Qozog‘iston arenalarida yuksak natijalar
Namangan shahridagi Yakka kurashga ixtisoslashtirilgan sport maktabi tarbiyalanuvchilaridan iborat Namangan viloyati terma jamoasi yaqinda Qozog‘iston Respublikasining Olma-ota shahri mezbonlik qilgan “Jenis Cup-2025” xalqaro turnirida yuqori natijalarga erishdi.
Tatamiga chiqqan Asadbek Soataliyev, Asadbek Aminov, Muhammad Yusuf Turdipo‘latov va Go‘zal Abdurahmanova barcha raqiblarni taslim qilib, oltin medallarni qo‘lga kiritdi. Finalgacha bo‘lgan janglarni g‘alaba bilan tugatgan Asadbek Aburahimov va Abdullo Narzullayev kumush medallarga munosib ko‘rildi. Yarim finalgacha yetib kelgan Hojiakbar Abdurasulov yakuniy natijalarga ko‘ra, bronza medaliga loyiq topildi.


Bu kabi musobaqalar AQSHda bo‘ladigan “Los-Anjeles-2028” yozgi Olimpiya o‘yinlari oldidan munosib nomzodlarni saralashda muhim ahamiyatga ega. Taekvondochilarning ushbu zafarida aka-uka murabbiylar Xolmurod va Ma’murjon Nozimovning hissasi katta bo‘lganligini ta’kidlash joiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.