Qo‘shimcha imkoniyatlar ishga tushiriladi
Qaror va ijro
Prezidentimizning 2024 yil 30 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Toshkent viloyatining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari, dala chetlari hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlardan unumli foydalanish choralari ko‘rilmoqda.

Viloyat bo‘yicha 1,7 ming gektar dala chetlaridagi va 61 gektar kanal-kollektor atroflaridagi yer maydonlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va mevali ko‘chatlar ekish rejalashtirilgan. Xususan, bu borada Parkent tumanida ham tizimli sa’y-harakatlar qilinmoqda. Jami ekin ekiladigan dala chetlarida 30,0 gektar, kanal kollektor-drenaj atroflarida 3,50 gektar maydonlarga 34 ming 100 tup ko‘chatlarni ekish rejalashtirilgan. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tuman bo‘limi xodimlari bu jarayonlarni sifatli tashkil etishga harakat qilmoqda.

– Joylarda mevali ko‘chatlar ekish ishlari “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida tashkil etilgan, – deydi O‘simliklar karantini va himoyasi viloyat boshqarmasining Parkent tumanidagi fitosanitar davlat inspektori Nuriddin Nasriddinov. – Sababi, eksportyor tadbirkorlarga yetishtirilgan mevalarni mahalliy aholi bog‘idan yig‘ib olish, kooperatsiya ishlarini tashkil etishga qulaylik yaratish maqsad qilingan. Bu jarayonda tanlangan mevali nihol ko‘chatlarining yaxshi hosil berishi, kasallikka chidamliligi ham nazoratga olinadi.
Hozirda 5 nafar inspektorlar hududlarga biriktirilgan bo‘lib, mart oyida daraxtlarga shakl berish ishlariga e’tibor qaratgan. Jumladan, olma, nok, behi daraxtlariga “siyrak-yarusli” usulda shaftoli daraxtiga esa “kosasimon” usulda shakl berish ishlari bajarilmoqda.

Inspektorlarning aytishicha, daraxtlarga shakl berishning ham o‘z muddatlari mavjud. Urug‘li daraxtlarga kuz va bahor faslida shakl berish ishlari olib boriladi. Bunda, albatta, havo haroratiga ham e’tibor qaratish kerak. Fevral oyining oxiri va mart oyining boshlarida, daraxtlar uyg‘onmasidan avval shakl berish eng maqbul muddat hisoblanadi. Shakl berish uchun qulay bo‘lgan havo harorati +5° darajadan yuqori bo‘lishi kerak.

Shuningdek, Piskent tumanidagi Oxunboboyev nomli hudud fermer xo‘jaliklarida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ular dala chetidagi bo‘sh yerlardan samarali foydalanish uchun turli ekin va ko‘chatlar ekish choralarini ko‘rmoqda. Mazkur hududda 1 ming 600 gektar yer maydoni qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun ajratilgan bo‘lib, 24 ta fermer xo‘jaligi paxta va g‘alla yetishtirish bilan, 20 dan ziyod fermer sabzavotchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanmoqda.

Ular har yili kuzda dala chetlariga 2 ming tupdan ziyod mevali va manzarali ko‘chatlar ekib, parvarish qiladi. Piskentlik fermerlar bu yil erta bahordan 3 ming tupdan ziyod tut va terak hamda mevali ko‘chatlar ekishni boshladi. Ariq-zovurlarni tozalash, betonlash, yerlarni tekislash, kuzda ekilgan daraxt ko‘chatlarining atrofini yumshatish, texnikalarni sozlash ishlari davom etmoqda.

Ayni paytda mavjud haydov traktorlari, kultivator va seyalkalardan samarali foydalanish choralari ko‘rilgan. Ayniqsa, undan tejamkorlik bilan foydalanish uchun tomchilatib sug‘orish va yer maydonlarini lazerlik tekislash texnologiyasi joriy etilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2024 yilda fermerlar tomonidan 300-400 metr uzunlikdagi ariqlarda betonlashtirish ishlari olib borilgan bo‘lsa, bu yilda 500-600 metrda ariqlar betonlashtiriladi. Umuman olganda, Toshkent viloyatida qilinayotgan bu kabi bahoriy yumushlar tufayli foydalanilmayotgan imkoniyatlar ishga tushiriladi.
A.Musayev, O‘zA