Qut-baraka izlanish va halol mehnatda
Turmush o‘rtog‘i xastalanib qolgach, oilaning moddiy ta’minoti Fotima opaning zimmasiga tushdi. Farzandlarini o‘qitish, oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun yetarli shart-sharoitni yaratish ayol kishi uchun yengil emas, albatta...
Turmush o‘rtog‘i xastalanib qolgach, oilaning moddiy ta’minoti Fotima opaning zimmasiga tushdi. Farzandlarini o‘qitish, oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun yetarli shart-sharoitni yaratish ayol kishi uchun yengil emas, albatta...– Avvaliga tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, ish boshqarish, ko‘pchilikka bosh bo‘lish nihoyatda murakkab tuyuldi, – deydi poytaxtimizdagi “Xosiyatli qut-baraka” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Fotima Ro‘zimamati. – Ishlarni yo‘lga qo‘yib olish uchun “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasiga murojaat qildim. U yerdagi ekspertlar sohaga oid yangiliklar, qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati bilan tanishishimga ko‘maklashib, ish yuritish borasida zarur maslahatlar berdi. Izlanishlarim, mehnatlarim besamar ketmadi.
2012 yili ish boshlagan mazkur korxonada dastavval kuniga 150 litr sut qayta ishlangan bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatkichni qariyb ikki tonnaga yetkazishga erishildi. Ayni paytda 12 kishi ish bilan band korxonada 20 turdagi mahsulot tayyorlanmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli jamiyatda xotin-qizlarning o‘rni va mavqei tobora oshib bormoqda. Bu opa-singillarimizning intellektual hamda ma’naviy rivojlanishi, bilim olishi, zarur kasblarni egallashi, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishini ta’minlash yo‘lida qulay imkoniyatlar yaratilayotgani samarasidir.
Davlatimiz rahbarining 2004-yil 25-maydagi “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazkur yo‘nalishdagi xayrli ishlarning izchil bajarilishini ta’minlashda dasturilamal bo‘layotir.
Ayolning baxti avvalo onalik bilan belgilanadi. Onalik va bolalikni muhofaza qilish Prezidentimiz tashabbusi bilan tibbiy-ijtimoiy sohada olib borilayotgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Yurtboshimiz tashabbusi bilan 2016-yilning mamlakatimizda Sog‘lom ona va bola yili, deb nomlanishi ayni shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Fotima opa ham mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanmoqda. Katta qizi Robiya Toshkent arxitektura-qurilish institutini tamomlagan. Ikkinchi qizi Ramila Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi, o‘g‘li Rustam esa bank kollejida tahsil olmoqda.
– Oilasining tinchligi, xotirjamligini ko‘rish ayol uchun eng katta baxt, – deydi Fotima opa. – Prezidentimiz Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida buni alohida ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining ayollarga sharqona ehtirom va e’zoz ko‘rsatish – biz uchun ota-bobolarimizdan qolgan ibratli meros, biz bunday an’analarimizga doim sodiq bo‘lib yashaymiz, degan so‘zlaridan faxrlanib ketdim. Aminmanki, bunday ehtirom butun mamlakatimiz xotin-qizlarini ruhlantirib yubordi.
Bugun xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan turli loyihalar, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish an’anaga aylandi. Bu kabi sa’y-harakatlar ishbilarmon ayollar safini kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ayniqsa, xotin-qizlar bandligini ta’minlashga xizmat qilayotir.
Fotima opa 2015-yilda o‘tkazilgan “Tadbirkor ayolning eng yaxshi loyihasi” tanlovining mamlakat bosqichida “Ishlab chiqarish sohasidagi eng yaxshi loyiha” yo‘nalishi bo‘yicha sovrindor bo‘ldi. U tanlovda tez tayyor bo‘ladigan ugra mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasi bilan ishtirok etdi. G‘oliblikni qo‘lga kiritgach, tijorat banki tomonidan loyiha uchun ajratilgan 180 ming dollarlik kredit evaziga qisqa fursatda zarur dastgohlarni xarid qildi. Natijada yana o‘n besh kishini ish bilan ta’minladi. Ularning ko‘pchiligi kollej bitiruvchilaridir.
Ertasini o‘ylagan xalq ayol zotiga ehtirom ko‘rsatadi, uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilayotgan ulkan e’tibor tufayli o‘z oilasi, jamiyatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan ayollar safi kengayib borayotir.