Qoraqalpog‘istonda ham test sinovlari davom etmoqda
Bugun mamlakatimiz bo‘ylab 2025-2026 o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish test sinovlari boshlandi.
Nukus shahridagi test sinovlari o‘tkaziladigan joylar qatorida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti sport majmuasida ham abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etmoqda. Bu yerda abituriyentlarning ota-onalari uchun kutish joyi, test jarayonini onlayn kuzatish imkoniyati, shuningdek, boshqa zarur sharoitlar yaratildi.
[gallery-24293]
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining sport saroyida ham oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun test sinovlari yuqori saviyada tashkil etildi. Ushbu jarayonning adolatli, shaffof va xavfsiz o‘tishini ta’minlash maqsadida oliy o‘quv yurti rahbariyati boshchiligida professor-o‘qituvchilar, test jarayonlariga biriktirilgan mas’ul xodimlar, volontyorlar faol ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, test sinovlari davomida jamoat tartibini saqlash, abituriyentlar va ularning yaqinlari xavfsizligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, test sinovlari kuniga ikki smenada – 1-smena 08:00 dan 11:00 gacha, 2-smena esa 15:00 dan 18:00 gacha bo‘lib o‘tadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida jami 32 ming 700 nafardan ortiq abituriyent ishtirok etishi kutilmoqda. Joriy yilning 22 iyul kunigacha davom etadigan test sinovlari to‘liq videokuzatuv orqali onlayn namoyish etilmoqda. Jarayonni test2025.uz sayti orqali onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratilgan.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA