Qo‘shnichilik diplomatiyasining yangi bosqichi: O‘zbekiston Markaziy Osiyoni qanday birlashtirmoqda?
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo haqida gap ketganda eng ko‘p tilga olinayotgan tushunchalardan biri – ishonch bo‘lmoqda. Bir vaqtlar chegaralar, suv taqsimoti, transport aloqalari va savdo to‘siqlari bilan bog‘liq muammolar mintaqa davlatlari munosabatlarini cheklab kelgan bo‘lsa, bugun vaziyat mutlaqo boshqacha manzara kasb etmoqda. E’tiborli jihati shundaki, mazkur o‘zgarish tashqi kuchlar ta’siri ostida emas, balki mintaqa davlatlarining o‘z tashabbusi va siyosiy irodasi bilan yuz bermoqda.
O‘zbekiston tashqi siyosatida qo‘shnichilik diplomatiyasi so‘nggi yillarda ustuvor yo‘nalishga aylandi. Bu faqat yaxshi munosabatlar o‘rnatish yoki rasmiy uchrashuvlar sonini ko‘paytirishdan iborat emas. Gap xavfsizlik, iqtisodiyot, transport, energetika va gumanitar sohalarni birlashtiruvchi yaxlit mintaqaviy makonni shakllantirish haqida ketmoqda. Ana shu yondashuv tufayli Markaziy Osiyo xalqaro maydonda tobora yaxlit sub’ekt sifatida namoyon bo‘la boshladi.
Yaqin o‘tmishga nazar tashlasak, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar har doim ham bugungidek ochiq bo‘lmaganini ko‘ramiz. Chegaralar bo‘yicha kelishmovchiliklar, tranzit cheklovlari va o‘zaro ishonchning past darajasi iqtisodiy hamkorlik salohiyatidan to‘liq foydalanish imkonini bermagan. Shu sababli Markaziy Osiyo ko‘p yillar davomida geografik jihatdan yagona hudud bo‘lsa-da, siyosiy va iqtisodiy nuqtai nazardan parchalangan makon sifatida baholanib kelgan.
Bugun esa vaziyat tubdan o‘zgarmoqda. Siyosiy muloqot muntazam tus oldi, davlat rahbarlari uchrashuvlari institutsional shaklga ega bo‘ldi, chegara masalalari bo‘yicha yechimlar topildi. Xususan, 2025-yilda Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida ko‘p yillik bahsli hududlar bo‘yicha kelishuvga erishilgani butun mintaqa uchun muhim voqeaga aylandi. Bu jarayonda O‘zbekiston nafaqat kuzatuvchi, balki mintaqadagi ishonch muhitini mustahkamlash tarafdori sifatida faol ishtirok etdi.
Toshkentning asosiy yutug‘i shundaki, qo‘shnichilik diplomatiyasi endi ikki tomonlama munosabatlar doirasidan chiqib, mintaqaviy siyosatning asosiy tamoyiliga aylanmoqda. Bugun Markaziy Osiyo davlatlari suv va energetika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, transport yo‘laklarini rivojlantirish hamda tashqi bozorlarga birgalikda chiqish kabi masalalarda umumiy manfaatlarni ilgari surmoqda. Bu esa mintaqa mamlakatlarining xalqaro iqtisodiy jarayonlardagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qo‘shnichilik diplomatiyasining yangi bosqichi xalqaro tashkilotlar tomonidan ham e’tirof etilmoqda. 2026-yil may oyida BMT Bosh Assambleyasida Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani mustahkamlashga qaratilgan rezolyutsiyaning qabul qilinishi buning yaqqol dalili bo‘ldi. Hujjat aynan mintaqa davlatlari o‘rtasidagi muloqot va o‘zaro hamkorlikning yangi darajaga ko‘tarilganini tasdiqladi.
Ta’kidlash joizki, bugungi diplomatik faollik faqat mintaqa ichidagi munosabatlar bilan cheklanmayapti. Samarqandda o‘tkazilgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti mintaqa davlatlarining yagona platformadan turib xalqaro hamkorlar bilan muloqot qilish imkoniyatini namoyon etdi. Ilgari tashqi kuchlar Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan alohida-alohida ishlashni afzal ko‘rgan bo‘lsa, hozirda butun mintaqaga yagona strategik makon sifatida qarash tendensiyasi kuchaymoqda.
Eng muhimi, Markaziy Osiyo xalqaro munosabatlarning ob’ektidan asta-sekin sub’ektiga aylanmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston ilgari surayotgan qo‘shnichilik diplomatiyasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etyapti. Transport yo‘laklari, energetika tarmoqlari, transchegaraviy suv resurslari va mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha umumiy yondashuv shakllanayotgani mintaqa manfaatlarini global miqyosda samaraliroq himoya qilish imkonini bermoqda.
Transport yo‘laklari, iqtisodiy manfaatlar va Markaziy Osiyoning yangi siyosiy vazni
Qo‘shnichilik diplomatiyasining samaradorligi avvalo iqtisodiy ko‘rsatkichlarda namoyon bo‘ladi. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo hajmining sezilarli o‘sishi aynan siyosiy muloqot va o‘zaro ishonch mustahkamlanganining amaliy natijasi sifatida baholanmoqda. Bir necha yil avvalgacha chegaralarda yuklarning kunlab ushlanib qolishi, bojxona jarayonlarining murakkabligi va tranzit bilan bog‘liq cheklovlar tadbirkorlar uchun asosiy muammolardan biri edi. Bugun esa mintaqa davlatlari tashqi bozorlarga chiqishda bir-birini raqib emas, balki sherik sifatida ko‘ra boshladi.
Bu jarayon ayniqsa transport sohasida yaqqol ko‘rinmoqda. Dunyoda logistika yo‘nalishlari uchun raqobat kuchayib borayotgan bir paytda Markaziy Osiyo Yevroosiyo qit’asining muhim bog‘lovchi halqasiga aylanish imkoniyatiga ega. Xitoydan Yevropa bozorlariga, Janubiy Osiyodan Rossiya va Kavkazga chiquvchi ko‘plab yo‘nalishlar mintaqa hududi orqali o‘tadi. Shu bois transport infratuzilmasi endi iqtisodiy emas, balki geosiyosiy ahamiyatga ham ega masala sifatida qaralmoqda.
O‘zbekiston mazkur jarayonda faqat ishtirokchi emas, balki tashabbuskor davlat sifatida harakat qilmoqda. Mamlakatning dengizga chiqish imkoniyati yo‘qligi tashqi savdo va tranzit sohasida qo‘shni davlatlar bilan yaqin hamkorlikni hayotiy zaruratga aylantiradi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, qo‘shnichilik diplomatiyasi tashqi siyosatning alohida yo‘nalishi emas, balki milliy iqtisodiy taraqqiyot strategiyasining muhim qismi hisoblanadi.
So‘nggi yillarda Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagiga qiziqishning ortishi ham mintaqa ahamiyatini yanada kuchaytirdi. Rossiya-Ukraina urushi tufayli an’anaviy logistika zanjirlarida yuzaga kelgan o‘zgarishlar Yevropa, Xitoy va boshqa iqtisodiy markazlarni yangi marshrutlar izlashga undadi. Natijada Markaziy Osiyo orqali o‘tuvchi yo‘nalishlar nafaqat iqtisodiy, balki strategik ahamiyat kasb eta boshladi.
Bu o‘zgarishlar tashqi siyosiy maydonda ham o‘z aksini topmoqda. Ilgari mintaqa davlatlari bilan asosan ikki tomonlama munosabatlar doirasida ishlagan tashqi kuchlar bugun Markaziy Osiyo bilan yagona makon sifatida muloqot qilishga intilayapti. Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Turkiya, Fors ko‘rfazi davlatlari va boshqa yirik o‘yinchilarning mintaqaga qiziqishi ortib bormoqda. Muhimi, Toshkent bu jarayonda muvozanatli tashqi siyosat tamoyilini saqlab qolishga harakat qilmoqda.
Ayniqsa, keyingi ikki yilda mintaqa davlatlarining xalqaro sammitlarda umumiy pozitsiya bilan ishtirok etayotgani e’tiborga molik. Bu holat Markaziy Osiyoning siyosiy vazni oshib borayotganini ko‘rsatadi. Ilgari tashqi kuchlar tomonidan qabul qilingan qarorlar ta’siriga ko‘proq duch kelgan mintaqa bugun muayyan masalalarda o‘z kun tartibini shakllantirishga harakat qilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini doimiy muloqot maydoni sifatida rivojlantirish tashabbusi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu format yillar davomida mintaqa davlatlari o‘rtasida yig‘ilib qolgan ko‘plab masalalarni hal qilishga xizmat qildi. Eng asosiysi, davlat rahbarlari o‘rtasida muntazam muloqot mexanizmi shakllandi.
Biroq qo‘shnichilik diplomatiyasining kelajagi faqat rasmiy uchrashuvlar yoki qo‘shma bayonotlar bilan belgilanmaydi. Uning haqiqiy samarasi chegaraoldi hududlarda yashovchi aholi hayotida, savdo aylanmasida, transport xarajatlarining kamayishida va yangi ish o‘rinlari yaratilishida namoyon bo‘ladi. Agar siyosiy kelishuvlar iqtisodiy va ijtimoiy natijalar bilan mustahkamlansa, Markaziy Osiyo integratsiyasi barqaror tus oladi.
Hozirgi bosqichning asosiy xususiyati shundaki, mintaqa davlatlari hamkorlikni tashqi tahdidlarga qarshi vaqtinchalik chora sifatida emas, balki uzoq muddatli taraqqiyot modeli sifatida qabul qila boshladi. Bu esa O‘zbekiston tashqi siyosatida qo‘shnichilik diplomatiyasi navbatdagi diplomatik tashabbus emas, balki butun mintaqa kelajagini belgilab berishi mumkin bo‘lgan strategik konsepsiyaga aylanayotganini anglatadi.
Markaziy Osiyo tarixida birinchi marta mintaqa davlatlari o‘rtasidagi yaqinlashuv tashqi bosim yoki geosiyosiy majburiyat natijasi emas, balki umumiy manfaatlarga asoslangan tabiiy ehtiyoj sifatida shakllanmoqda. Ana shu jihat bugungi jarayonlarning eng muhim va uzoq muddatli ahamiyatini belgilab bermoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA