Quvada atirgullarni nega ayollar payvandlaydi?
Qo‘yliq bozoridan reportaj
Ertalabdan havo aynib, yomg‘ir tomchiladi. Poytaxtimizdagi Qo‘yliq dehqon bozorida ko‘chatlar sotiladigan rastalar xaridorlar bilan gavjum bo‘lmasa-da, dehqonlar savdodan nolishayotgani yo‘q.

Ko‘chat bozoridagi sotuvchilarning 90 foizi quvalik dehqonlar. Bu yerda 18 yoshdan 80 yoshgacha bo‘lgan mirishkor ko‘chatchilarni uchratish mumkin.
– Uyimda 15 sotix tomorqam bor, – deydi Quvaning Tolmozor qishlog‘idan kelgan Ismoil ota Qambarov. – Har yili bahorda o‘zim yetishtirgan ko‘chatlarni poytaxtga olib kelib sotaman. Bu yil 4 ming tup ko‘chat olib keldim. Yiliga ko‘chatdan 6-8 million daromad topaman. Ko‘chat yetishtirishni o‘ziga yarasha mehnatiyu, sarf-xarajati ham bor. Ba’zi xaridorlardan xafa bo‘lib ketaman. 15-20 ming so‘mdan sotilayotgan gilos ko‘chatlarni bir stakan semichkani puliga bering, deb so‘rashadi. Xaridorlarimni qo‘liga ko‘chat tutqazganimdan so‘ng «ko‘karib ketsin», deb niyat qilaman. Poytaxtda ko‘p yillik xaridorlarim bor. Hali birortasidan ko‘chatlaringiz qurib qoldi, degan so‘zni eshitmadim.

Quva shahrining "Narimon" ko‘chasida yashovchi 27 yashar Hasanboy Saidmatov bu yil 6 ming tup ko‘chat olib kelibdi. U egizagi Husanboy bilan tomorqasiga ekkan urug‘lar unib chiqqach, bog‘lardagi mevali daraxtlarning shoxlaridan olib kelib, payvandlar ekan. U sotayotgan ko‘chatlar 3 yoshda.
– Bu yil akam ikkalamiz uylanish uchun astoydil mehnat qilyapmiz, – deydi Hasanboy. – Yoshimiz 27 da. To‘yga atab uncha-muncha pul yig‘ib qo‘ydik. O‘rikning 4 xil, bodomni 2 xil, shaftolini 4 xil navini olib keldik. Havo aynib, yomg‘ir ko‘p yoqqani uchun bozor ancha sust.
– Quvadan olib kelingan ko‘chatlarni bu yerda qanday saqlaysizlar, tomirlari qurib qolmaydimi? Deya bergan savolimizga, Hasanboy; «Qo‘yliq bozori atrofida somon bozor degan mahallada ijarada turamiz. Chuqur kavlab, ko‘chatlarni o‘sha yerga ko‘mib, ustiga tuproq tortib qo‘yamiz, hech qanday zarar ko‘rmay turaveradi, – deya javob berdi.
Quvaning Tolmozor shaharchasidan kelgan Bekzod Dehqonov ikki akasi bilan birga atirgul ko‘chati yetishtirish bilan shug‘ullanar ekan.

– Bu yil 45 ming tup atirgul olib keldim, – deydi Bekzod Dehqonov. – Yarmidan ko‘pini sotib bo‘ldim. Biz atirgulning 20 xil navini yetishtiramiz. Donasini 5 ming so‘mdan sotyapman. Xaridorlar noligani yo‘q. Bir tup atirgulning narxi ba’zi mevali ko‘chatlarning narxiga to‘g‘ri keladi. Sababi, atirgul yetishtirishning mehnatiyam, o‘ziga yarasha xarajatiyam bor. Bu urug‘dan ekib, qalamchasi 40-50 santimetr bo‘lgach, tanasi yorilib, payvandlanadi. Har bir atirgul payvandi uchun bu yil 40 so‘mdan pul to‘ladik. Atirgulni asosan Quvada ayollar payvandlaydi. Chunki bu juda mayda ish bo‘lgani uchun erkaklarning sabri yetmaydi. Ayollar yoshligidan sabrli, hamma narsaga chidamli bo‘ladi. Shu sababli atirgul payvandlashda ularga teng keladigani yo‘q.

– Gullaringizni ichida tez ko‘karadigan yoki injiqrog‘i qaysilar?
– «Roza keyt» atirguli juda tez amal olib, yaxshi gullaydi. «Siogen» degan gulimizni amal olishi qiyinroq, sababi, yer tanlaydi. Uning urug‘ini Qirg‘izistondan olib kelganmiz. Shundanmi, bizni yerlarga moslashishi biroz qiyinroq. Hozir ayniqsa, starlayt, grand gala, limbo, simsalabin, delfin, papilon, balerina, qizil fidja, goluboy nil kabi navlarimiz juda xaridorgir bo‘lib turibdi.

Bozor oralab yurar ekanmiz, rastalar orasida bir qancha ko‘chatlarni epchillik bilan ko‘tarib ketayotgan onaxonning so‘zlarini tingladik.
– Nafaqamni olgandim, shundan 200 ming so‘mini ko‘chatlarga ajratdimu, bozorga keldim, – deydi Yuqori Chirchiq tumanidan kelgan Orzigul aya Usmonova. – Yoshim 78 da. Uch nafar o‘g‘lim bor. Hammasi uyli-joyli, alohida turishadi. To‘ng‘ich o‘g‘limning hovlisida o‘rik yo‘q, unga 2 tup o‘rik oldim, o‘rtancha o‘g‘limning bolalari gilosni yaxshi ko‘rishadi unga gilos, kenjatoyimning tomorqasiga shaftoli va atirgul oldim. Bu ko‘chatlarning mevasini yeyish menga nasib qiladimi-yo‘qmi, bilmadimu, ishqilib yillar o‘tgach, nevaralarim men ekkan daraxtlarning mevasini yeb, rohatlanishsa, shuning savobi yetadi.
Nigora RAHMONOVA, O‘zA