Quvalik va kitoblik dehqonlarning mahorat darslari davom etmoqda
Hududlarda «Yangi O‘zbekiston – yangi hayot» shiori ostida tomorqa daromad manbai mavzusida tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida o‘tkazilgan ana shunday uchrashuvlardan birida O‘zbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Hayitov ham ishtirok etdi. Unda bir guruh rahbarlar tumanidagi Hamid Olimjon MFYda yashovchi Shuhrat Husanov xonadonida bo‘lib, xo‘jalikda piyoz, ismaloq, ko‘katlar, issiqxonasidagi limon parvarishi bilan qiziqishdi. Oilaning har qarich yerdan unumli foydalanish borasidagi tajribasi qo‘shimcha daromad manbai ekanligi, bu tajribani qo‘shnilardan ham ommalashtirish borasida kelishib olindi.

Qayd etish kerakki, tumandagi har bir mahallada yerdan oqilona foydalanib, oilasi to‘kinligini oshirish bilan bir qatorda ichki bozor fayzini oshirishga hissa qo‘shayotgan tomorqachilar topiladi. Ulardan biri Istiqlol MFY yashovchi Abdurashid Ahmedov.
– Do‘stim Rustamjon bilan 70 sotixda pomidor yetishtirdik, – deydi A.Ahmedov. – Tumandagi dehqon bozoriga har kilosini 7 ming so‘mdan yetkazib beryapmiz. Shuningdek, yerning bir qismiga piyoz va bulg‘or qalampiri ko‘chatlari ham ekkanmiz. Bunga ham talabgorlar yetarlicha bor. Har kuni ko‘chatlardan so‘rab keluvchi bor. Shu tariqa tomorqani bo‘sh qoldirmay, qishloq xo‘jaligi ekinlari ekib, hosil olyapmiz.

Seminarda dehqonchilik va bog‘dorchilikka oid ko‘rgazmali seminar ham bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Farg‘ona viloyatining Quva tumanidan kelgan vakillar o‘z tajribasini so‘zlab berdi. Yakkatut MFYdagi «Bahrombek Ixtiyor o‘g‘li» fermer xo‘jaligiga tegishli 3 gektardagi apelsin va limon yetishtirish tajribasi ko‘pchilikni qiziqtirdi.
Qayd etish kerakki, keyingi yillarda Kitob tumanida qishloq xo‘jaligi, dehqon-fermer xo‘jaliklari, xususan, tomorqa xo‘jaligiga bo‘lgan e’tibor va munosabat o‘zgardi. Yil boshida tuman hokimining tashabbusi bilan kitoblik sohibkor-dehqonlar Farg‘ona viloyatiga borib tajriba almashib qaytdi. O‘zaro o‘rnatilgan aloqalar tufayli vodiylik usta bog‘bon va dehqonlar endi Kitob tumaniga kelib, mahorat darslari o‘tdi. Shu tariqa quvalik va kitoblik dehqonlarning tajriba maktabi yaratilsa, ajab emas.