Qorovulbozorda tibbiy ko‘rik
Tibbiyot sohasini rivojlantirish va aholiga malakali sifatli va samarali tibbiy yordamni tashkil qilish bo‘yicha respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Markaz viloyat filialining o‘ttizdan ortiq vrach mutaxassislaridan iborat tibbiyot guruh aholi salomatligini saqlashda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Qorovulbozor tumanida bo‘ldi. Tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida cho‘lquvarlar uchun aholining chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rigi tashkil etildi.

Endoxirurg, qon-tomir xirurgi, ginekolog, travmatolog, neyroxirurg, bolalar xirurgi, bolalar reanimatologi, UTT, EKG vrachlari, endoskopist, kardioreanimatolog, anesteziolog-reanimatolog, kardiolog, terapevt, pediatr, shuningdek, jarrohlik amaliyoti brigadasi mutaxassislari tibbiy ko‘rikda aholi salomatligini tekshiruvdan o‘tkazdi.

480 nafardan ziyod aholi vakillari tibbiy ko‘rikda qatnashdi. Shulardan 250 nafarida turli yo‘nalishdagi kasallik alomatlari aniqlandi. Ularning 60 nafaridan ortig‘iga tuman tibbiyot birlashmasida, 32 nafari viloyat tibbiyot muassasalarida davolanish uchun yo‘llanmalar berildi. Shuningdek, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha bemorlarning 74 nafariga ambulator va 26 nafariga statsionar, qolgan bemorlarga o‘zlari yashash hududlaridagi oilaviy poliklinikada ambulator sharoitda davolanish tavsiya etildi.


– Aniqlangan kasalliklarni davolash doirasida travmatolog, xirurglardan iborat operatsion brigada to‘liq steril tibbiy asbob-anjomlar to‘plami bilan tumanning “Emergency department” bo‘limida jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdi, – deydi filial direktori M.Rajabov. –Bemorlar uchun kechiktirib bo‘lmas bu operatsiyalar yosh mutaxassislar uchun “mahorat darsi” bo‘ldi. Bir kunda filialning yetakchi mutaxassislari tomonidan 5 ta kam invaziv yuqori texnologiyali murakkab operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazilgan bo‘lsa, bu aksariyati kam ta’minlangan oila a’zolarida bajarilgani bilan ahamiyatli. Muhimi, bu kabi aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirish tadbirlari muntazam davom ettiriladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri