Qoraqalpog‘istonda tibbiyot: ilm-fan, ta’lim va amaliyot uyg‘unligi
Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida bir qator loyihalar bilan tanishar ekan, Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasiga ham tashrif buyurdi. Akademiyada yaratilgan sharoitlar va uning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, tibbiyot fanlari doktori, dotsent Sevara Ubaydullayeva o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi faoliyati bilan tanishuvi hududda sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, tibbiy kadrlar salohiyatini oshirish va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalarini namoyon etdi.
Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasining tashkil etilishi hududda tibbiy kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini muntazam oshirish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Akademiya faqatgina malaka oshirish muassasasi emas, balki ilm-fan, ta’lim va tibbiy amaliyotni birlashtiruvchi zamonaviy innovatsion markaz sifatida shakllantirilmoqda. Bu esa tibbiyot sohasida nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ilg‘or texnologiyalarni tezkor joriy etish va mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini doimiy ravishda takomillashtirish imkonini beradi.
Akademiyada har yili 3 ming nafar shifokor hamda 6 ming 800 nafar o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimining malakasini oshirish imkoniyati mavjud. Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasidan har yili qariyb 100 nafar klinik ordinator tayyorlanishi ko‘zda tutilgan.
Bu raqamlar shunchaki statistik ko‘rsatkich emas. Ular hududda tibbiy kadrlar salohiyatini tizimli ravishda oshirish, mutaxassislarning zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan xabardorligini kuchaytirish va aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning ko‘lamini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, uzoq hududlardan keladigan mutaxassislarning ta’lim olishi uchun zarur sharoitlar yaratilgani, 72 o‘rinli zamonaviy mehmonxonaning tashkil etilgani shifokorlar va tibbiyot xodimlarining malaka oshirish jarayonida qulay sharoitlar bilan ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Akademiyada 18 ta simulyatsion xonaning tashkil etilgani esa tibbiy ta’limning amaliy yo‘nalishini yanada kuchaytirmoqda. Ularda 50 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha raqamli va simulyatsion ta’lim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mutaxassislarni 100 dan ziyod tibbiy amaliyot bo‘yicha xalqaro standartlar asosida tayyorlash imkoniyati yaratilgan.
Bugun tibbiy ta’limda simulyatsion texnologiyalardan foydalanishning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Chunki shifokor yoki tibbiyot xodimi murakkab tibbiy amaliyotni bevosita bemorda qo‘llashdan oldin uni simulyatsion muhitda takror-takror mashq qilish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa tibbiy xizmat xavfsizligi va sifatini oshirishning muhim omillaridan biridir.
Akademiya zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan. Xususan, bu yerda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Edge Medical” jarrohlik robotining o‘rnatilishi tibbiy ta’lim va yuqori texnologik jarrohlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Mazkur robotdan real klinik sharoitda yuqori aniqlikdagi jarrohlik amaliyotlarini bajarish, telemeditsina imkoniyatlarini kengaytirish va kelgusida masofaviy tibbiy xizmatlarni rivojlantirish uchun ham foydalanish mumkin.
Akademiyaning AQSHning Pittsburg va Germaniyaning Frayburg universitetlari bilan hamkorlik qilishi, xalqaro o‘quv kurslari, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, telemeditsina va raqamli ta’lim texnologiyalarining joriy etilishi Qoraqalpog‘istonda tibbiy ta’limni xalqaro tajriba bilan uyg‘unlashtirish imkonini beradi.
Orolbo‘yi mintaqasining o‘ziga xos ekologik va tibbiy xususiyatlarini hisobga olgan holda, Akademiyaning ilmiy tadqiqot salohiyatini kuchaytirish alohida ahamiyat kasb etadi. Hududda uchraydigan kasalliklarni chuqur o‘rganish, ularning oldini olish va davolashning zamonaviy usullarini ishlab chiqish nafaqat Qoraqalpog‘iston, balki mamlakat tibbiyot tizimi uchun ham muhim ilmiy-amaliy natijalar beradi.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning markazida doimo inson va uning salomatligi turishi kerak. Yangi tibbiy muassasalar, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion loyihalarning yakuniy samarasi fuqarolarga o‘z vaqtida, sifatli va xavfsiz tibbiy xizmat ko‘rsatilishida namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi faoliyati “Zamonaviy infratuzilma — ilg‘or texnologiya — malakali kadr — sifatli tibbiy xizmat” tamoyilining amaliy ifodasi bo‘la oladi.
Ishonchimiz komilki, Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasining to‘laqonli faoliyat yuritishi natijasida ilm-fan, ta’lim va klinik amaliyot o‘rtasidagi integratsiya yanada kuchayadi. Bu esa uzoq muddatda Orolbo‘yi aholisi uchun tibbiy xizmatlarning sifat va texnologik darajasini oshirish, tibbiy kadrlar salohiyatini mustahkamlash hamda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.