Qurilayotgan inshootlarning holati o‘rganildi
Qaror va ijro
Bosh prokuror o‘rinbosari S.Samadov tomonidan Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan qurilishga oid davlat dasturlari ijrosi o‘rganildi.
Jumladan, Zangiota tumanidagi “M39 Toshkent halqa yo‘li” avtomobil yo‘lining 51-56 kilometr qismini rekonstruksiya qilish borasidagi ishlar ko‘zdan kechirildi. Bu yerda mas’ullarga qurilish jarayoni avtomobil qatnoviga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi lozimligi tushuntirildi. Shu sababli pudratchi korxonaga ishchi kuchi va texnika sonini ko‘paytirish hisobiga ob’ektni qisqa muddatda foydalanishga topshirish tavsiya qilindi.

Shundan so‘ng Prezidentimizning 2023 yil 25 dekabrdagi “2024 - 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha mazkur tumandagi bir qator ob’ektlar o‘rganildi. Xususan, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli patologoanotomiya bo‘limi, Farobiy mahallasida yangi umumta’lim maktabi qurish, Jamoat xavfsizligi universiteti uchun maxsus poligon qurish, yong‘in o‘chirish deposini rekonstruksiya qilish borasidagi sa’y-harakatlar bo‘yicha fikrlashildi.

Ushbu ob’ektlarning loyiha hujjatlariga kiritilgan ish turlari hududiy shtabda qayta ko‘rib chiqilib, optimallashtirilishi, sifatsiz bajarilgan ishlar qisqa muddatda bartaraf etilishi haqida topshiriq berilib, ijrosi nazoratga olindi. Bundan tashqari, hozir Zangiota tumanida 130 gektar yer maydonida tashkil etilayotgan “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini qurish jarayonlari bilan ham tanishildi.
A.Musayev,
O‘zA muxbiri