Qo‘shma tashabbus va loyihalar hududlarni rivojlantiradi
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Belarus Respublikasining Gomel viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Ivan Krupko boshchiligidagi delegatsiya hamda Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksandr Ogorodnikov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona, o‘zaro ishonch va manfaatli sheriklikka asoslangan munosabatlar bugun hududlararo hamkorlik orqali yangi bosqichga ko‘tarilayotganini alohida ta’kidladi. Muloqot chog‘ida Toshkent viloyatining sanoat, qishloq xo‘jaligi, investitsiya, logistika, tadbirkorlik, eksport-import va ishlab chiqarish yo‘nalishlaridagi salohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shu bilan birga, Gomel viloyati bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Xususan, sanoat, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, savdo-iqtisodiy aloqalar, innovatsiyalar, ta’lim va kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.


Uchrashuv yakunida Toshkent viloyati hokimligi hamda Belarus Respublikasining Gomel viloyati ijroiya qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi. Mazkur hujjatga ko‘ra, tomonlar iqtisodiyot, savdo, fan, madaniyat, turizm, sport, sog‘liqni saqlash hamda boshqa yo‘nalishlarda uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, muhim madaniy va xalqaro tadbirlar bo‘yicha axborot almashish, investitsiyaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda hududlar o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini yanada mustahkamlashga kelishib oldi.
Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hududida qo‘shma tashabbus va loyihalarni amalga oshirish uchun barcha zarur sharoit mavjudligini qayd etib, istiqbolli takliflar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.
A.Musayev,O‘zA