“Quvnoqlar va zukkolar” tanlovining viloyat bosqichi
Farg‘onada “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasidagi “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi yakunlandi.
O‘quvchilarning ijtimoiy-ma’naviy bilimlarini mustahkamlash, iqtidorli yoshlarni aniqlash, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning o‘z iqtidor va salohiyatini namoyish etishiga sharoit yaratish, shuningdek, tanlovning yuqori bosqichlariga tayyorlash maqsadida tashkil etilgan bellashuv qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi.

Viloyatning barcha shahar va tumanlaridagi professional ta’lim muassasalari iqtidorli o‘quvchilaridan iborat jamoalarning har bir chiqishi olqishlar bilan kutib olindi. Bu chiqishlar turli soha vakillaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan xolisona baholab borildi.

Quvnoq va zukko o‘quvchilar jamoalari jamiyatimiz hamda o‘zlari tahsil olayotgan ta’lim muassasasidagi kamchilik va nuqsonlar, yoshlar hayotiga oid muammolar haqidagi hazil, tanqidiy sahna ko‘rinishlarini namoyish etishdi, kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.


Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, Qo‘shtepa tumani 2-son kasb-hunar maktabining “Zamon yoshlari” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. G‘olib va yuqori o‘rinlarga erishgan jamoalar, shuningdek, bir necha nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar viloyat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasining esdalik sovg‘alari, diplomlar bilan taqdirlanishdi. G‘olib jamoaga tanlovning respublika bosqichida omad tilandi.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri