Qo‘shrabotliklar xazina topdi(mi?)
Xalq orasida yetti xazinaning biri sifatida tilga olinadigan parrandachilikning barcha turi xonadonga baraka keltirishi isbot talab qilmaydigan haqiqat.
Xonadonida tovug‘i bo‘lgan oilaning qozoni qaynovdan qolmaydi. Shu bois, bugungi kunda aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan chora-tardbirlarda parrandachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qo‘shrabot tumani Samarqandning uzoq tumanlaridan biri. Tabiiyki, markazdan olisda joylashgan, buning ustiga asosiy qismi lalmikor yerlardan iborat tumanning iqtisodini rivojlantirishning o‘zi bo‘lmaydi. Shu bois, Qo‘shrabotda mahalliy sharoitni inobatga olgan holda aholi turmush sharoitini yaxshilash, iqtisodiy imkoniyatlarni oshirishga qaratilgan loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Xonaki tovuqlarni yetishtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha ana shunday istiqbolli dasturlardan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tovuq parvarishlashning o‘ziga xos usulini o‘zlashtirayotgan qo‘shrabotliklar qisqa muddatda bu xazinadan samarali foydalanishni boshlashadi.
Davlat soliq qo‘mitasi huzurida tashkil etilgan “Parrandachilikni rivojlantirish ofisi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida bugungi kungacha tumanda xonaki tovuqni parvarishlash istagida bo‘lgan 70 ta, shuningdek, ijtimoiy ahvoli og‘ir, deb qayd etilgan 24 ta xonadon ro‘yxati shakllantirilib, ularga imtiyozli kredit asosida inkubator hamda 50 boshdan xonaki tovuq berilib, loyihaning dastlabki bosqichi boshlangan. Samarqand viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi bosqichda 70 ta inkubatorga talabgorlar tomonidan 14 500 dona xonaki tovuq tuxumlari joylashtirilib, qo‘yilgan tuxumdan 10 200 ta jo‘ja olingan. Xonaki tovuq jo‘jalarini yetishtirgan 49 ta xonadonda tuxumdan chiqqan 7100 ta jo‘jadan 6550 tasi o‘rtacha 5000 so‘mdan xaridorlarga yetkazib berilgan. 550 ta jo‘ja xonadonlarda parvarishlash uchun olib qolingan. Qolgan 21 ta xonadonda 3000 dan ortiq jo‘ja tadbirkorlikni kengaytirish uchun fuqarolar tomonidan xonadonlarda parvarishlanmoqda.
– Ushbu loyiha doirasida talabgorlarga inkubator imtiyozli bank krediti bo‘yicha uch yil muddatga, 50 bosh xonaki tovuq esa subsidiya asosida taqdim etilmoqda, – deydi tuman hokimligida tashkil etilgan “Parrandachilikni rivojlantirish ofisi” MCHJ direktori o‘rinbosari Elshod Bo‘riyev. – Maqsad tumanda xonaki tovuq parvarishlashni rivojlantirish orqali aholini doimiy daromad manbaiga ega qilish hamda tumanda xonaki tovuq yetishtirish markazini tashkil etishdan iborat. Barchaga ma’lumki, xonaki tovuqning tuxumi ham, go‘shti ham inson salomatligi uchun juda foydali. bugungi kunda aholida mazkur loyihaga qiziquvchilar ortib bormoqda. Yil yakuniga qadar xonaki tovuq yetishtiruvchi xonadonlar sonini 200 taga yetkazishni rejalashtirganmiz. Ayni paytda tumanda 80 nafardan ortiq talabgorlar tovuq parvarishlash bo‘yicha murojaat qiligan bo‘lib, ularning ro‘yxati shakllantirilib, imtiyozli kredit asosida inkubator olish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Ilk bosqichda xonaki tovuq yetishtirishni boshlagan fuqarolar daromad qilishga ham ulgurishdi.
– Ishsiz edim, shu bois tuman hokimligiga murojaat qilgandim, ular xonaki tovuq parvarishlash bo‘yicha malga oshirilayotgan loyihani taklif etishdi, – deydi tumanning Qo‘ralos mahallasida yashovchi Eldor Norqulov. – Loyiha bilan tanishib, qiziqib qoldim. Chunki, kollejda veterinariya yo‘nalishida o‘qigandim. Inkubatorni imtiyozli kredit asosida olidim. 50 bosh xonaki tovuq, besh bosh xo‘roz subsidiya qilib berildi. Shu kungacha ikki marta jo‘ja ochirdim. Qo‘ni-qo‘shnilarga sotib, daromad ham qildim. Endi ushbu faoliyatni kengaytirishni o‘ylayapman.
Tuman hokimligida tashkil etilgan “Parrandachilikni rivojlantirish ofisi” MCHJ mas’ullarining ma’lum qilishicha, kelgusida aholi tomonidan yetishtirilayotgan xonaki tovuq savdosini amalga oshirishga mo‘ljallangan maxsus bozor tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. Demak, parrandachilik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar yetishtirgan tovuq, jo‘jalarni sotishda ham hech qanday qiyinchilikka uchramaydi.
[gallery-3236]
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA