Qozog‘istonlik kinoijodkorlar bilan videomuloqot
Kinematografiya agentligida qozog‘istonlik kinoijodkorlar Akan Satayev hamda Azamjan Saidbayev bilan agentlik rahbariyati o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Kinematografiya agentligi axborot xizmati.
“Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalini o‘tkazishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Qozog‘istonda O‘zbek kinosi kunlarini o‘tkazish, shuningdek, hamkorlikda “Qo‘shnilar” filmini suratga olish kabi masalalar muhokama qilindi.

“Qo‘shnilar” filmi komediya janrida bo‘lib, unda o‘zbek va qozoq qo‘shnilarning o‘zaro munosabatlari va hovli o‘rtasidagi devor buzilganidan so‘ng, topib olingan tilla atrofidagi voqealar aks ettiriladi.
Film O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “Oltin devor” asari asosida suratga olinishi rejalashtirilgan. Ushbu kinoloyiha ssenariysi ustida Qozog‘iston tomondan aktyor, bloger va ssenarist Azamjan Saidbayev ish boshlaydi. Hamkorlikdagi yangi film “Ipak yo‘li durdonasi” xalqaro Toshkent kinofestivalida taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.
D.Mamatova, O‘zA