinchi hayot” olgan, yana bir qismi esa foydalanishdan chiqqan bo‘ladi. Ularning qay biri chiqindiga, qay biri iqtisodiyot uchun resursga aylanishi esa ko‘p jihatdan bugun qabul qilinayotgan qarorlar bilan belgilanadi.
Nargiza Dalmuradova,
TDTU dotsenti,
texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori