Qo‘shaloq bayram: Churuq ovuli 100 yoshda
Cho‘l bag‘rida shunday maskanlar borki, ularning har bir tepaligi, har bir so‘qmog‘i, har bir xonadoni ortida butun bir avlodning taqdiri, mehnati va xotirasi mujassam. Ularning tarixini kitoblardangina emas, odamlarning xotirasi, duosi, urf-odati va avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan rivoyatlaridan ham anglash mumkin.
Buxoro viloyatining Shofirkon tumani markazidan qariyb 100 kilometr olisda joylashgan Churuq ovuli ana shunday tarixiy maskanlardan biri. Bu yil ovul ahli uchun ikki karra quvonchli sana bo‘ldi: mamlakatimiz mustaqilligining qutlug‘ 35 yilligi va Churuq ovulining 100 yillik yubileyi bir-biriga uyg‘un holda keng nishonlandi.
Bir asr — inson umri uchun ulkan muddat. Ammo xalq tarixi uchun bu raqamdan ham ko‘ra ko‘proq ma’no anglatadi. Churuqning yuz yillik tarixi — bu bir ovulning emas, balki shu zaminda mehnat qilgan, ro‘zg‘or tebratgan, farzand o‘stirgan, yurt tinchligi va obodligiga hissa qo‘shgan avlodlarning hayot solnomasi.
Churuqning o‘ziga xos tarixi uzoq o‘tmish qatlamlariga borib taqaladi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro amirligi davrida, xususan, Amir Olimxon hukmronligi yillarida bu hudud muhim savdo va strategik yo‘nalishlardan birida joylashgan.
O‘sha davrlarda hozirgi Zarafshon va Tomdi hududlari, shuningdek, Qozog‘iston tomonidan Buxoro amirligi sari yo‘l olgan savdo karvonlari Churuq hududi orqali harakatlangan.

Karvonlar Qozog‘iston hududidan “Qozoq-asuv” deb ataluvchi tog‘lar orasidagi yirik dovon orqali Buxoro tomon yo‘l olgan. Uzoq yo‘lni bosib o‘tayotgan savdogarlar, chorvadorlar va karvon ahli uchun Churuq muhim bekatlardan biri bo‘lgan.
Tasavvur qiling: sahro sukutini tuyalar qo‘ng‘irog‘i buzadi. Uzoqdan kelayotgan karvonlar bu maskanda bir zum to‘xtaydi. Yo‘lovchilar nafas rostlaydi, chorvaga qaraladi, odamlar bir-biri bilan hol-ahvol so‘rashadi. Ana shu oddiy manzaralar asrlar o‘tib, Churuqning tarixiy xotirasiga aylangan. Shu ma’noda, bu zaminning har bir qarichida o‘tmishning o‘ziga xos izlari bor.
Yubiley munosabati bilan O‘zbekistonning turli hududlaridan, shuningdek, qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidan mehmonlar Churuqqa tashrif buyurdi. 300 nafarga yaqin qardosh o‘zlarining tarixiy maskaniga, ota-bobolari yashagan, qarindosh-urug‘lari kamol topgan aziz go‘shaga jam bo‘ldi.
Kimdir uzoq yillar ko‘rishmagan qarindoshini bag‘riga bosdi. Kimdir bolalik xotiralarini esladi. Yana kimdir ota-bobolari haqida hikoyalar aytib, o‘tmish bilan bugun o‘rtasida ko‘prik qurdi.
Bu yerda chegaralar emas, qardoshlik rishtalari ustuvor edi. Turli hududlardan kelgan insonlarni birlashtirgan tuyg‘u esa bitta — Churuqqa, uning tarixi va odamlariga bo‘lgan mehr edi.

Tantanalarning dastlabki kunida mehmonlar uchun keng dasturxon yozildi. Milliy taomlar, jumladan, qardosh xalqlarning sevimli taomi — beshbarmoq tortildi.
Bir dasturxon atrofida jam bo‘lgan insonlar uchun bu shunchaki ziyofat emas edi. Bu — xalqimizning azaliy mehmondo‘stlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik an’analarining yana bir yorqin ko‘rinishi bo‘ldi.
Davrada Qur’oni karim tilovat qilinib, o‘tib ketgan ajdodlar ruhi yod etildi. Yurt tinchligi, osoyishtaligi va bugungi farovon hayot uchun shukronalar bildirilib, duoga qo‘l ochildi. Bir asrlik tarixni yaratgan avlodlar xotirasiga bunday ehtirom — o‘tmishga hurmatning eng yuksak ko‘rinishlaridan biridir.
Tantana davomida ovul umumta’lim maktabi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy dastur namoyish etildi. Yangragan milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar va sahna ko‘rinishlarida xalqimizning urf-odatlari, milliy qadriyatlari va Vatanga muhabbat tuyg‘ulari o‘z ifodasini topdi. Ayniqsa, navqiron avlod vakillarining sahnadagi chiqishlari bayramga alohida fayz bag‘ishladi. Bu manzarada yana bir haqiqat yaqqol ko‘rindi: tarix faqat o‘tmishda qolib ketmasligi kerak. U yosh avlod qalbiga singdirilsagina yashaydi.
Bugun sahnada qo‘shiq kuylayotgan, milliy an’analarni namoyish etayotgan bolalar ertaga Churuqning tarixini davom ettiradigan avloddir.

Yubiley tantanalarining ikkinchi kuni ham o‘ziga xos shodiyona bilan davom etdi. Mehmonlar uchun an’anaga ko‘ra, dasturxonga beshbarmoq va osh tortildi. Yana bir bor diydorlashuvlar, samimiy suhbatlar va ezgu tilaklar yangradi.
Ovul qirida esa xalqimizning qadimiy milliy o‘yinlaridan biri — ko‘pkari tashkil etildi. Unda yaqin va uzoq hududlardan tashrif buyurgan mohir chavandozlar ishtirok etishib, o‘z mahoratlarini namoyish etishdi. Qizg‘in kechgan uloq-ko‘pkari bahslari tomoshabinlarga o‘ziga xos zavq va hayajon bag‘ishladi.
Otlar dukuri, chavandozlarning shiddati, tomoshabinlarning olqishi — bularning barchasi sahro bag‘ridagi bayramga milliy ruh va betakror joziba bag‘ishladi.
Churuq ovulining yuz yilligi mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida nishonlangani ham ramziy ma’noga ega.

Bugun Yangi O‘zbekistonda tarixiy xotirani tiklash, milliy qadriyat va an’analarni asrab-avaylash, mahallalarni obod qilish, chekka hududlarda yashovchi aholi uchun munosib sharoitlar yaratish masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Davlat rahbari tashabbuslari asosida inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini oshirish, mahallalarni rivojlantirish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Churuqdagi bugungi shodiyona ham ana shu siyosatning hayotdagi oddiy, ammo juda ta’sirchan ifodasidir. Chunki taraqqiyot faqat yirik shaharlar va zamonaviy inshootlarda emas. U olis ovullardagi insonlarning ko‘nglidagi xotirjamlik, o‘z tarixi va qadriyatlariga bo‘lgan iftixorlarida ham namoyon bo‘ladi.

Churuqning yuz yilligi — ko‘plab avlodlar hayoti demak. Bir asr davomida qancha avlod almashdi. Qancha bolalar dunyoga keldi, voyaga yetdi, o‘z farzandlarini tarbiyaladi. Qancha mehnatkash insonlar bu sahro bag‘rida o‘z izini qoldirdi. Bugun esa ularning avlodlari bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, ajdodlarini yod etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri