Qurg‘oqchilikni birgalikda yengamiz
Toshkent shahrida Butunjahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish kuni munosabati bilan anjuman bo‘lib o‘tdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamda O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda vazirlik va idoralar, xalqaro, nodavlat tashkilotlar, shuningdek, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda mamlakatimizda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish masalasi atroflicha muhokama qilindi. Qum va chang bo‘ronlariga qarshi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan dastur ijrosi yuzasidan ma’ruzalar qilinib, taqdimotlar namoyish etildi.
Uchrashuv chog‘ida BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish Konvensiyaning bajarilishini ko‘rib chiqish bo‘yicha qo‘mitaning navbatdagi yig‘ilishi (CRIC-21) 2023 yil O‘zbekistonda o‘tkazilishi ta’kidlandi.
Markaziy Osiyo mo‘’tadil cho‘llar tashabbusi (CADI) loyixasi doirasida 2017-2022 yillarda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi va cho‘l ekotizimini iqtisodiy baholashga bag‘ishlangan trening o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kunining bu galgi shiori “Qurg‘oqchilikni birgalikda yengamiz” deb nomlanadi. Qurg‘oqchilik keng miqyosda hosilni yo‘qotish, o‘rmon yong‘inlari va suv yetishmasligi natijasida insoniyatga zarar yetkazish nuqtai nazaridan eng vayronkor tabiiy ofatlardan biri hisoblanadi.
Bilamiz, yer degradatsiyasi va iqlim o‘zgarishi bilan yanada murakkablashib borayotgan qurg‘oqchilik 2000 yilga qaraganda 29 foizga kuchliroq namoyon bo‘lmoqda va har yili bundan 55 million kishi aziyat chekmoqda.
2050 yilga borib qurg‘oqchilik dunyo aholisining to‘rtdan uch qismiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, shu sababli bu global va eng dolzarb muammo ekani alohida qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, yurtimizda 2017 yildan buyon CADI “Markaziy Osiyodagi cho‘llar bo‘yicha tashabbus” loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur FAO tomonidan izchil olib borilyapti.
– CADI loyihasi Buxoro va Navoiy viloyatlarida aholini qo‘llab-quvvatlash va turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan amaldagi harakat, – dedi loyihaning O‘zbekistondagi milliy koordinatori Narimon Nishonov. – Yuzdan ziyod tomorqa egalari kichik issiqxona, sutni qayta ishlash va saqlash, shuningdek, hunarmandchilik hamda tikuv uskunalari bilan ta’minlandi.
Yana bir xuddi shunday, “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil hamda sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” loyihasi ham qurg‘oqchilikka uchragan va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish amalyotini joriy qilish ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan.
O‘tgan davr mobaynida loyiha hamkorlariga 500 ming donadan ortiq mevali daraxt, uzum ko‘chat va qalamchalari, 108 dona kichik issiqxona, 100 dan ortiq kichik qishloq xo‘jaligi texnika hamda asbob-uskunalari, 100 tonnadan ziyod qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli ekin urug‘lari yetkazib berilgan.
– Loyiha maqsadi qurg‘oqchil va sho‘rlangan yer sharoitida xatar va zaiflik darajasini pasaytirish, fermer va qishloq aholisiga qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga qarshi kurashish, bu borada ilg‘or texnologiyalardan foydalanishdir, – dedi loyiha milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov.
B.XUDOYBERDIEV, O‘zA