Qoraqalpoq Hotamtoyi
Ha, bir vaqtlari xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida bu inson haqida koʻp yoritildi, lekin, uning fenomeni hali toʻla oʻrganilmadi.
Kuba prezidenti Fidel Kastro Rus tan olgan, Rossiya estrada yulduzi Alla Pugachyova taʼzim qilgan, ukrainalik aka-uka bokschi Klichkolar otasi sifatida koʻradigan, saxovatpeshalik boʻyicha dunyoga dong tarqagan qoraqalpogʻistonlik Allaniyaz Uteniyazov haqida eshitganmisiz?
Ha, bir vaqtlari xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida bu inson haqida koʻp yoritildi, lekin, uning fenomeni hali toʻla oʻrganilmadi.
Allaniyaz Uteniyazov 1936-yilda Qoraqalpogʻistonning Kegeyli tumani Qazayaqli qishlogʻida dehqon oilasida dunyoga kelgan. 1950-yil oxirlarida Qoraqalpoq davlat pedagogika institutining roman-german fakultetining ingliz tili yoʻnalishida tahsil olgan. Uning nomi talabalik yillaridan chiqa boshladi. Paxta yigʻim-terim paytida bir kunda 400 kilogacha paxta, 1 ming 200 kilogacha paxta gʻoʻzasini tergan Allaniyazga “kombayn” deb nom berishdi. Boshqa eng ilgʻor terimchi deganlarning oʻzi bir mavsumda 2,5-3 tonna paxta tersa, Allaniyazning marrasi 12-15 tonna boʻldi. Paxtada tergan paxta uchun pul berilar edi. Bu pullarni u xayriya ishlariga sarf qilardi.
U birinchi kursni tugatgandan keyin yozgi taʼtil paytida qishlogʻidagi Qurbaniyazovlar oilasiga uy qurib berdi. Bu uning birinchi marta qurgan uyi edi. Xizmatiga hech qanaqa haq olmadi.
1962-yilda institutni tamomlab oʻz qishlogʻidagi 4- umumtaʼlim maktabida ingliz tili oʻqituvchisi sifatida boshlab, 42 yil davomida dars berdi.
Fidoiy ustoz oʻquvchilarga dars oʻtish bilan bir qatorda qishki va yozgi taʼtil paytlarida yolgʻiz boshli, yordamga muhtoj 42 nafar qariyaga uy qurib berib, bu mehnatlari uchun bir soʻm ham haq olmagan. Shuningdek, u bitta oʻzi 2 ta maktab, 2 ta akusherlik punkt, 2 ta bolalar bogʻchasi va bitta kutubxona qurdi. Undan tashqari 174 ta xonadonning uylarini kapital taʼmirlagan. Hamma qurgan uylari uchun shaxsan oʻzi hech qanday texnikalarning yordamisiz 860 ming dona gʻisht quygan. Bu ishlarining barchasini tekinga bitta oʻzi amalga oshirgan.
Allaniyaz Uteniyazov haqida Oʻzbekistondagi deyarli barcha gazeta-jurnallarda maqolalar chop etildi, televideniye va radiolarda tinmasdan targʻib qilindi. Sobiq Ittifoqdagi koʻp adadli “Pravda”, “Komsomolskaya pravda”, “Semya” va boshqa nashrlarda qator maqolalar chop qilingandan keyin uni butun dunyo taniy boshladi. Xususan, “Pravda” gazetasining 1985-yil 29-sentyabr sonida chop qilingan “Lik dobrotы” (muallifi xalq yozuvchisi, Oʻzbekiston Qahramoni Tulepbergen Qaipbergenov) maqolasidan soʻng Allaniyaz Uteniyazov nomiga dunyoning turli burchaklaridan maktublar oqilib kela boshladi.
Shu paytdagi Kuba davlatining prezidenti Fidel Kastro Rus: “Siz oʻz insoniylik mehnatingiz bilan barcha odamzod bolasidan juda yuqori turasiz. Bu ishlaringiz yosh avlodlarni tarbiyalashda namuna boʻladi. Men sizga tan beraman...” deb yozdi. Rossiya estrada primadonnasi Alla Pugachyova: “Sizning xolis xizmatlaringiz men uchun ibrat, minnatdorman. Sizdek odamning yurtimizda bor ekanligiga quvonaman. Xalqqa bepul qilgan mehr-shavqatingiz oldida taʼzim qilaman...” desa, mashhur Muslim Magomayev: “Muhtaram, muallim. Sizni va oila aʼzolaringizni 1-may bayrami bilan chin dildan qutlayman. Sizga teran sogʻlik tilayman. Oʻzingizning xayriya-saqovat ishlaringizni, bor aql-isteʼdodingiz bilan davom ettira bergaysiz. Siz XX asrning Prometeyisiz... (Prometey xudodan olov urlab odamlarga yaxshilik koʻrsatgan yunon mifologik qahramoni)” deb eng iliq dil soʻzlarini izhor etib telegramma yoʻllagan. Argentinalik millioner Sapun esa oʻz maktubida: “Mening qoʻl ostimda 4 ming kishi ishlaydi. Argentinada eng boy odamlardan biriman. Xususiy mol, parranda fermalarim, fabrikalarim bor. Lekin, mening boyligim sizning boyligingiz qoshida chirik dunyodir. Sizning insoniylik maʼnaviy boyligingiz hech qachon oʻlmaydi, chirimaydi, mangu qoladi. Sizning qilgan xizmatingiz dunyoda katta yangilik boʻldi. Oʻqib koʻrib, hayron qoldim. Menga katta turtki boʻldi. Men ham xayr-saqovatli boʻlishga bel bogʻladim. Mening sizga uchta savolim bor. Shunga javob berishingizni iltimos qilaman:
1. Bu ishlarni oʻz xoxishingiz bilan amalga oshirasizmi yoki birov ishla deb aytadimi?
2. Sizda qanday kuch bor?
3. Mahalliy aholi bu ishlaringizga qanday qaraydi?” degan.
Ikki karra sobiq Kengashlar Ittifoqi Qahramoni A.Ryazanov: “Oʻqituvchilar qurultoyiga kelsang, bolangni ham ola kel. Bizning xonadonning eshigi siz uchun hamisha ochiq” deb, xatiga javob yozishni soʻrasa, boks boʻyicha jahon chempioni Vitaliy Klichko: “Sizning xalqingizga qilgan xayrli ishlaringizni eshitib, Biz jahon ringidagi gʻalabalarimiz haqida aytishga or qilyabmiz. Sababi siz 30-35 yil oʻz hayotingiz davomida qanday qilib boʻlmasin ojiz va kambagʻal kishilarga yordam qilyabsiz. Biz esa oʻz “ishimiz”da 30-35 minut raqibimizni doʻpposlashimiz kerak. Aynan shuning uchun, ukam Vladimir bilan birga sizni otamiz sifatida koʻramiz. Siz biz uchun ideal odamsiz. Men har doim ringga jangga chiqishdan avval sizni tasavvur qilaman va Sizga ishonaman. Shu paytda oʻzimga kuch-quvvat toʻplagandek sezaman va gʻolib boʻlaman” deydi.
Jami miqdorda Allaniz Uteniyazov nomiga dunyoning har xil davlatlaridan 1500 dan ortiq maktub kelgan. Ularning barchasiga javob yozib oʻtirgan.
Allaniyaz Uteniyazovning ishlari 1963-yildayoq davlat rahbarlarining eʼtiborini tortadi. U paytda Ittifoqni N.Xruщyev boshqarib turardi va makkajoʻxori ekish avjiga chiqqan edi. Allaniyaz Uteniyazov bironta kimyoviy oʻgʻit qoʻllanmasdan makkajoʻxorini 5-6 metrgacha oʻstirgan, har donasidan moʻl hosil olgan. Bu butun Ittifoqdagi rekord koʻrsatkich boʻlgan. Uning qilgan ishlari Sharof Rashidovning qulogʻiga ham yetib borgan.
Allaniyaz haqida yozilgan “Allaniyaz Qaharman – adamgershiliktiң joqargʻы shыңы” (Allaniyaz Qahramon – insoniylikning yuksak choʻqqisi) kitobida (muallifi Eliza Dauletmuratova va Allambergen Dauletmuratov) shunday qiziqarli maʼlumot beriladi:
Allaniyaz hattoki maktabdan olgan oyligini ham kambagʻal oilalarga ishlatib yuborgan. Uning turmush oʻrtogʻi ham oʻziga oʻxshash rahmdil inson boʻlgan, erining ishlarini doimo qoʻllab kelgan.
Makka boʻliq boʻlgandan keyin shu paytdagi Qoraqalpogʻiston obkomining birinchi kotibi Qallibek Kamalov, Moskvadan, Toshkentdan muhbirlar tez tez kelib turardi. Ular qurilgan uylarni, makka dalasini rasmga olardi.
Bir kuni makka dalasiga Sharof Rashidov keldi va makkani koʻrib, Allaniyazdan “bunga qancha azot berasiz?”, deb soʻradi:
- Azot topish qiyin, mol goʻngi beraman. Anavi chuqurni goʻng bilan toʻldiraman. Shahardagi sanochistka mashinalari goʻngni qumlarga olib borib toʻkmoqda, shular bilan kelishib chuqurning ichini toʻldirib, ustidan makkaga suv qochiraman. Qarabaraq degan oʻsimlik shoʻr yerda oʻsadi. Chuqurga shuni tashlayman. U goʻngni tezda chiritib, koʻpib chiqartiradi. Buning tarkibida azot va kaliy tuzlari bor. Ota-bobolarimiz sovun boʻlmagan zamonda kiyimlarni shu oʻsimlikning suviga yuvgan, — deganda Sharof Rashidov lol qolib, juda minnatdor boʻladi.
- Seni tugʻgan ota-onangga rahmat. Ota-onang bormi?
- Uyimda yolgʻiz onam bor. Otam frontda halok boʻlgan.
- Onangga salom beraylik. Onangni koʻrsat, — deydi Sharof Rashidov.
- Uyim shu ovulda. Uyim taʼmirtalab. Qoʻlim tegmayapti. Oʻzim gʻarib insonlarga bepul uy qurib beryabman, — deydi Allaniyaz.
Soʻng Sh.Rashidov uyiga borib, onasiga salom beradi.
- Bu yigit uyiga qaramas ekan. Boshqalarga uy qurib yurib, oʻz uyiga vaqti boʻlmas ekan. Unda Allaniyazovga oʻzing uy qurib bergin, — deb Qallibek Kamalovga topshiriq beradi.
Shu voqeadan keyin Allaniyazning ekkan makkasini koʻrish uchun Xorazm, Buxoro viloyatlaridan odamlar kela boshlaydi. Shu yerda koʻrgazma tashkil qilinadi. Sanʼatkorlarning ham izi uzilmaydi. Mashhur xonanda Komiljon Otaniyozov ham Xivadan kelib konsert uyushtiradi.
1964-yilda Xrushyov ishdan boʻshaydi, makkajoʻxori masalasi ham sekin muhimligini yoʻqota boshlaydi. Shu paytda kolxoz raisi “endi makka ekmaymiz, pomidor ekamiz” deb Allaniyazning 40 gektar yerini olib qoʻyadi. Kolxoz raisi undan xafa ekan. Sababi, Sharof Rashidov kelgan paytda u kolxoz raisiga xabar qilmagan ekan. “Hech boʻlmasa 5 gektar yer bering, men ham pomidor ekay” desa ham aytganini qilmaydi. “Boradigan yeringga bor, senga yer yoʻq” deb poʻpisa qiladi.
Keyin Allaniyaz Gorkomga boradi, u yerda ham “pomidorni kolxoz ishchilari ekadi, sen maktabing bilan boʻla ber” deb qaytaradi. Qallibek Kamalov u paytda ovulda boʻlmaydi. Allaniyaz endi bir madad Rashidovdan, deb Toshkentga borishga ahd qiladi va maktab direktoridan ruxsat soʻrasa, u tuman xalq taʼlimi boʻlimidan soʻra, deydi. Tuman xalq taʼlimi boʻlimiga kelsa ular ham rad etadi. “Agar Toshkentga ketsan, ishdan haydalasan” degan javob eshitadi.
Soʻng tavakkal qilib, Toshkentga uchadi. OʻzLKSMning birinchi kotibi R.Abdullayevning oldiga boradi. Abdullayevni u doim yigʻilishlarda koʻrardi. U ham buni yaxshi tanirdi. Unga masalani tushuntiradi. Abdullayev Allaniyazni respublika rahbarining oldiga olib kiradi.
Sh.Rashidov yaxshi kutib oladi. Ahvollarini, makkani soʻraydi. U barini aytadi, yerini olib qoʻyganini va pomidor ekish uchun bermayotganini va hokazo.
Darhol Rashidov goʻshakni koʻtarib Q.Kamalov bilan gaplashadi:
- Menga odamlar amal, mashina soʻrab kelardi. Allaniyaz Uteniyazov esa yer soʻrab keldi. Dehqonchilik qilmoqchi. Qoraqalpogʻistonda yer ozmi? Uning dehqonchilik qilish qoʻlidan keladi. Nima, unda endi uning tajribasini Fargʻonada qoʻllaylikmi? – deydi.
- Mening bundan xabarim yoʻq edi, yer beramiz. Sharoitini ham qilib beramiz. Oʻtgan yili uyini qurib berdik, — deydi Q.Kamalov.
Soʻng goʻshakni oʻrniga qoʻyib:
- Allaniyaz, senga rahmat, yer beradi. Mehnatingni koʻrsat xalqqa. Biz sizdek yoshlarni qadrlaymiz, Ishing hal boʻldi, endi qaytavering. Omad yor boʻlsin, — deydi.
- Men uch kun darsdan qolib ketdim. Ruxsat soʻrasam, javob berishmadi. Meni tuman xalq taʼlimi boʻlimi, maktab direktori ishdan boʻshatgan boʻlsa ham kerak, — deydi.
- Boʻshatmaydi. Mana bu qogʻozni tuman xalq taʼlimi boʻlimi boshligʻiga koʻrsat, — deb oʻzining vizit kartochkasini beradi.
Ertasiga maktabga borsa, ishdan boʻshatilganligi haqida buyruqni koridorga ildirib qoʻygan ekan. Tuman xalq taʼlimi boʻlimiga borsa, ishdan boʻshatilding, deydi. “Men Toshkentga bordim. Sharof Rashidovning oldiga kirdim” desa ishonmaydi.
Qaytanga “Rashidov seni nima qilsin? Uning sendan boshqa ishi yoʻq ekanmi?” deb kalaka qiladi.
Soʻng vizit kartochkasini koʻrsatganda, tuman xalq taʼlimi boʻlimi boshligʻining koʻzlari xonasidan chiqib ketay deydi va oʻzi maktabga kelib, direktor bilan gaplashib buyruqni bekor qildiradi. Keyinchalik kolxoz yer ham berdi. Poliz ekadi. Pomidorlar kosaday oʻnib chiqadi.
Oliyjanob insonni Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ham qadrlagan. “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” kitobida uni Behbudiy, Munavvarqori, Avloniy, Choʻlpon, Fitrat va boshqa buyuklar qatorida koʻradi.
Shuncha ishlarni bajarib yurgan Allaniyaz maktabdagi darslarini biron marotaba boʻlsayam qoldirmagan. Hattoki, bir vaqtlari tuman maktablarida ingliz tili fani oʻqituvchisi yetishmay qolgan. Shunday paytlarda orasi 4-5 km keladigan 3 ta maktablarga qatnab ishlashiga toʻgʻri kelgan va u buni doimo uddalab kelgan. Yana maktablar orasiga piyoda qatnagan. Mana shu kasbida u 42 yil faoliyat yuritgan.
Allaniyaz Uteniyazov butun umri davomida qoʻli mehnatdan boʻshamadi. Faqat 2001-yilda bir martagina Fargʻonaga sanatoriyaga borgan. Unda ham tuman hokimi tezda chaqirtirib olgan. Sababi uni “Oʻzbekiston Qahramoni” yuksak davlat mukofotini topshirish marosimiga qatnashish uchun Prezident devonidan izlayotgan edi.
Uning hayoti davomidagi qilgan ishlari yuksak ibrat namunasidir. Agar uning hayoti davomida amalga oshirgan xayr-saxovat ishlari hujjatlashtirilib tegishli organlarga topshirilganida u xalqaro mukofotlarga ham sazovor boʻlishi mumkin edi. Lekin, shaxsan oʻzi qilgan ishlarini koʻz-koʻz qilishni umuman yoqtirmagan.
2000-yilda Qoraqalpogʻistonga ogʻir keldi. Hududda ekologik qiyinchilik, suvning yetishmovchiligi yuzaga kelgan bir paytda u 15 gektar maydonda “Saxovat” nomli bogʻdorchilik fermer xoʻjaligini tashkil qildi va unda har xil meva, poliz mahsulotlarini yetishtirdi. Suvsizlik paytida kanalning tubida qolgan suvlarni qoʻlda tashib bogʻdagi ekinlarini sugʻordi. Undan olingan mahsulotlarni mehribonlik va muruvvat uylariga bepul tarqatdi. Bogʻ hozirda uning bolalari tomonidan parvarishlanib kelinmoqda.
Allaniyaz Uteniyazovning xizmatlari hukumat tomonidan yuksak baholandi. U “Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi“, “Qoraqalpogʻistonga xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi”, “Oʻzbekiston seleksioneri“, “Mehnat qahramoni“ ordenlari bilan taqdirlangan. 2001-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻldi.
Allaniyaz Qahramon ortida oʻlmas buyuk meros qoldirib 2006-yilda vafot etdi. Uning ismi hamisha gʻurur bilan tilga olinadi. Biz uchun Allaniyaz ismi saxovatlikda hotamtoyga tengdir.