Quyonchilik: bir yilda 50 million so‘m daromad
Farg‘ona shahridagi "Oqariqobod" mahalla fuqarolar yig‘ini o‘tgan yilda "Obod mahalla" dasturi asosida butunlay yangi qiyofaga kirdi.
bugungi kunda 1 ming 200 nafardan ziyod aholi istiqomat qilayotgan hududda yangi loyihalar amalga oshirilmoqda..
Fuqarolar bandligini ta’minlash maqsadida mahalladagi hokim yordamchisi Iskandar Yunusov tashabbusi bilan quyonchilik kooperatsiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “VODIY FOOD-2020 ” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan loyiha qiymati 2 milliard so‘m bo‘lgan quyonchilik kooperatsiyasi tashkil etilib, 50 ta xonadonga 10 donadan bepul zotdor ona quyonlar yetkazib berildi.
Joriy yil ikkinchi choragida quyonchilikka ixtisoslashgan xonadonlar qamrovini 100 taga yetkazish maqsad qilingan. Oldindan quyonchilik bilan shug‘ullanib kelgan Sherzod Mamajonov ham kooperatsiyadan 10 bosh quyon oldi va endilikda 70-80 bosh quyonni parvarishlamoqda.

– Oilamiz bilan biogomus tayyorlashni ham yo‘lga qo‘yganmiz. Xonadonimizdagi mavjud issiqxonaga yil davomida hosil olish imkoni bo‘lgan qulupnay ekkanmiz. Endi quyonchilikni ham yanada rivojlantirib, yil davomida 50 million so‘mgacha daromad olish imkoniga ega bo‘ldik, – deydi Sherzod Mamajonov. – Mutaxassislarning fikricha, quyon go‘shti tarkibida yog‘ va xolesterin moddasi kamligi bois allergiya, gipertoniya, oshqozon-ichak, me’da, o‘t pufagi, jigar xastaliklarida davo bo‘ladi. Inson organizmida tez hazm bo‘ladi va to‘laqonli oqsil moddasiga ehtiyoji yuqori bo‘lgan maktabgacha yoshdagi bolalar, o‘smirlar, emizikli ayollar va keksa yoshdagilar uchun juda foydalidir.
E’tiborlisi, quyonchilik bilan shug‘ullanishni boshlagan xonadon egalari yil davomida ko‘paygan quyonlarning 20 foizini tadbirkorga qaytaradi, qolgani esa o‘ziniki bo‘lib qoladi. Yiliga 120 tonna quyon go‘shti mahsulotini tayyorlashni reja qilgan kooperatsiya esa yetishtirilgan quyonlarni o‘zi sotib oladi va bu ham aholiga qulaylik yaratadi. Ishlab chiqariladigan quyon go‘shti mahsulotini ichki bozorga hamda xorijiy davlatlarga eksport qilish ko‘zda tutilgan.
M.Sulaymonov, O‘zA