Qulay va fayzli ma’rifat maskani
Kuni kecha Respublika bolalar kutubxonasi o‘z eshiklarini ochdi.
Ushbu dargohning ochilish marosimida mehmonlarga turli ma’ruzalar, mahorat-darslari, kitoblar taqdimoti, choy marosimi va O‘zbekiston milliy qo‘g‘irchoq teatrining spektaklini o‘z ichiga olgan keng ma’rifiy dastur namoyish etildi.
Uchrashuvlar zalida dasturni Ludi Architect arxitektura byurosi rahbari, Respublika bolalar kutubxonasining bosh arxitektori Lyubov Leontevaning “Kutubxona jamoatchilik maskanining yangi shakli sifatida” mavzuidagi ma’ruzasi ochib berdi.
Tashrif buyuruvchilar Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining ijtimoiy ish kafedrasi dotsenti, sotsiologiya fanlar doktori Abdulla Abduxalilovning inklyuziya xususiyatlariga oid “Biz har xil, lekin tengmiz” mavzuidagi ma’ruzasini eshitish imkoniga ega bo‘ldi.
Asadbek Ayubjonovning “Qanday qilib hayotni musiqa bilan bog‘lash mumkin?” mavzusida yosh dirijyorning shakllanishi haqidagi ochiq suhbati musiqa ixlosmandlarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, psixolog Natalya Remishning “Shunchaki, eng muhim narsa haqida” kitobining muhokamasi hamda Saida Rashidovaning "Do‘ppivoy hikoyasi" nomli bolalar kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu kitob o‘zbek xalqi urf-odatlari va an’analari haqidagi ertaklar turkumidir.
Shu bilan birga «Koinot javohiri» va «Galaktikaga sayyohat» kitoblari muallifi Sa’dulla Quronov bilan ijodiy suhbat, illyustrator Kseniya Gorbachevadan kollaj yaratish bo‘yicha mahorat darsi, illyustrator Kasi Denisevichdan “Bu mening kitobim: zin-sayr qilamiz” mahorat darslari tashkil etildi.
Uchrashuvda bolalar kitobning yaralish tarixi, mavzulari va boshqa shu kabi savollarga javob oldi. Shuningdek, kutubxona fondidagi kitoblar va rasmlar bilan tanishdi. Ularning bir-biridan farqlarini muhokama qildilar, so‘ngra o‘zlarini rassom va noshirning o‘rniga qo‘yib, o‘z qo‘llari bilan zin-kitob yaratdilar.
Ludi Architect arxitektura studiyasi xodimlarining mahorat darslari, Avaz Abduraimovdan harakatli dizayn bo‘yicha videorolik yaratish mahorat darsi, Konfutsiy instituti vakillarining hattotlikka oid mahorat darsi, choy marosimi, fortepianoda boshlovchilar uchun fortepiano chalish darslari, IT Park mutaxassisi Akbarshoh Aliyevdan robototexnika bo‘yicha mahorat darslari ham bolalar va kattalarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Kutubxona amfiteatrida O‘zbekiston Qushlarni muhofaza qilish jamiyati koordinatori, ornitolog olim, “Qushlarning do‘stlari” loyihasi asoschisi Oleg Kashkarovning “Toshkent qushlari” ma’ruzasi va “Qushlarni uyga olib ketmang” taqdimotlari tashkil etildi.

Goodveen – gullar uyining “Guldastalar to‘plami”, “O‘simliklarni ekish va parvarishlar” kabi mahorat darslari tadbirning barcha ishtirokchilarida katta taasurot qoldirdi.

Amfiteatrda O‘zbekiston milliy qo‘g‘irchoq teatrining “Ur, to‘qmoq!” spektakli namoyish etildi.
Bir so‘z bilan aytganda, yangilangan Respublika bolalar kutubxonasi o‘zining kutilmas innovatsion ishlanmalari, qulayliklari, inklyuzivligi, serqirraligi va mehmondo‘stligi bilan o‘z o‘quvchilarini mamnun etdi.

Qayd etish joizki, ushbu kutubxonani rekonstruksiya qilish, uning ochilishi doirasida tashki etilgan barcha qiziqarli ma’rifiy dasturlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining maxsus loyihalari asosida amalga oshirildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA