Qurollanish poygasi nazoratdan chiqib ketdimi?
Keyingi yillarda dunyo bo‘yicha mudofaa xarajati bunchalik ko‘paymaganda edi, ehtimol yuqoridagi savolga o‘rin bo‘lmasdi. O‘tgan yil tarixda ilk bor qurollanishga qilingan xarajat dunyo bo‘yicha 2 trillion dollardan oshdi. Sayyoramizda tinchlik muammosini o‘rganuvchi Stokgolm xalqaro instituti (SIPRI) yaqinda mavzuga oid hisobotini e’lon qildi. Hujjatda dunyo bo‘yicha qurollanish poygasi yana avj olayotgani, mudofaa xarajati ilk bor ikki trillion dollardan oshgani xavotir bilan qayd etilgan.
Qurollanish poygasi dunyodagi ikki yoki bir necha qudratli davlatning siyosiy qarama-qarshiligi bo‘lib, harbiy jihatdan ustunlikni qo‘lga kiritish maqsadida amalga oshiriladi. Bunday raqobat natijasida har bir tomon yirik qurol-yarog‘ zaxirasini g‘amlab boradi, qurollanish sohasida qarshi tomon bilan muvozanatni saqlash yoki raqibdan o‘zib ketishga harakat qiladi.Qurollanish poygasiga, odatda, sovuq urush davridan qolgan meros sifatida qaralardi. O‘shanda poyga ishtirokchilari, ikki siyosiy лагyerь - Varshava shartnomasiga a’zo mamlakatlar va NATO a’zolari maydonga chiqdi. Qurollanish haddan tashqari serxarajatligiga qaramay, harbiy sohada texnologik jihatdan sezilarli ilmiy kashfiyotlarga ham sabab bo‘ladi.

Poyga qarama-qarshi tomonlar harbiy qudrati nafaqat evolyutsion, balki revolyutsion yo‘l bilan rivojlanishiga olib keldi. Natijada qurolning butunlay yangi turlari yaratildi. Sohani inqilobiy rivojlantirish, ayniqsa, yadro quroli va raketa texnikasini yaratishda yaqqol kuzatildi. Bu o‘z navbatida kosmosda ham qurollanish poygasini boshlab berdi.
Strategik qit’alararo bombardimonchilar va raketalar, tovushdan tez uchuvchi samolyotlar, raketaga qarshi qurollar, uchuvchisiz boshqariladigan josus samolyotlar, josus-yo‘ldoshlar, elektron kuzatuv tizimi, aloqa va shunga o‘xshash ko‘plab texnologiyalar Sovuq urush davridagi qurollanish poygasi mahsuli hisoblanadi. Harbiy ishlanmalar ko‘pchiligi tinch hayotimizda ham foydalanilmoqda. Atom elektr stansiyalari, aloqa yo‘ldoshlari va GPS, qit’alararo reaktiv yo‘lovchi samolyotlar, Internet tarmog‘i va boshqalar shular jumlasidan.
Qurollanish poygasi har doim xalqaro vaziyat keskinlashuvi, beqarorlik, doimiy siyosiy mojaro, yangi turdagi qurollar sinovi, siyosiy masalalar yechimi sifatida harbiy qudratni ishga solish tahdidi bilan kuzatiladigan jarayon. Xayriyatki, sovuq urush turli inqiroz, mahalliy mojarolarga qaramay, hozircha “sovuq”ligicha qolmoqda, qudratli davlatlar ishtirokidagi alangaga aylangani yo‘q.

Qurollanish poygasi davom etyapti, nafaqat davom etyapti, balki avjiga chiqmoqda. “SIPRI” ma’lumotida keltirilishicha, 2021 yil dunyo bo‘yicha mudofaa xarajati 2,1 trillion dollarni tashkil etgan. Bu 2020 yil bilan taqqoslaganda 0,7 foiz ko‘p. Bir qarashda bir foiz ham emas-ku, deb o‘ylash mumkin. Binobarin, ikki trillionning 0,7 foizini tasavvur qilsak, bu juda kichkina raqam emasligini anglaymiz.
Ma’lumki, o‘tgan ikki yil dunyo ahli koronavirus pandemiyasi bilan yashadi. Pandemiya minglab oilaga kulfat keltirish barobarida, dunyo davlatlari iqtisodiyotiga ham jiddiy ta’sir qildi. Ayrim mamlakatlar g‘amlab qo‘ygan milliy zaxirasini pandemiyaga qarshi kurashga, kasallik oqibatini bartaraf qilishga sarflab bo‘lganidan tashqari qarz olishga ham majbur bo‘ldi. Deyarli, hamma sohada tushkunlik hukm surdi. Shunga qaramay, hisobotda, hatto, COVID-19 pandemiyasi iqtisodiy oqibatiga qaramay, dunyo bo‘yicha harbiy sarf oshgani va rekord darajaga yetgani aytilmoqda.

Inflyatsiya tufayli, bir qarashda, o‘sish sur’ati pasaygandek ko‘rinadi. Amalda esa harbiy xarajat 6,1 foiz oshgan”, — deydi “SIPRI” katta ilmiy xodimi Diyego Lopes da Silva.
An’anaviy ravishda armiyaga xarajat qilishda Amerika Qo‘shma shtatlari dunyo yetakchisi hisoblanadi. Pentagon harbiy xarajati boshqa mamlakatlarnikidan sezilarli ravishda ko‘p, ya’ni 801 milliard dollar - dunyoning barcha davlatlari qurollanishga sarflagan jami mablag‘ning 38 foizi.
Yanayam tushunarliroq aytadigan bo‘lsak, ma’lumotlar shundan guvohlik bermoqdaki, AQSH 2021 yili mudofaaga keyingi o‘rinlarda borayotgan to‘qqiz mamlakat mudofaa uchun sarflagan jami puldan ham ko‘p mablag‘ sarflagan bo‘lib chiqadi.

Hisobotda keltirilishicha, 2021 yil armiya byudjeti uchun AQSHdan keyinda borayotgan Xitoy 293, Hindiston 76,6, Buyuk Britaniya 68,4, Rossiya 65,9, Fransiya 56,6, Germaniya 56, Saudiya Arabistoni 55,6, Yaponiya 54,1, Janubiy Koreya 50,2 milliard dollar ajratgan.
Bu borada so‘nggi bir necha yillik o‘sish sur’atini kuzatsak, dunyo mamlakatlari, go‘yo, Uchinchi jahon urushiga tayyorlanayotgandek tasavvur uyg‘onadi. Zero, G‘arbda ham, Sharqda ham poyga avval kuzatilmagan darajada tezlashgan.
Amerika do‘stlari xizmati Qo‘mitasi muvofiqlashtiruvchisi Tori Beytman ta’kidlaganidek, mudofaa xarajatini ko‘paytirish dunyoda xavfsizlik darajasini oshirmaydi, aksincha kundalik muammolarni hal qilish uchun ishlatilishi zarur bo‘lgan resurslar behuda sarflanishiga olib keladi.
Darhaqiqat, insoniyat shunday ham iqlim o‘zgarishidan, ekologiya buzilishidan qattiq aziyat chekmoqda. Insonlarga rizq ulashuvchi serhosil yer yaroqsiz ahvolga kelmoqda. Muzlar erib, sohillarni suv bosmoqda. Insoniyat beqiyos ilmiy kashfiyotlar bilan kechayotgan texnologik inqilobga guvoh bo‘lmoqda. Shuning barobarida hali sayyoramizning ko‘p mintaqalarida ocharchilikka barham bera olgani yo‘q. Shunday bir sharoitda dunyo hukumatlari haddan ortiq miqdorda qurol ishlab chiqarib, yer yuzida doimiy beqarorlik keltirib chiqarayotgani Tori Beytmen aytganidak “haqiqiy sharmandalikdir”.
Saidmurod Rahimov,
O‘zA sharhlovchisi