Qozog‘iston bilan ilmiy-ekspert hamkorligi mustahkamlanmoqda
Ostona shahrida Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vahobov Maqsut Narikboyev universiteti boshqaruvi raisi Tal’at Narikboyev bilan uchrashdi.
Muloqot davomida akademik va ilmiy tadqiqot sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha tahliliy kun tartibini muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda universitet provosti Sergey Pen, boshqaruv raisi o‘rinbosari Shinar Zakiyeva va MIND markazi rahbari Oydin Abay ham ishtirok etdi.
Tomonlar Markaziy Osiyodagi mavjud tendensiyalar, jumladan barqaror rivojlanish, transchegaraviy hamkorlik va mintaqaviy birdamlik mavzulari yuzasidan fikr almashdi.
«Markaziy Osiyo+» formatini kengaytirish doirasida ekspert hamkorligi ko‘lamini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» va Ostonada tashkil qilingan «Markaziy Osiyo – Italiya» sammitlari natijalari mintaqaga e’tibor ortib borayotganining yorqin ifodasi sifatida yuqori baholandi.
[gallery-23900]
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvidagi raisligi doirasida ekspert yordamini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokara yakunida ikki ilmiy tadqiqot muassasasi o‘rtasida O‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.
Ushbu hujjat hamkorlikda turli anjumanlar o‘tkazish, qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, tahliliy materiallar tayyorlash, nashrlar va akademik manbalardan keng foydalanishni nazarda tutadi.
Ta’kidlaganidek, Memorandumda ikki tomonlama tashabbuslarga yosh tadqiqotchilarni faol jalb qilish, shuningdek birgalikda ilmiy nashrlar ustida ish olib borish shartlari ham belgilangan.
Maqsut Narikboyev universiteti Qozog‘istondagi yetakchi ilmiy-ta’lim markazlaridan biri sifatida huquq, xalqaro munosabatlar va davlat boshqaruvi sohasida mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan. Ushbu ta’lim maskani tarkibida Global va mintaqaviy boshqaruv markazi hamda MIND markazi – Qozog‘iston Respublikasi Senati huzuridagi davlat siyosatini dalillarga asoslangan holda rivojlantirishga yo‘naltirilgan ekspert maydonchasi faoliyat yuritadi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA