Qurilishda byurokratiyani qisqartirish va nazorat samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida byurokratiyani qisqartirish va nazorat ishlari natijadorligini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Qurilish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar aholi uchun zamonaviy uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar va qulay infratuzilma yaratishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, qurilayotgan yangi uy-joylar xavfsiz, sifatli, ekologiya va shaharsozlik talablariga to‘liq javob berishi zarur.
Taqdimotda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish, ruxsat berish jarayonlarida byurokratiyani kamaytirish, qurilish ob’ektlari ustidan nazoratni raqamlashtirish va inson omilini qisqartirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, hozirda qurilishni boshlash uchun ruxsat olishda jami 8 ta hujjat talab etiladi. Bu jarayon ayrim hollarda
3 oydan 12 oygacha cho‘zilmoqda. Shu bois 2 ta hujjatni talab qilishni bekor qilish, yana 2 ta hujjatni esa raqamli integratsiya hisobiga shakllantirish taklif etildi. Natijada ariza berish va ko‘rib chiqish uchun ketadigan vaqt 7 barobar qisqaradi, buyurtmachilarning ortiqcha ovoragarchiligi kamayadi.

Yangi tartibga ko‘ra, loyihalashga ruxsatnoma va arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i berish jarayonlari yagona hujjatga birlashtiriladi. “ShaffofAI” tizimi orqali ushbu jarayon inson omilisiz, avtomatik tarzda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Buning natijasida 30 ish kunigacha davom etadigan jarayon to‘liq avtomatlashtiriladi.
Loyiha-qidiruv, qurilish-pudrat va ekspertiza tashkilotlarini litsenziyalashda ham yangi tartib joriy etiladi. Bugungi kunda ariza berishda 3 tadan 30 tagacha hujjatni ilova qilish talab etilib, qaror qabul qilish 14 ish kunigacha cho‘zilmoqda. Taklif etilayotgan tizimda ma’lumotlar elektron bazalar orqali avtomatik tekshiriladi, hujjat ilova qilish talabi bekor qilinadi. Litsenziyani rasmiylashtirish muddati 14 ish kunidan 5 daqiqagacha qisqaradi, qaror qabul qilish jarayoni 97 foizga tezlashadi.

Qurilish ob’ektlarini foydalanishga qabul qilish jarayoni ham soddalashtiriladi. O‘tgan yili bu borada berilgan 20 mingdan ortiq arizalar turli sabablar bilan rad etilgan. Kamchiliklarni bartaraf etish uchun buyurtmachilar 1 oydan 3 oygacha vaqt sarflamoqda.
Endi davlat ob’ektlarini foydalanishga qabul qilishda talab etiladigan hujjatlar soni 3 tadan 1 taga qisqartiriladi. Texnik va mualliflik nazoratchilari xulosalari, muvofiqlik deklaratsiyasi va boshqa ma’lumotlar raqamli tizimlar orqali shakllantiriladi. Bu orqali ob’ektni qabul qilish muddati 2 oydan 15 kungacha qisqaradi.
Shu bilan birga, binoning mustahkamligi va yong‘in xavfsizligiga ta’sir qilmaydigan arxitekturaviy yoki rejaviy o‘zgarishlar sabab ob’ektni foydalanishga qabul qilishni rad etish amaliyoti qayta ko‘rib chiqiladi. Bunday holatlarda zarur korrekturalar kiritilib, ob’ektni qabul qilish imkoniyati yaratiladi.
Taqdimotda qurilish ob’ektlarini onlayn nazorat qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Amaliyotda qurilish ob’ektlariga kuzatuv kameralarini majburiy o‘rnatish talabi mavjud emas. Shu bois birinchi bosqichda qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan ijtimoiy soha ob’ektlari, ko‘p qavatli uylar, yirik savdo va sanoat ob’ektlari, mehmonxona va turizm majmualariga kameralar o‘rnatish taklif etildi.
Bu orqali loyihadan o‘zboshimchalik bilan chetga chiqish holatlarini barvaqt aniqlash, qurilish maydonidagi ishchilar hisobini aniq yuritish, “konvert” usulida maosh to‘lash holatlarining oldini olish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va mehnat xavfsizligini ta’minlash imkoniyati kengayadi.
Qurilishda texnik va mualliflik nazorati samaradorligini oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. 2025-yilda texnik va mualliflik nazoratchilari ob’ektlarda 42 mingta kamchilikni qayd etgan bo‘lsa, inspektorlar keyinchalik yana 250 mingdan ziyod qoidabuzarlikni aniqlagan. Bu ayrim hollarda nazoratchilar faoliyati yetarlicha samarali tashkil etilmayotganini ko‘rsatadi.
Shu munosabat bilan “Shaffof qurilish” platformasida texnik va mualliflik nazoratchilarining reyestri va reyting tizimini joriy etish taklif qilindi. Ularning faoliyati masofadan monitoring qilinadi, ish yurituv hujjatlari elektron shaklga o‘tkaziladi. Reyting ko‘rsatkichi past bo‘lgan nazoratchilar qayta o‘qitishga yuboriladi, yaxshi natija ko‘rsatganlarning sertifikat muddati uzaytiriladi.
Qurilish materiallari sifatini nazorat qilishda ham ta’sirchan mexanizmlar joriy etiladi. Ob’ektga kiritilgan har bir qurilish materiali nazorat.mc.uz platformasi orqali elektron ro‘yxatga olinadi, sifatni tasdiqlovchi hujjatlar majburiy ravishda tizimga yuklanadi. Sifatsiz materiallardan foydalangan quruvchilarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etildi.
Laboratoriya sinovlari bo‘yicha ham yangi yondashuvlar belgilanmoqda. Uzoq hududlardagi qurilish massivlarida sinovlarni o‘z vaqtida o‘tkazish uchun ko‘chma qurilish-sinov laboratoriyalarini tashkil etish taklif qilindi. Bu ob’ektlar qamrovini ikki barobar oshirish, sinov natijalarini tezkor aniqlash va standart talablariga rioya etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Taqdimotda noqonuniy qurilishlarning oldini olish masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi. 1-aprel holatiga respublika bo‘yicha 3 ming 791 ta noqonuniy qurilish ob’ekti aniqlangan. Shundan 1 ming 933 tasi sanoat zonalari hududiga to‘g‘ri keladi. Ayrim ob’ektlarda yerga bo‘lgan huquq, loyihalashga ruxsatnoma, kengash yoki ekspertiza xulosalari mavjud emasligi aniqlangan.
Buning oldini olish uchun yerga oid huquq vujudga kelgan vaqtdan boshlab fuqarolar va yuridik shaxslarga qurilish sohasidagi qonun talablari bo‘yicha elektron eslatmalar yuborish, “Onlayn mahalla” va “Shaffof qurilish” tizimlarini integratsiya qilish, qonunchilikdagi ob’ektlarni ruxsatnomasiz qurganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish taklif etildi.
Ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarishda nazoratni kuchaytirish masalasi muhokama qilindi.
Qonunchilikda ko‘p kvartirali uylardagi to‘siq konstruksiyalarini o‘zboshimchalik bilan buzgan shaxslarga ma’muriy choralarni tezkor ko‘rish mexanizmi yetarli emas. 2023-yilda bunday holatlar 563 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda 2 ming 484 taga yetgan.
Ayniqsa, ekspluatatsiya muddati 50 yildan oshgan uylarda o‘zboshimchalik bilan rekonstruksiya qilish xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Mamlakatimizda bunday ko‘p kvartirali uylar
15 ming 270 tani tashkil etadi. Shu bois ularda toifani o‘zgartirish va rekonstruksiya qilishni cheklash, to‘siq konstruksiyalarni buzganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarima qo‘llash vakolatini inspeksiyaga berish taklif etildi.
Kadrlar salohiyatini oshirish masalasi ham e’tibor markazida bo‘ldi.
Toshkent, Namangan va Qarshi shaharlaridagi oliygohlarda Avstriyaning Vena va Italiyaning Sapiyensa universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish, istiqbolli kadrlarni rivojlangan davlatlarga stajirovkaga yuborish va ularning yangi bilim-ko‘nikmalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.
Prezidentimiz sohadagi yangiliklar amaliyot bilan uzviy bog‘langan bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, hududiy studiyalardagi sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning fikrlarini tingladi. Takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.