Qoraqalpog‘istonlik ayollar Sirdaryoda e’zozda
Sirdaryo viloyati tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qonliko‘l tumani aholisining turmush darajasini yaxshilash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida har tomonlama ko‘mak berib kelinmoqda. Ayniqsa, tumandagi xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Kuni kecha Qonliko‘l tumanidan 20 nafar «Ayollar daftari»da turgan ayollar «Yangiyer» sihatgohiga sog‘liklarini tiklash uchun olib kelindi. Ular uchun o‘n kun davomida viloyatning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar, madaniy tadbirlar, uchrashuvlar tashkil qilish rejalashtirilgan.
Dastlabki manzil Guliston shahri bo‘lib, mehmonlarga uchun viloyat musiqali drama teatrida «Xotinlar «gap»idan chiqqan hangoma», deb nomlangan komediya namoyish etildi. So‘ng, ular «Bilimdonlar maskani», Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi, «Tadbirkorlar va hunarmandlar xiyoboni» va «Yoshlar markazi»da bo‘ldi. Guliston shahridagi ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, aholi turmush tarzi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

– Umrim Qonliko‘l tumanidagi olis ovulda farzandlar tarbiyasi, turmush tashvishlari bilan o‘tib ketibdi, – deydi 73 yoshli Danesh ona Otarbayeva. – Biz qoraqalpoq ayollariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan behad mamnunmiz.

– Sirdaryoga kelgan bu ayollarning ko‘pchiligi o‘z ovullaridan, tumanidan chetga chiqmagan, – deydi To‘rtko‘llik Guliston opa Aliyeva. – Bizga "Yangiyer" sihatgohida ko‘rsatilayotgan izzat-ikromdan, e’tibordan boshimiz ko‘kka yetdi. Umrimiz yanada uzaydi. Bu kunlar biz, qoraqalpog‘istonlik ayollarning hayotimizdagi eng baxtli kunlardan bo‘lib qoladi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA