Qurilishda davlat nazorati juda muhim
Ayni kunlarda Xorazm viloyat hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi tomonidan kuchaytirilgan reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Bunda xodimlarning xavfsizligi, ob’ektning sifatli qurilishi, materiallarning belgilangan talablar asosida ishlab chiqarilishigacha e’tibor qaratilib, kelgusida kamchiliklar va salbiy holatlarning oldini olish maqsadida ushbu yo‘nalishdagi davlat nazorati yanada kuchaytirilgan.
Hozir Xorazm viloyatining 7 ta tumanida “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo qilinmoqda. Xonqa, Yangiariq, Tuproqqal’a, Qo‘shko‘pir tumanlaridagi massivlarda qurilish ishlari yakuniy bosqichga yetib kelgan bo‘lsa, Hazorasp, Shovot, Urganch tumanlarida bunyodkorlik ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Urganch tumani Qumravot mahallasidagi “Yangi O‘zbekiston” massivi hududidagi qurilish ob’ektlarida qurilish-montaj ishlari ustidan reyd tadbirlari doirasida qurilish-sinov laboratoriyasi mutaxassislari ishtirokida beton sifati ham sinovdan o‘tkazildi. Qurilish ob’ektlarida qator kamchiliklar aniqlandi.
[gallery-27187]
– Aniqlangan to‘rtta holatda ob’ektning tasdiqlangan ishchi loyihasi shaharsozlik norma qoidalari talablariga javob bermaydi, – deydi Xorazm viloyat hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Abror Jumaniyozov. – Olttita holatda ishchi-xodimlar maxsus ishchi kiyim va himoya bosh kiyimi, maxsus poyabzal, qo‘lqop hamda boshqa shaxsiy muhofaza vositalari bilan ta’minlanmagan holda ish olib bormoqda. Bu holatlar mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi talablariga zid hisoblanadi hamda ishchilarning hayoti va sog‘ligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
Qurilish jarayonlarida sifatsiz materiallardan foydalanishning oldini olish bo‘yicha ham qator kamchilikalr aniqlandi.
Masalan, buyurtmachi "Xorazm Invest Xolding" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uyning 2,3,4- qavatlari ichki yo‘lak zinapoyalaridagi to‘sin devorlari tasdiqlangan ishchi loyiha talablariga asosan gazablokdan foydalanishi ko‘rsatilgan bo‘lsada, amalda pudratchi tashkilot tamonidan hech qanday asoslovchi hujjatlarsiz sifatsiz pena bloklar ishlatilayotgani aniqlandi. Hududiy inspeksiya xodimlari tomonidan mazkur holat joyida buzdirildi.
– Yana bir holat, “Qorovul Qurilish Montaj” xususiy korxonasi tomonidan barpo qilinayotgan 9 qavatli, 1 yo‘lakli, 54 xonadonli turarjoy binosi qurilishida esa cyeysmik belbog‘lardagi armaturalar tasdiqlangan loyiha hujjatlarida ko‘rsatilgan tartibda o‘rnatilmaganligi ma’lum bo‘ldi va joyida buzdirildi, – deydi Xorazm viloyat hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Abror Jumaniyozov. – “Yangi massiv uylari” MCHJ tomonidan qurilayotgan to‘qqiz qavatli va o‘ninchi qavati yarim ochiq terassali ko‘p xonadonli turarjoy binosi qurilishida yerto‘laga olib tushuvchi temir-beton zinapoyalar loyiha talabi bo‘yicha bajarilmasdan, o‘zboshimchalik bilan qurilish talablariga zid ravishda bajarilayotganligi aniqlanib, joyida buzdirildi va kamchiliklari bartaraf qilindi. Shuningdek, "Dreams Palace" mas’uliyati cheklangan jamiyatining turarjoy binosi qurilishida bo‘lsa, lift devorlari armakarkasga o‘rnatilishi kerak bo‘lgan temir fiksatorlar xamutlari o‘rnatilmasdan betonlash ishlari buzib bajarilganligi holati ham joyida bartaf qildirildi.
Reyd tadbirlari doirasi qurilish-sinov laboratoriyasi mutaxassislari betonning mustahkamligi va uning me’yoriy talablarga muvofiqligi zamonaviy o‘lchov uskunalari orqali tekshirildi. Ushbu o‘rganishlar qurilish sifati va inshootlar mustahkamligini ta’minlashda asosiy ahamiyat kasb etadi.
Umuman olganda, bu kabi reyd tadbirlari viloyatdagi ikki mingga yaqin qurilish ob’eklarida sifatli ish tashkil etilishiga hamda mas’ullar o‘z mas’uliyatini yana bir bor his qilishlariga xizmat qiladi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari