Quvada tadbirkorlar safi kengaymoqda
Fargʻona viloyati Quva tumanida yetishtirilayotgan anorning taʼrifi juda mashhur.
Albatta, mirishkorlikni oʻz siri bor. Eʼtiborli jihati, keyingi yillarda quvaliklar tadbirkorlikda ham oʻziga xos maktab yarata oldi.
Ayni kunlarda tumanda qariyb uch mingga yaqin tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, ularning orasida el hurmatini qozonganlari anchagina.
– Koronavirus pandemiyasi oqibatida 87 ta savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi korxonalarimizda vaqtincha iqtisodiy faollik pasayganligi kuzatildi, – deydi tuman hokimi Ravshanjon Qurbonov. –Sektor rahbarlari tadbirkorlar bilan uchrashib, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlamoqda.
Korxonalarga aylanma mablagʻ uchun kredit ajratish va boshqa turdagi yordamlar hisobiga jonlantirishga erishildi. Jumladan, “Ulugʻ Imron” trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasiga Ipoteka bankining resurs mablagʻlari hisobidan 600 million aylanma mablagʻlari uchun imtiyozli kredit ajratib berildi hamda 120 ta ish oʻrinlari qayta tiklandi.
Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasi davrida tumandagi 8 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlarning 288,8 million soʻmlik byudjetga soliq toʻlov muddatlarini, 83 ta tadbirkorlik subyektlariga 11,1 milliard soʻmlik bank kreditlari muddatlari kechiktirib berildi.
Tadbirkorlar tomonidan istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Tumanda 2020-2021-yilda sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohasidagi investitsiya dasturlari doirasida 303,7 milliard soʻmlik 44 ta loyihalarni ishga tushirish evaziga 1 ming 58 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Hozirda 42 ta loyihalarda qurilish montaj ishlari davom etmoqda, 16 tasi esa ishga tushirildi.
“Salatavia” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan yillik quvvati 10 ming komplekt trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ana shulardan biri. Qishloqdagi yangi tarmoq uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya mablagʻlari hisobidan 200 ming dollar mablagʻ sarflanib, 200 nafar yoshlar ish bilan taʼminlandi. “Chorvador Parpiyev Jamoliddin" dehqon xoʻjaligi 10 milliard soʻm mablagʻ hisobidan chet eldan 200 bosh naslli qoramol olib kelib, chorvachilik faoliyatini tashkil qildi.
“Fargʻonalik tadbirkor-islohotchi” tashabbusi bugun oʻz samarasini bera boshladi. Quva tumanida tadbirkorlar safini kengayib borayotgani va ezgu ishlarga qoʻl urayotgani ham buni koʻrsatib turibdi.

