Qozog‘iston Prezidenti bilan uchrashuv
Nur-Sulton shahriga amaliy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev tomonidan qabul qilindi.
Vazir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga yo‘llagan maktubini topshirdi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston - Qozog‘iston strategik sherikligining bugungi holati va rivojlanish istiqboli muhokama qilindi.

Tashqi savdo aylanmasi ko‘rsatkichini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, tadbirkorlik sub’ektlari va hududlarning o‘zaro aloqalarini jadallashtirish, madaniy-gumanitar tadbirlarni tashkillashtirishga yo‘naltirilgan qo‘shma dastur va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Markaziy Osiyodagi hozirgi vaziyat, mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha shakllanayotgan imkoniyatlar, shuningdek, yangi istiqbolli bozorlarga birgalikda kirish bo‘yicha rejalar yuzasidan fikr almashildi.
Muzokarada tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Tashqi ishlar vazirligi
matbuot xizmati