QQSni avtomatik qaytarish: kimlar 1 kunda pulni oladi, kimlarga cheklov qo‘yiladi?
Moliyaviy savodxonlik
O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, tadbirkorlik sub’ektlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qaytarish jarayoni soddalashtirildi. Yangi tartib soliq ma’muriyatchiligida muhim yengilliklardan biri bo‘lib, ayrim toifadagi tadbirkorlik sub’ektlariga QQSni tekshiruvlarsiz va qisqa muddatlarda qaytarish imkonini beradi. Biroq mazkur mexanizm barcha tadbirkorlik sub’ektlariga birdek tatbiq etilmaydi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab QQS summasini tekshiruvlarsiz avtomatik tarzda qaytarish tartibi ayrim tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan qo‘llanilmaydi. Xususan, ta’sischisi yoki rahbari soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq jinoyatni sodir etgan tadbirkorlik sub’ektlari mazkur tartibdan foydalana olmaydi. Shuningdek, bunday tadbirkorlik sub’ektlarining ta’sischisi yoki rahbari tomonidan oxirgi 12 oy davomida yangidan tashkil etilgan yoki qayta tashkil etilgan korxonalarga ham QQSni avtomatik qaytarish tartibi tatbiq etilmaydi.
Demak, soliq majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq holatlar mavjud bo‘lgan sub’ektlar uchun QQSni avtomatik ravishda qaytarish mexanizmi cheklanadi. Agar avtomatik qaytarish huquqiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektida yuqoridagi holatlar aniqlansa, QQS mablag‘larini avtomatik tizim orqali qaytarishga cheklov o‘rnatiladi.
Amaldagi tartib tadbirkorlik sub’ektlarining ayrim toifalari uchun QQSni qisqa muddatlarda va tekshiruvlarsiz qaytarish imkonini beradi. Jumladan, AAA barqarorlik reytingiga ega tadbirkorlik sub’ektlariga QQS summasi tekshiruvlarsiz bir kunda qaytariladi.
Qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga (paxta va g‘alladan tashqari) QQS summasi uch kun ichida avtomatik tarzda qaytariladi. «A» va undan yuqori barqarorlik reytingiga ega klasterlar va to‘qimachilik korxonalariga 2027-yil 1-iyulga qadar QQS summasini tekshiruvlarsiz ikki kun ichida qaytarish tartibi amal qiladi. Bundan tashqari, 10 million so‘mgacha bo‘lgan QQS summalari ham tekshiruvlarsiz qaytariladi.
QQSni avtomatlashtirilgan tartibda qaytarish, avvalo, tadbirkorlik sub’ektlarining aylanma mablag‘larini tezroq tiklash imkonini beradi. Bu korxonalarning moliyaviy barqarorligini saqlash, ishlab chiqarish jarayonlarini uzluksiz davom ettirish va yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Ayniqsa, yuqori barqarorlik reytingiga ega korxonalar uchun QQSning tekshiruvlarsiz va qisqa muddatlarda qaytarilishi soliq intizomi hamda ishbilarmonlik faolligini rag‘batlantiruvchi muhim mexanizm hisoblanadi. Shu bilan birga, avtomatik qaytarish huquqiga cheklovlar o‘rnatilishi soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Bu orqali davlat tomonidan taqdim etilayotgan yengilliklarning qonun talablariga rioya qilayotgan tadbirkorlarga manzilli qo‘llanilishi ta’minlanadi.
Shunday qilib, QQSni avtomatik qaytarish mexanizmi bir tomondan tadbirkorlar uchun soliq ma’muriyatchiligini yengillashtirsa, ikkinchi tomondan soliq intizomini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA