Qutlug‘ mahallasi obod bo‘lmoqda
Andijon viloyatidagi tanlab olingan 4 ta – Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Qizilto‘qay, Jalaquduq tumanidagi Qutlug‘, Bo‘ston tumanidagi Mehnatobod, Izboskan tumanidagi Guliston mahallalarida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla" dasturi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu dastur asosida viloyat hokimligi, Respublika ishchi guruhi, mutasaddi va mas’ul tashkilotlar vakillari tomonidan mahallalardagi qurilish, obodonlashtirish va targ‘ibot ishlari yuzasidan rejalar ishlab chiqilib, amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Jalaquduq tumanidagi Qutlug‘ mahallasida ham keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda.
O‘zbekistonning Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegara hududida joylashgan Qutlug‘ mahallasidagi 800 dan ortiq oilada 2 ming 772 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalla aholisi asosan chorvachilik, dehqonchilik, bog‘dorchilik va uzumchilik ortidan daromad topib, tirikchilik o‘tkazadi.
Mahalladagi har bir xonadon, har bir ko‘chada obodonlashtirish, shuningdek, ichimlik suvi, elektr energiyasi hamda tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotini yaxshilash, aholining turmush farovonligini yuksaltirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar mahalla ahlini behad quvontirmoqda.
– Dastur doirasida mahallada Respublika ishchi guruhi shtabi tashkil etilgan, – deydi “Qutlug‘” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Faxriddin Erqo‘ziyev. – Viloyat, tuman hokimliklari, mutasaddi tashkilotlar vakillaridan tuzilgan Ishchi guruh a’zolari har bir xonadonga kirib, ana shu xonadondagi shart-sharoitlar bilan tanishdi, ular bilan suhbatlar o‘tkazildi. Shuningdek, mahalla ahlini qiynayotgan muammolar o‘rganildi.
O‘rganishlar asosida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilanib, shu kunlarda keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda.
Mahallaning Taraqqiyot, Shirin va Navo ko‘chalaridagi har bir xonadon obodonlashtirilmoqda, ozodaligini saqlash bo‘yicha ishlar bajarilmoqda, devorlar, daraxtlar oqlanib, ko‘chalar, ariqlar tozalanmoqda.
Elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida mahalla hududidagi yog‘och ustunlar temir-beton ustunlarga, mavjud ikkita transformator yuqori kuchlanishligiga almashtirilmoqda, yana ikkita yangi transformator o‘rnatilmoqda, elektr simlar o‘rniga kabellar tortilmoqda.
Mahalla hududidagi 11 kilometr uzunlikdagi yo‘llarni asfaltlash belgilangan bo‘lib, hozir Navo ko‘chasining ma’lum qismi asfaltlandi. Aholining hamjihatligi bilan “Tashabbusli byudjet” onlayn tanlovida ushbu ko‘chaning yana uch kilometr qismini asfaltlash bo‘yicha loyiha g‘olib bo‘ldi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizning eng chekka hududlarida ham katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligidan qalbimiz faxrga to‘ladi, – deydi Qutlug‘ mahallasining Navo ko‘chasida yashovchi, mehnat faxriysi Muhammadjon Mullayev. – Mahallamiz tumanning eng chekka hududlaridan biri hisoblanadi. Lekin bu yerdagi o‘zgarishlar, bunyodkorlik, aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasidagi ishlar bizni behad quvontiradi. Ilohim, mana shunday xayrli ishlar yurtimizda bardavom bo‘lsin.
Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida Taraqqiyot ko‘chasiga 2 kilometr, Navo ko‘chasiga 800 metr masofaga yirik o‘lchamdagi quvurlar yotqizilmoqda, undan har bir xonadonga alohida suv quvurlari tortilmoqda.
Shirin ko‘chasining 400 metr qismiga kredit asosida uzum toklari qurib berilganligi ham ko‘chadagi bo‘sh turgan yerlardan samarali foydalanish, odamlarga qo‘shimcha daromad topish imkonini berdi.
Mahallada odamlarni qiynayotgan muammolarni hal etish, yordamga muhtoj, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida ham keng-ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil boshida mahallaning “Ayollar daftari”ga 79 nafar xotin-qiz kiritilgan bo‘lib, hozirga qadar ularning deyarli barchasiga zarur yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan, 16 nafar ayolga bir martalik yordam puli berildi, yana bir guruh ayollarga subsidiya va kredit mablag‘lari ajratildi. Ular turli yo‘nalishlarda o‘z xonadonida tadbirkorlik faoliyatini boshlash, daromad topish imkoniga ega bo‘ldi.
Mahallaga yaqin hududlarda faoliyat yuritayotgan trikotaj korxonalariga 17 nafar xotin-qiz ishga joylashtirildi. Bundan tashqari, yana bir guruh opa-singillarimizga dehqonchilik qilish uchun 15 sotixdan yer ajratib berildi.
– Xonadonimizga 2 sotix maydonga kredit asosida issiqxona qurib berildi, – deydi mahallaning Shirin ko‘chasida yashovchi To‘lg‘anoy Zulpiyeva. – Erta bahordan bodring, pomidor yetishtirib, sotdik. Ikkinchi bor ekilgan ekinlar hosili ham tugash arafasida. Umuman, issiqxonadan yaxshigina daromad oldik.
“Yoshlar daftari”ga 13 nafar yigit-qiz kiritilgan bo‘lib, hozirga qadar 12 nafar yoshning muammosi ijobiy hal etildi, ular ro‘yxatdan chiqarildi.
– Men Namangan Muhandislik-texnologiya institutida tahsil olaman, – deydi Oybek Abdurasulov. – Mahallamizda ish olib borayotgan yoshlar yetakchisi ko‘magi bilan o‘qish uchun kontrakt to‘lovining bir qismi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘lab berildi. Bundan ota-onam, butun oilamiz behad xursand bo‘ldi.
Mahallaning Taraqqiyot ko‘chasida yashovchi Avazbek Jo‘rayev 2-guruh nogironi, turmush o‘rtog‘i Muhabbatxon fermer xo‘jaligida mehnat qiladi. Ularning ikki nafar qizi bor. Yashash sharoitlari qiyinroq bo‘lgani uchun mahalla raisi, faollarining tashabbusi bilan hashar asosida o‘tgan yili ularning uyi ta’mirlab berilgan edi. Yaqinda tuman hokimligi, saxovatpesha insonlar ko‘magida ushbu oilaning bir qizi bekamu ko‘st qilib turmushga uzatildi.
– Qizimga sovchi kelganida quvongan bo‘lsam, to‘y qilish tashvishi meni o‘ylantirar edi, – deydi M.Jo‘rayeva. – Turmush o‘rtog‘im nogiron bo‘lsa, o‘zim ishlab topgan ozgina mablag‘ bilan to‘yni o‘tkazish tashvishi meni qiynardi.
Allohga beadad shukrlar bo‘lsin, dunyoda yaxshi insonlar ko‘p ekan. Tuman hokimligi, mahalladoshlarimiz ko‘magida to‘yni bekamu ko‘st, juda chiroyli o‘tkazdik. Ko‘makdan, e’tibordan beixtiyor ko‘zlarimdan quvonch yoshlari oqdi. Biz kabi qiyin sharoitda yashayotgan insonlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va ko‘mak uchun avvalo, yurtboshimizga, barcha yaxshi insonlarga mingdan-ming rahmatlar aytaman.
Kimdir uyining ko‘cha deavorlarini oqlayapti, yana kimdir suv ta’minoti korxonasi xodimlariga ko‘mak beryapti, qo‘yingki, kim bo‘sh bo‘lsaki, obodonlashtirish ishlariga hissa qo‘shishga harakat qilmoqda. Bo‘layotgan ishlardan odamlarning ruhi ko‘tarilmoqda, ertangi kunga ishonchi ortmoqda.
Tuman tibbiyot birlashmasi shifokor va hamshiralari, ko‘chaboshilar, mahallaning "Oqila ayollar" harakati faollari birgalikda mahalladagi har bir xonadonga kirilmoqda, ular bilan suhbatlar o‘tkazilmoqda, salomatliklari tekshirilmoqda. Bundan tashqari, aholi vakillari ishtirokida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish, xonadonlar pokizaligi va ozodaligini saqlash, fuqarolarning tibbiy va huquqiy savodxonligi yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari ham o‘tkazilmoqda.
[gallery-13686]
– Hududdagi uch ming nafarga yaqin aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatamiz, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi Yorqishloq bo‘limining Qutlug‘ mahallasidagi tibbiyot punkti potranaj hamshirasi Hamidaxon Yunusova. – Har bir xonadonda bo‘lib, aholi, ayniqsa, keksalar, homiladorlar, yosh onalar, bolalar, nogiron va yakka-yolg‘iz yashovchi fuqarolar holidan tez-tez xabar olamiz, ularning salomatligini nazorat qilib boramiz, zarur tavsiya va maslahatlar beramiz.
Mahalla hududidagi ijtimoiy soha ob’ektlarida ham qurilish-ta’mirlash ishlari qizg‘in olib borilmoqda.
Qutlug‘ mahallasi ikkinchi sektor hududiga qiradi. Shu bois ham, mahalladagi 43- umumta’lim maktabi ikkinchi sektor rahbari, viloyat prokurori Marufxon Xo‘jayev tashabbusi bilan hashar asosida kapital ta’mirlanmoqda.
– Maktabimiz 180 o‘rinli bo‘lib, darslar to‘la qirg‘iz tilida olib boriladi, – deydi maktab direktori Odinaxon Bo‘tayeva. – Maktab binosi ancha yillardan buyon ta’mirlanmagan edi. Bugun maktabimiz binosida viloyat prokurori tashabbusi bilan kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Muxtasar aytganda, “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla" dasturi doirasida olib borilayotgan yuqoridagi kabi ulug‘vor ishlar samarasida yurtimiz, mahalalarimiz obod bo‘lmoqda, xalqimizning turmush tarzi yaxshilanmoqda. Eng muhimi, odamlar o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashamoqda, ularning davlatimizga, ertangi kunga ishonchi mustahkamlanmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuxriddin Umrzoqov (surat), O‘zA