Qurilishdagi islohotlar: byurokratiyadan shaffoflik sari
Munosabat
Bugungi tez o‘zgarayotgan zamonda davlatning kuch-qudrati nafaqat iqtisodiy raqamlar, balki odamlarning qanday muhitda yashayotgani va ularga yaratilgan qulayliklar bilan o‘lchanadi. Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning bosh g‘oyasi bo‘lgan “Inson qadri uchun” tamoyili ham, avvalo, xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratib berishni ko‘zda tutadi. Bu olijanob maqsadga erishishda esa zamonaviy uy-joylar qurish, shaharlarimizni tizimli rivojlantirish va urbanizatsiya jarayonlari eng muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan qurilish sohasi mutaxassislari, developer va arxitektorlar ishtirokidagi kengaytirilgan yig‘ilish mamlakatimizning yaqin o‘n yillikdagi me’morchilik va shaharsozlik qiyofasini belgilab bergan tarixiy voqelik bo‘ldi. Shuningdek, ushbu muloqot soha oldiga qo‘yilgan vazifalar shunchaki qurilish hajmini oshirish emas, balki aholi farovonligini yuksaltirish, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va kelgusi avlodlar uchun xavfsiz hamda madaniyatli yashash muhitini shakllantirishga qaratilgan konseptual yondashuvdir.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, haqiqatdan so‘nggi yillarda iqtisodiyotimizdagi yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlashda qurilish industriyasi eng asosiy lokomotivlardan biriga aylanib bormoqda. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, so‘nggi to‘qqiz yil ichida sohada misli ko‘rilmagan sifat o‘zgarishlari yuz berdi. 2016-yilda qurilish ishlari hajmi 30 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkichning 314 trillion so‘mga yetgani iqtisodiy qudratimizning 10 baravar oshganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda sohada 10 mingga yaqin yangi korxonalarning tashkil etilishi, 3,5 million aholining bandligi ta’minlangani ijtimoiy barqarorlikning muhim omilidir. Biroq, bugungi davr erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmay, dunyodagi shiddatli o‘zgarishlar, zamonaviy loyiha yechimlari va seysmologik xavfsizlik standartlariga mos ravishda harakat qilishga undamoqda.
Xususan, mamlakatimiz aholisi 38 milliondan oshdi, shaharlashuv darajasi 51 foizga yetdi. Bu ko‘rsatkich shunchaki statistika emas, balki yangi imkoniyatlar demakdir. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, urbanizatsiya darajasining 1 foizga o‘sishi iqtisodiyotning kamida 1 foizga o‘sishiga, investitsiyalar oqimi va mehnat unumdorligining karrasiga ortishiga xizmat qiladi.

Buning uchun esa bizga tizimli yondashuv bosh reja va master rejalar zarur. Hozirgi kunda ayrim hududlarda tadbirkorlarning mablag‘i va xohishi bo‘lsada loyiha hujjatlarining yo‘qligi sababli ishlar to‘xtab qolmoqda. Shu bois joriy yilda byudjet mablag‘lari va tashabbuskor biznes vakillari ishtirokida 200 dan ortiq aholi punktining shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishi belgilandi. Bu hududlarning kompleks rivojlanishi uchun tashlangan muhim qadamdir.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari sohadagi eng og‘riqli nuqta korrupsiya va sansalorlik masalasiga alohida to‘xtaldi. Xususan, tadbirkorning yeriga soliq, kreditiga foiz yozilayotgan bir paytda, loyiha kelishishning oylab cho‘zilishini Prezident keskin tanqid qildi.
Yechim sifatida 1-iyuldan boshlab tizim to‘liq raqamlashtiriladi va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalaniladi. Endilikda yerni xususiylashtirish bo‘yicha arizalarga 5-10 daqiqada javob beriladigan, kommunal tarmoqlarga ulanish uchun yagona ariza bilan murojaat qilinadigan shaffof tizim yaratiladi. Bu sohada yillar davomida ildiz otgan “qo‘lbola boshqaruv” va tanish-bilishchilikka chek qo‘yadi.
Shaharlarimizning eniga kengayishi infratuzilma xarajatlarini 4-5 baravar oshirib, qimmatli ekin yerlarining kamayishiga olib kelmoqda. Shu bois, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan renovatsiya dasturi davlat boshqaruvidagi eng oqilona yechimlardan biridir. Ma’nan eskirgan, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan “barak” tipidagi uylar o‘rnida zamonaviy, energiya tejovchi va barcha ijtimoiy qulayliklarga ega majmualar barpo etish bugungi kunning kechiktirib bo‘lmas vazifasidir.
Albatta, yuqoridagi o‘zgarishlar bilan birgalikda jamoatchilik uchun muhim bo‘lgan qurilishda sifat nazorati masalasi ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Endilikda 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan barcha ob’ektlarning qurilishi onlayn kuzatuv kameralari ostida amalga oshiriladi. Bu nafaqat byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi, balki binolarning mustahkamligi va xavfsizligini kafolatlaydi. Shuningdek, loyihachi va pudratchilarning mas’uliyati KPI tizimi orqali baholanishi sohada sog‘lom raqobatni yuzaga keltiradi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu tizimli islohotlarning bosh maqsadi – Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mustahkamlangan har bir fuqaroning uy-joyli bo‘lish huquqini amalda ta’minlash va inson qadrini ulug‘lashdan iboratdir. Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan yangi yondashuvlar, ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston” massivlarining kengaytirilishi va renovatsiya dasturlarining izchil amalga oshirilishi aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning eng oliy ko‘rinishidir.
Bu jarayonda uy-joy qurilishi shunchaki me’moriy loyiha emas, balki millionlab yurtdoshlarimizning munosib hayot kechirishi, ijtimoiy tenglik va kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlovchi strategik kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA