Qurilish materiallari ko‘rgazmasi
Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” mavzusidagi ko‘rgazma-yarmarkada mamlakatimizda ishlab chiqarilgan keng turdagi qurilish materiallari, texnika va uskunalar namoyish etildi.
Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” mavzusidagi ko‘rgazma-yarmarkada mamlakatimizda ishlab chiqarilgan keng turdagi qurilish materiallari, texnika va uskunalar namoyish etildi.Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi tomonidan tashkil etildi.
Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar qurilish sanoatini jadal rivojlantirish imkonini berayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan kompaniya va firmalar soni yil sayin oshib borayotir. Ular ilgari chetdan olib kelingan qurilish materiallarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirmoqda. Buning samarasida ayni paytda qurilish materiallari bozorimizdagi mahsulotlarning aksariyati o‘zimizda ishlab chiqarilayotir.
Mazkur ko‘rgazma-yarmarkani o‘tkazishdan asosiy maqsad sifatli va arzon qurilish materiallarini namoyish qilish, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar o‘rtasida aloqani mustahkamlashdan iborat. Mamlakatimizning 450 dan ortiq kompaniya va firmasi quruq aralashmalar, lok-bo‘yoq, gips va gipsokarton mahsulotlar, pechka, gaz iste’molini hisobga olish priborlari, profnastil va metall cherepitsa, turli qurilish ishlari uchun mo‘ljallangan maxsus kiyimlarni taqdim etdi.
– Kompaniyamiz turli metall to‘rlar, darvoza, panjara va to‘siqlar ishlab chiqarayotganiga 10-yildan oshdi, – deydi «Sanjar-nur servis» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori A.Bekmuhamedov. – Har yili yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirmoqdamiz. Joriy yilda mamlakatimiz bozorida xaridorgir bo‘lgan to‘siqlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Ayni paytda korxonada 12 kishi mehnat qilmoqda va kelajakda ishlab chiqarishni kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz.
Tadbir doirasida qurilish materiallari sohasida qayta ishlash va yuqori texnologiyali korxonalarni rivojlantirishga bag‘ishlangan biznes-seminar bo‘lib o‘tdi. Taqdimotlar o‘tkazilib, qurilish sanoatini yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.