Qozog‘istondagi metallurgiya inshootida portlash sodir bo‘ldi: qurbonlar bor
Qozog‘istonning yirik metallurgiya majmuasida yuz bergan dahshatli portlash ikki kishining umriga zomin bo‘lib, besh nafarini jarohatladi. Ushbu fojia oqibatlari va sabablarini aniqlash uchun zudlik bilan tekshiruv boshlandi.
Qozog‘istonning Ust-Kamenogorsk shahrida joylashgan “Kazsink” metallurgiya majmuasida yuz bergan mudhish portlash oqibatida ikki ishchi halok bo‘ldi, yana besh nafari turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi.
“Tengrinews” nashri yozishicha, fojia 5-may kuni texnik qurilmalarni tozalash ishlari vaqtida yuz bergan bo‘lib, kuchli zarbadan so‘ng yong‘in kelib chiqqan va bino konstruksiyalarining bir qismi qulab tushgan. Voqea joyida zudlik bilan qutqaruv ishlari olib borilib, vayronalar ostidan topilgan jabrlanuvchilarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Ta’kidlanishicha, hozirda maxsus tuzilgan komissiya hodisaning aniq sabablarini o‘rganmoqda. “Kazsink” kompaniyasi halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirib, ularga hamda jarohatlanganlarga moddiy yordam berilishini kafolatladi.
Rasmiylar hududdagi ekologik holatni tekshirib, atrof-muhitga xavfli moddalar ajralmagani va vaziyat nazorat ostida ekanini ma’lum qilishdi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA