Qoraqalpog‘istonda “Media haftalik” muvaffaqiyatli yakunlandi
Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida besh kun davomida turli mavzulardagi seminar, trening va uchrashuvlarga boy tarzda o‘tgan “Media haftalik” muvaffaqiyatli yakunlandi.
Kontent markazi tomonidan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda Vazirlar Kengashi hamkorlikda tashkil etilgan mamlakatimizdagi yilning eng yirik va muhim ta’limiy-amaliy loyihasi doirasida Kontent markazi mutaxassislari, mamlakatimizdagi taniqli jurnalist va blogerlar tomonidan jurnalistika, raqamli media va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida muhim mavzular muhokama qilindi.
“Media haftalik”ning so‘nggi kunida axborot xizmati rahbarlari va xodimlari, hududiy telekanallarning hujjatli film tayyorlovchilari, vaynerlar va kontent yaratishga qiziquvchi yoshlar uchun ularning kasbiy faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiluvchi zamonaviy va dolzarb mavzularda treninglar tashkil etildi.

– Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan “Media haftalik” doirasidagi seminar-trening biz, matbuot xizmati xodimlari uchun juda muhim va amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi. Ushbu tadbir zamonaviy axborot siyosati, jamoatchilik bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, raqamli platformalardan unumli foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarimizni yanada boyitdi. Ayniqsa, amaliy mashg‘ulotlar va tajriba almashish jarayonlari orqali sohadagi dolzarb masalalarga yangi yondashuvlar shakllandi. Trening davomida mutaxassislar tomonidan ommaviy axborot vositalari qonunchiligi, faktcheking, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishga oid berilgan tavsiyalar va keyslar kundalik faoliyatimizda qo‘llash uchun juda foydali bo‘ldi. Bunday tadbirlar nafaqat kasbiy mahoratimizni oshiradi, balki axborot ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda mas’uliyatimizni yanada chuqur his etishimizga turtki beradi, – deydi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti matbuot xizmati rahbari Islam Matekov.

– Mazkur media haftalik biz uchun haqiqiy kasbiy o‘sish nuqtasi bo‘ldi. Bu yerda televideniye, bosma ommaviy axborot vositalari, matbuot kotiblari, umuman media sohasiga qiziquvchi ko‘plab yoshlar o‘rtasida ajoyib hamkorlik muhiti yaratildi. Kontent markazi tashkilotchilari bizga qulay o‘quv sharoitlarini ta’minlab, eng dolzarb bilimlardan foydalanish imkoniyatini taqdim etdi deyish mumkin. Biz kontent yaratish uchun zamonaviy texnologiyalardan qanday samarali foydalanish va bugungi sharoitda axborot xavfsizligini qanday ta’minlashni batafsil o‘rgandik. Muhimi, har bir mashg‘ulot hozirgi dolzarb muammolarga moslashtirilgan. Yetakchi blogerlar, inflyuyenserlar, ekspertlarning mashg‘ulotlari, tajriba almashish hamkasblarimizning ijodiy faoliyatiga kuchli turtki beradi. – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi axborot xizmati rahbari Bektursin Xojanov.
Kunning ikkinchi yarmida haftalik yakuniga bag‘ishlangan Media forum bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqanlar “Media haftalik” media sohasi vakillari uchun nafaqat bilim va tajriba manbai, balki tajriba almashish, yangi loyihalarni ilgari surishda ilhom maydoniga aylanganini alohida qayd etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Apparati axborot bo‘limi boshlig‘i Azamat Ajimuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm boshqarmasi boshlig‘i Bayram Qusekeyevning taqdimoti ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, Kontent markazi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar tanishtirildi. Ishtirokchilar tadbir yuzasidan o‘zlarining fikr-mulohazalarini hamda sohada uchrayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflarini bildirdi.
Yakunda seminarlarda faol ishtirok etgan tele, radio, gazeta jurnalistlari, blogerlar va media sohasi xodimlari hamda yosh ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan maxsus sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Qoraqalpog‘istondan boshlangan mazkur loyiha mamlakatimizning barcha hududida joriy yilning 26-iyunga qadar davom etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA