“Qorasuv" chegara-bojxona posti ochildi
Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov tashabbusi bilan ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik hamda qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, hamkorlik, savdo-sotiq ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Ayniqsa, ikki xalq o‘rtasidagi qo‘shnichilik munosabatlarini yaxshilash, o‘zaro bordi-keldini osonlashtirish maqsadida qator chegara bojxona postlar, o‘tkazish punktlari ishga tushirildi.
Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanini Qirg‘iz Respublikasining O‘sh oblasti bilan bog‘lab turuvchi “Qorasuv” chegara-bojxona postining ochilishi ham ana shu yo‘nalishdagi xayrli ishlardan biri bo‘ldi.
Ushbu chegara-bojxona posti 2010 yilda yopib qo‘yilgan edi. Natijada asrlar davomida bordi-keldi qilib kelayotgan, bir-birlari bilan quda-andaga aylangan minglab kishilar, har ikki tomondagi qarindosh-urug‘lar, qo‘yingki, ikki xalq o‘rtasidagi aloqalar cheklab qo‘yilgandi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumati vakillari, qo‘shni Andijon va O‘sh viloyatlari rahbarlari, keng jamoatchilik ishtirokida “Qorasuv” chegara-bojxona postining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirlar ikki xalq vakillari uchun haqiqiy bayramga aylandi.
Zamonaviy, barcha qulayliklarga ega chegara-bojxona postida ikki mamlakat fuqarolarining kirishi va chiqishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Post zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanganligi bois, o‘tuvchilar nafaqat fuqarolik pasportlari, balki ID-karta bilan ham bemalol o‘tishlari mumkin.
[gallery-19239]
Qariyb uch gektar maydondan iborat bo‘lgan chegara-bojxona postidan bir sutkada 6-7 ming nafar fuqaro o‘tishi mumkin. Postdan o‘tishda yo‘lovchilar asosan yopiq inshootlar bo‘ylab harakatlanadi. Bundan tashqari, post orqali yengil transport vositalarining o‘tishi uchun ham imkoniyatlar yaratilgan.
Shuningdek, o‘tkazish punktida bojxona va chegara tekshiruvidan tashqari veterinariya, karantin ko‘rigi xizmatlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Qo‘shnichilik munosabatlari, do‘stlik rishtalari hamda hamkorlikning yanada mustahkamlanishi, qo‘shni davlatga borish-kelishdagi to‘siqlar, ortiqcha ovoragarchiliklarga barham berilayotganligi asrlar davomida qo‘shni yashayotgan, tili, dini, turmush tarzi bir ikki xalq aholisini behad quvontirmoqda.
– Ushbu chegara-bojxona postining ochilganligidan juda xursand bo‘ldik, – deydi Qorasuv shahrida yashovchi mehnat faxriysi Sirojiddin Hasanov. – Chunki Qirg‘izistonda qarindosh-urug‘, qadrdonlarimiz bor. Shu paytgacha ular bilan Xo‘jaobod tumanidagi “Do‘stlik” chegara posti orqali bordi-keldi qilayotgan edik. Masofaning bir muncha olisligi, o‘tishdagi navbatlar qiyinchilik tug‘dirayotgandi. Mana “Qorasuv” chegara-bojxona posti ochildi. Nasib etsa, endi unday qiyinchiliklar bo‘lmaydi. Ikki qo‘shni xalqni yanada yaqinlashtirishga yordam beradigan bu kabi xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘layotgan Prezidentimizga rahmat.
Mazkur postning ochilishi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, savdo-sotiqni rivojlantirish, shuningdek, madaniy va ijtimoiy hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Chegara-bojxona posti ochilishiga bag‘ishlagan tantanali tadbirlar chegaraning har ikki tomonida bayramona, yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari