Qurilishda “tavakkal”ga yo‘l yo‘q yoxud raqamli nazorat nimalarni o‘zgartirmoqda?
Farmon va ijro
Tartib bo‘lmagan joyda xato va kamchiliklar soyadek ergashib yuradi. Hayot haqiqati mana shunday. Ayniqsa, gap minglab odamlar yashaydigan ko‘p qavatli uylar, bog‘chalar yoki muhtasham ijtimoiy ob’ektlar haqida ketganda vaziyatni tasavvur qilish qiyin emas.
Shaharsozlikda yo‘l qo‘yilgan birgina xato yoki tasdiqlangan loyihadan chekinish ham kelajakda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bugungi maqolamizda davlatimiz rahbarining o‘tgan yil 14-aprelda qabul qilingan qurilish sohasida davlat nazoratini samarali tashkil qilishga doir farmoni ijrosi doirasida qilinayotgan ishlarga qisqacha to‘xtalamiz.
Bu hujjat, hech mubolag‘asiz, sohani mutlaqo yangi, shaffof va zamonaviy texnologiyalarga asoslangan tizimga o‘tkazgani bilan tarixiy ahamiyat kasb etdi.
Ayrimlar bu farmonni faqat tor doiradagi mutaxassislar yoki qurilish kompaniyalariga tegishli rasmiy hujjat deb o‘ylashi mumkin. Aslida u har birimizning oilamiz, farzandlarimiz xavfsizligiga bevosita daxldordir. Chunki uy insonning eng katta boyligi, muqaddas qo‘rg‘oni sanaladi. Shunday ekan, u har qanday sinovlarga bardoshli va ishonchli bo‘lishi shart.
Bugungi kunda mazkur hujjat ijrosi doirasida qurilish maydonlarida aniq raqamlar, QR-kodli pasportlar va shaxsiy mas’uliyat tizimi o‘rnatildi.
Bugun ushbu qarorning ma’lum bandlari, sohada nazorat mexanizmlarini takomillashtirish borasida ko‘rilayotgan choralar ijrosiga qisqacha to‘xtalamiz.
Ilgari qurilish inspektorlarining ob’ektlarni aylanib chiqishi, qog‘ozbozlik va inson omiliga tayangan qarorlar ko‘plab tizimli muammolarni yuzaga keltirardi. Ba’zida bino hali to‘liq tugallanmay turib, uning konstruktiv mustahkamligi shubha ostida qolardi.
Endi esa bunday mas’uliyatsizlikka chek qo‘yilmoqda. Yurtimizda davlat byudjeti hisobidan quriladigan, qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan ijtimoiy soha ob’ektlari, ko‘p qavatli uylar, yirik savdo va sanoat korxonalari, mehmonxona va turizm majmualari qurilishi uzluksiz onlayn nazorat kameralari qamroviga olinmoqda.
Prezident farmoniga ko‘ra, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini kuchaytirish, eng muhimi, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bosh mezon etib belgilandi. Qurilish-montaj ishlarining sifati, loyiha hujjatlariga qat’iy muvofiqligi ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatish maqsadida sohadagi inspeksiya mustaqil respublika ijro etuvchi hokimiyat organi sifatida qayta shakllantirildi. Hozirda hududiy inspeksiyalarda bosqichma-bosqich qurilish ob’ektlarini onlayn kuzatish markazlari tashkil etilayotgani tizimning amaldagi ifodasidir.
Keling, ushbu tizimni birgina Xorazm viloyati misolida tahlil qilamiz.
Bugungi kunda hududdagi 100 dan ziyod yirik qurilish ob’ektlari 400 dan ortiq zamonaviy kameralar vositasida tunu kun kuzatib borilmoqda. Eng e’tiborli jihati, bu kameralar oddiy videoyozuv uskunasi emas. Ular sun’iy intellekt tizimiga integratsiya qilingan.
Maxsus dastur qurilish maydonidagi texnik me’yorlardan har qanday chetga chiqishni daqiqalar ichida payqab, markazga xabar yo‘llaydi. Tasavvur qiling, bino qad rostlab bo‘lingandan keyin emas, balki poydevor quyilayotgan jarayonda xato aniqlansa, uni tuzatish qanchalik oson va arzonga tushadi. Bu nafaqat milliardlab davlat mablag‘larini asrab qoladi, balki inshootning umrini uzaytiruvchi asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Sun’iy intellekt nazorati shaffoflikni ta’minlash, inson omilini kamaytirish va tizimda korrupsiya ildizlarini qirqishda eng samarali vositadir.
– Viloyatimizdagi ob’ektlarga o‘rnatilgan kameralar aniqlagan kamchiliklar real vaqt rejimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatiladi, – deydi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasi mutaxassisi Hasanboy O‘rozov. – Xodimlarimiz ushbu ma’lumotlar asosida quruvchiga darhol yozma ko‘rsatma beradi. Muammo joyida bartaraf etiladi. Joriy yilning o‘zida 680 dan ziyod ob’ektda turli nuqsonlar aniqlanib, o‘z vaqtida to‘g‘irlandi. Qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan har bir ob’ekt ro‘yxatdan o‘tishi bilan tizimga ulanadi. Shu yilning 1-avgustiga qadar Xorazmda yana qo‘shimcha 270 ta ob’ektni mana shunday kameralar bilan jihozlashni rejalashtirganmiz.
Bunday yuqori texnologiyalarga asoslangan nazorat tizimi bugun Urganch tumanidagi “Al-Xorazmiy” massivida qad rostlayotgan ko‘p qavatli turar joy majmuasi qurilishida ham muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda. Bu yerda inspektorlar nafaqat kuzatuv markazidan, balki maxsus mobil “bodikamera”lar bilan bevosita ish olib borishmoqda. Natijada har bir g‘isht terilishi, har bir beton quyish jarayoni raqamli tarixga muhrlanyapti.
– Bundan o‘n-o‘n besh yil avval shaharlarimizda besh qavatdan baland uy qurish xuddi imkonsizday tuyulardi, – deydi mehnat faxriysi Bobojon Najmiddinov. – Bugun esa joylarda o‘n olti qavatli, zilzilabardosh, muhtasham inshootlar qad rostlayotgani oddiy holga aylandi. Ammo bunday balandlik quruvchidan ikki hissa mas’uliyat talab qiladi. Yangi tizim davlat, tadbirkor va oddiy xalq manfaatlarini birdek himoya qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Qurilishlar shiddat bilan o‘sishi barobarida davlat va jamoatchilik nazorati ham mana shunday aniq olib borilayotganidan xursandmiz.
Har bir uy, har bir mahalla xavfsiz va mustahkam bo‘lishi shart. Bunyodkorlik madaniyati, soha vakillarining mas’uliyati hamda odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi yangi bosqichga chiqayotgani quvonarli. Endi qurilish maydonlarida faqat aniq hisob-kitob, qat’iy standartlar va raqamli nazorat hukmronlik qiladi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi