Quyosh elektr panellaridan foydalanish samaralari
Buxoro viloyatidagi tadbirkorlik sub’ektlariga quyosh elektr panellaridan foydalanish afzalliklari sayyor tartibda tushuntirilmoqda.
Viloyat bojxona boshqarmasi mas’ullari va “O‘zneftgazquduqta’mirlash” korxonasi vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuv ham muqobil elektr energiya manbalardan samarali foydalanishga bag‘ishlandi.
Korxona vakillari dastlab bojxona organi xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan muloqot jarayonida yashil energiya tarmog‘idan foydalanishga qiziqish bildirishgan edi. O‘z faoliyatlarida quyosh elektr panellaridan foydalanishga qaror qilgan korxona vakillari qisqa fursat oralig‘ida nafaqat muqobil elektr energiya manbalarini o‘rnatishdi, balki elektr energiya taqchilligiga ijobiy yechim ham topdi.

Bugungi kunda 1 300 kishini doimiy ish bilan ta’minlagan mazkur korxonada uzluksiz elektr ta’minotini ta’minlash maqsadida 304 KWatt quvvatdagi quyosh elektr panellari o‘rnatilib, foydalanishga topshirildi. Hozir 2 700 kv/m yer maydonida o‘rnatilgan muqobil elektr energiya manbalarini kelgusida ko‘paytirish asosiy rejaga kiritilgan.
Shuningdek, bojxonachilar “KNAUF GIPS BUCHARA” MCHJ vakillari bilan muqobil elektr energiya manbalaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan tadbirlar besamar ketmadi. Ayni vaqtda korxonaga 1 006 KVatt quvvatli quyosh elektr panellarini o‘rnatish ishlari yakunlanish arafasida.

–Korxonaning doimiy elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida qiymati 868 ming AQSH dollariga, quvvati esa 1006 kVatt ga teng bo‘lgan 1 900 ta quyosh paneli o‘rnatilmoqda, –deydi Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nurmuhamed Osmanov. –300 kv metr yer maydonida barpo etilayotgan stansiyaning joriy yil yakuniga qadar korxona elektr tarmog‘iga ulanishi rejalashtirilgan. Mazkur loyiha yiliga qariyb 1 728 MVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda.
Viloyatdagi tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Qorako'l Garden teks” MCHJ da quyosh elektr panellarini o‘rnatish ishlari boshlab yuborildi.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullarining tadbirkorlik sub’ektlari bilan bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvlari va targ‘ibot ishlari samarasida yana bir korxona muqobil elektr energiyadan foydalanishni amalga oshirish uchun dastlabki qadamni tashladi.

Xususan, korxonada ishlab chiqarish jarayonida uzluksiz elektr energiyani ta’minlash bilan bog‘liq muammolarga ijobiy yechim sifatida quyosh elektr panellaridan foydalanish yo‘lga qo‘yildi.
Hozir korxonaga olib keltirilgan 45 KWatt/soat quvvatdagi quyosh elektr panellarining bojxona rasmiylashtiruv jarayonlari to‘liq yakunlangan bo‘lib, o‘rnatish ishlari boshlab yuborilgan. Bojxona organi mas’ullari tomonidan korxona vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda qurilmalarning sifatli o‘rnatilishidan tortib, foydalanish tartiblari borasida ham tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri