Qurbon hayiti arafasida viloyatlarga qo‘shimcha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida mahalliy aviaqatnovlar soni oshirilmoqda.
Transport vazirligining ma’lum qilishicha, «Uzbekistan Airways», «Silk Avia» va «Centrum Air» aviakompaniyalari tomonidan Toshkentdan Buxoro, Termiz, Urganch va Nukus yo‘nalishlarida qo‘shimcha reyslar tashkil etiladi.
Xabarda qayd etilishicha, joriy yilning 25-31-may kunlari davomida ushbu yo‘nalishlarda jami 28 ta qo‘shimcha aviareys amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shu orqali bayram kunlari qo‘shimcha ravishda qariyb 9 ming nafar yo‘lovchi tashilishi kutilmoqda.
Hozirgi kunda ushbu yo‘nalishlarda haftasiga:
— Toshkent – Buxoro yo‘nalishida — 23 ta;
— Toshkent – Termiz yo‘nalishida — 23 ta;
— Toshkent – Urganch yo‘nalishida — 35 ta;
— Toshkent – Nukus yo‘nalishida — 16 ta reys amalga oshirilmoqda.
Bayram arafasida qo‘shimcha reyslar yo‘lga qo‘yilishi yo‘lovchilar uchun chipta tanqisligini yumshatishi va safarlarni yanada qulay tashkil etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA