Qutqaruvchilarga zamonaviy texnikalar topshirildi
Inson hayoti va xavfsizligini ta’minlash har qanday davlatning eng ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Yangi O‘zbekistonda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar nafaqat favqulodda vaziyatlarning oldini olish tizimini takomillashtirmoqda, balki qutqaruv xizmatlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning tezkorligi va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Buxoro viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi shaxsiy tarkibiga zamonaviy maxsus hamda yengil xizmat avtomashinalarining topshirilishi ana shu ezgu maqsadlar yo‘lidagi yana bir muhim amaliy qadam bo‘ldi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi, soha faxriylari hamda “Yosh qutqaruvchi” ko‘ngillilar otryadi vakillari ishtirok etishdi.

Marosimda so‘zga chiqqan Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi xalqqa yanada yaqin, ishonchli va zamonaviy boshqaruv tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi tizimga aylanayotganini alohida ta’kidladi.

Qayd etilganidek, qabul qilinayotgan Prezident farmon va qarorlari sohada raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, profilaktika ishlarini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish imkonini bermoqda. Ayniqsa, mahallalarda xizmat olib borayotgan davlat inspektorlari institutining joriy etilishi xavflarni oldindan baholash va ularni bartaraf etishda muhim o‘rin tutmoqda.

Bugungi kunda viloyatdagi 516 ta mahalla xavf darajasiga ko‘ra “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilgan. Ana shu tizim asosida “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalarda muntazam o‘tkazilgan xonadonbay profilaktik o‘rganishlar o‘zining amaliy samarasini berdi. Natijada joriy yilning dastlabki olti oyida yong‘inlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 53 taga kamaydi. Bu esa tizimning asosiy e’tibori oqibatlarni bartaraf etishga emas, balki xavflarning ildizini barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Favqulodda vaziyatlar xizmati infratuzilmasini yanada takomillashtirish maqsadida joriy yilda respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Bu mablag‘lar evaziga boshqarma va uning tarkibiy bo‘linmalarining moddiy-texnika bazasi sezilarli darajada mustahkamlanmoqda.
Bugun Buxoroda zamonaviy sanoat korxonalari, yirik ishlab chiqarish majmualari, ko‘p qavatli binolar, ijtimoiy ob’ektlar barpo etilmoqda. Shu bilan birga, yurtimizning noyob madaniy meros ob’ektlariga tashrif buyurayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlar soni ham yil sayin ortib bormoqda. Bu esa favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yuz bergan holatlarda tezkor harakat qilish uchun yanada zamonaviy texnika va yuqori salohiyatli xizmatni talab etadi.

Ana shunday ehtiyojlardan kelib chiqqan holda, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tasarrufida xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan texnikalar o‘rniga 18 ta yangi maxsus hamda yengil xizmat avtomashinasi ajratildi. Bu davlatimiz rahbari tomonidan inson hayoti, aholi xavfsizligi va qutqaruvchilar mehnatiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Tadbirda so‘zga chiqqan soha faxriylari va yosh qutqaruvchilar mamlakatimizda tizim xodimlariga yaratilayotgan sharoitlar, ularning mehnati munosib qadrlanayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirishdi.
Tantanali marosim so‘nggida zamonaviy maxsus hamda yengil xizmat avtomashinalari kalitlari shaxsiy tarkibga topshirildi. Yangi texnikalar qutqaruvchilarning tezkorligi, harakatchanligi va xizmat samaradorligini yanada oshirib, eng muhimi, insonlar hayoti va mol-mulkini ishonchli muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Xavfsiz jamiyatni barpo etish yo‘lida eng muhim omillardan biri — kuchli, zamonaviy va professional qutqaruv xizmati hisoblanadi. Buxoro viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga topshirilgan yangi avtotransport vositalari shunchaki texnika emas, balki minglab insonlarning hayotini asrash, xavf-xatarlarning oldini olish va yurt tinchligi hamda osoyishtaligini ta’minlashga xizmat qiladigan ishonch, e’tibor va g‘amxo‘rlik ramzidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri