Qo‘shimcha ish o‘rinlari paydo bo‘lmoqda
Sirdaryo viloyatida Boyovut tumanining investitsiya va eksport salohiyati joriy yilda sezilarli darajada oshdi. Yanvar-sentyabr oylarida amalga oshirilgan ishlar tufayli tuman iqtisodiyotida faollik yanada ko‘zga tashlandi, aholi bandligi ta’minlandi va daromad manbalari kengaydi.
– Bilasizmi, tumanimizning yillik eksport prognoz ko‘rsatkichi 48,1 million AQSH dollarini tashkil etib, bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 130 foizga o‘sdi, – deydi Boyovut tuman hokimi o‘rinbosari, investitsiya, sanoat va savdo shu’basi boshlig‘i Bobur Abdumalikov. – Yanvar-sentyabrda 33,9 million dollarlik prognoz belgilangan bo‘lsa, amaliy eksport 34,7 million dollarga yetdi va shu tarzda yil boshidan beri eksport rejasi 102 foizga bajarildi.
Meva-sabzavot eksporti ham sezilarli o‘sish ko‘rsatdi. 2024 yilning shu davrida 624 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, 2025 yilning 9 oyida bu ko‘rsatkich 1,7 million dollarga yetdi. Shu bilan birga, g‘alladan bo‘shagan yer maydonlarida dukkakli ekinlar yetishtirish orqali meva-sabzavot eksporti prognozini 100 foizdan yuqori bajarish rejalashtirilmoqda. Yil oxiriga qadar sanoat mahsulotlari 42,4 million dollar, meva-sabzavot mahsulotlari 5,7 million dollar miqdorida eksport qilinishi orqali yillik prognoz to‘liq bajariladi.

Investitsiya sohasida ham faollik yuqori sur’atda. Joriy yilda tumanda qiymati 643 mlrd so‘mlik 53 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu orqali 2 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Loyihalar sohalar bo‘yicha taqsimlanishi shunday: xizmat ko‘rsatish sohasida 40 ta loyiha (422 ta ish o‘rni), sanoat yo‘nalishida 3 ta loyiha (2 070 ta ish o‘rni), qishloq xo‘jaligida 10 ta loyiha (52 ta ish o‘rni).

Yanvar-sentyabrda esa 183,4 mlrd so‘mlik 42 ta loyiha amalga oshirildi va 923 ta ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, 17 ta loyiha qiymati 166,4 mlrd so‘m va 731 ish o‘rni bilan muddatidan oldin amalga oshirildi. Yil oxiriga qadar qo‘shimcha loyihalar bilan 650 mlrd so‘mlik 75 ta investitsiya loyihasi va 2 640 ta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
– Eng asosiysi, tumanimizda investitsiya va eksport salohiyatini oshirish bizning asosiy vazifamiz, – deydi Bobur Abdumalikov. – Yangi loyihalar amalga oshirilishi, eksport quvvatlarining kengayishi hamda sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasidagi rivojlanish aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga xizmat qiladi. Biz har bir investitsiya loyihasini nazorat qilgan holda, uning ijobiy natija berishi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar qilmoqdamiz.

Bobur Abdumalikovнинг ta’kidlashicha, tumanda investitsiya muhiti yanada takomillashtirilmoqda va bu orqali mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish hamda eksport hajmini oshirish imkoniyatlari yanada kengaymoqda.
Boyovutdagi bu ijobiy o‘zgarishlar mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish va investitsion jozibadorlikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Yangi eksport quvvatlari yaratilmoqda, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilmoqda va aholi daromadlari ortib bormoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA