Qurilish sohasi xodimlari kuni keng nishonlandi
Avgust oyining ikkinchi yakshanbasi mamlakatimizda an’anaviy tarzda Qurilish sohasi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana zamirida minglab quruvchilar, me’morlar, muhandislar, loyihachilar va soha mutaxassislarining mashaqqatli mehnati mujassam.
Bugun ularning sa’y-harakatlari bilan Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik qiyofasi shakllanmoqda. Shu bois mazkur sana nafaqat kasb bayrami, balki qurilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini baholash, erishilgan natijalarni tahlil qilish va kelgusi maqsadlarni belgilash uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Toshkent shahridagi «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida Qurilish sohasi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari vakillari, qurilish sohasi faxriylari, tizimdagi mehnat jamoalari, mahalliy hokimliklar hamda boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qurilish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigini Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov o‘qib eshittirdi.
Davlat rahbari o‘z tabrigida mamlakatimizda qurilish sohasi so‘nggi yillarda iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylanganini ta’kidladi. So‘nggi 9 yilda mamlakatimizda 210 million kvadrat metrdan ortiq bino va inshootlar barpo etildi. 647 ming xonadonli 15 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirildi. Bu natijalar yuz minglab oilalarning yashash sharoitini yaxshilash, ularni zamonaviy va qulay turar joylar bilan ta’minlash imkonini kengaytirdi. O‘tgan yilning o‘zida 135 mingta xonadonga ega uy-joylar barpo etilgan bo‘lsa, joriy yilda yana 140 mingta yangi xonadon foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, 2040-yilga qadar mamlakatimizda yiliga barpo etiladigan uy-joylar sonini 280 mingtaga yetkazish, «Yangi O‘zbekiston» massivlari sonini esa 61 tadan 120 taga ko‘paytirish maqsad qilingan. Qurilish ishlari hajmi ham sezilarli darajada oshdi. Xususan, bu ko‘rsatkich 2016-yildagi 30 trillion so‘mdan 314 trillion so‘mga yetdi. Bugun qurilish sohasi iqtisodiy o‘sishni jadallashtiruvchi, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiluvchi strategik yo‘nalishga aylangan. Qurilish, qurilish materiallari sanoati hamda unga yaqin tarmoqlarda 3,5 milliondan ortiq fuqaro mehnat qilayotgani buning yaqqol dalilidir.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov soha xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillarini samimiy muborakbod etdi.
– Qurilish sohasidagi muhim o‘zgarishlardan biri ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish bo‘ldi. Qurilishga ruxsat berish bosqichlari 3 barobar, jarayonlarning amalga oshirilish muddatlari esa 4 barobar qisqartirildi. Bu tadbirkorlar va investorlar uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirib, yangi loyihalarni qisqa muddatlarda amalga oshirish imkonini bermoqda, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov. – So‘nggi yillarda sohada raqamli transformatsiya ham yangi bosqichga ko‘tarildi. «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimida 25 ta zamonaviy axborot tizimi va elektron platforma ishga tushirildi. Qurilish va loyiha tashkilotlarining elektron reytingi, davlat xaridlarining elektron tender platformasi, nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda muhim omilga aylandi. Natijada bugunga qadar 72 mingdan ortiq elektron tender orqali qiymati 83,9 trillion so‘mlik loyihalar amalga oshirildi. Bu jarayonlarda davlat byudjeti mablag‘laridan 4,2 trillion so‘m iqtisod qilindi.
[gallery-https://uza.uz/uz/collection/30794]
Davlat nazorati tizimi ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugunga qadar 66 mingdan ortiq qurilish ob’ekti elektron ro‘yxatga olindi, 800 mingdan ziyod monitoring o‘tkazildi. Bu qurilish jarayonlarini real vaqt rejimida kuzatish, aniqlangan kamchiliklarni tezkor belgilash va ularni bartaraf etish imkonini yaratmoqda. Sohada sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish ishlari ham boshlandi. «Shaffof AI» ekotizimi orqali loyiha hujjatlarini avtomatik tahlil qilish, ekspertiza jarayonlarini raqamlashtirish va inson omilini kamaytirishga qaratilgan yangi mexanizmlar bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda. Bu jarayonlar qurilish sohasida qaror qabul qilish sifatini oshirish, vaqt va mablag‘ni tejash, nazorat samaradorligini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Bunyodkorlikning bugungi qiyofasini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yirik shaharsozlik loyihalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Joriy yilda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Burhoniddin Marg‘inoniy turizm markazi kabi noyob madaniy-ma’rifiy inshootlarda qurilish va obodonlashtirish ishlarini yakuniga yetkazishda fidoyi quruvchilarning hissasi beqiyos bo‘lmoqda.
Poytaxtimizdagi Yangi Toshkent, Toshkent viloyatidagi Nurafshon, Andijon viloyatidagi Bobur, Farg‘onadagi «Eko-shahar», Samarqanddagi «Shirin», Xorazmdagi «Al-Xorazmiy» shaharlari kabi megaloyihalar yangi muhandislik yechimlari va «yashil» qurilish tamoyillari asosida mamlakatimiz shaharsozligi tarixida yangi sahifa ochmoqda. Xorazm viloyatida 130,5 gektar maydonda barpo etilayotgan «Al-Xorazmiy» shaharchasida 8 ming o‘rinli IT universiteti, texnopark, innovatsiya markazlari hamda 5,7 mingdan ortiq xonadonli zamonaviy turar joylar qurilmoqda.
Andijonda 4 ming gektar maydonni egallagan «Bobur» shahri 411 ming aholi uchun mo‘ljallangan. Bu yerda 40 ming xonadonli 2 mingta ko‘p qavatli uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda 3 940 xonadonli uylar, 40 dan ortiq savdo va servis ob’ektlari foydalanishga topshirildi. Shaharda 25 mingdan ziyod aholi istiqomat qilmoqda. Shuningdek, Boburiylar merosiga bag‘ishlangan tematik park ham qad rostlamoqda. Samarqandda 665 gektar maydonda 60 ming aholiga mo‘ljallangan «Shirin» shahri, Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida esa 85 gektar maydonda 60 ming aholi uchun zamonaviy shaharcha barpo etilmoqda.
Qo‘qonda 25 ming aholiga mo‘ljallangan yangi massiv, Marg‘ilonda 20 ming aholi uchun «Yangi O‘zbekiston» massivi hamda Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-tadqiqot va turizm majmuasi, Qamashi tumanida esa 66 gektar hududda yangi turar joy hududi barpo etilmoqda. Ushbu loyihalar doirasida minglab xonadonlar bilan bir qatorda zamonaviy maktablar, bolalar bog‘chalari, poliklinikalar, universitetlar, ilmiy markazlar, biznes-inkubatorlar, mehmonxonalar, bog‘lar va dam olish maskanlari ham barpo etilmoqda.
Bugun qurilish sohasidagi o‘zgarishlar faqat yangi binolar va inshootlar barpo etish bilan cheklanmayapti. Zamonaviy shaharsozlik, raqamlashtirish, «yashil» texnologiyalar, sun’iy intellekt va innovatsion muhandislik yechimlarining joriy etilishi sohaning mazmun-mohiyatini ham o‘zgartirmoqda. Eng muhimi, barpo etilayotgan yangi shahar va massivlarda inson uchun qulay yashash muhitini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Turar joylar bilan bir qatorda ijtimoiy ob’ektlar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, savdo va servis ob’ektlari, yashil hududlarning barpo etilayotgani bugungi shaharsozlik yondashuvining muhim belgisidir.
Shu ma’noda, Qurilish sohasi xodimlari kuni — o‘z kasbiga sadoqat bilan mehnat qilayotgan quruvchi va mutaxassislarning fidoyiligini e’tirof etish barobarida, mamlakatimizdagi bunyodkorlik sur’atlari, sohadagi islohotlar va kelgusi ulkan vazifalarga nazar tashlash uchun ham muhim fursatdir. Zero, bugun qad rostlayotgan har bir bino va inshoot, har bir yangi mahalla va shahar — nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar uchun yaratilayotgan munosib hayot muhitining poydevoridir.
Tantanali marosim so‘ngida soha xodimlari uchun taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Qurilish sohasi xodimlari kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoniga ko‘ra, 2017-yildan buyon avgust oyining ikkinchi yakshanbasida nishonlab kelinadi.
Shahnoza Mamaturopova,
Nosir Haydarov (surat),
O‘zA